Breaking News

O'zbekiston: Qozog'iston o'z muammolarini mustaqil hal qila oladi


Almatidagi namoyishlar, 5-yanvar, 2022
Almatidagi namoyishlar, 5-yanvar, 2022

O'zbekiston hukumati qo'shni Qozog'istondagi vaziyatdan xavotirda, beqarorlik tinch yo'l bilan tugaydi va zo'ravonliklarning oldi olinadi degan umidda. Toshkent rasmiy munosabatida "namoyish" yoki "norozilik" degan so'zlar yo'q.

Toshkentdan Tashqi ishlar vazirligi bildirishicha:

"Qardosh Qozog‘istonda kechayotgan so‘nggi voqealar O‘zbekistonda xavotir bilan qabul qilinib, ushbu mamlakatdagi vaziyat rivoji diqqat bilan kuzatib borilmoqda.

Ishonchimiz komil, donishmand Qozog‘iston xalqi mamlakatda beqarorlik avj olishining oldini olishga, zo‘ravonlik va insonlar orasida qurbonlar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslikning uddasidan chiqadi.

Qozog‘iston xalqi o‘zaro hamjihatlikni saqlash, mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni tiklash hamda yuzaga kelgan muammolarni o‘zi mustaqil hal qilish uchun yetarli qatʼiyat va irodaga egaligiga ishonamiz.

O‘zbekiston Qozog‘iston xalqi va rahbariyatining mamlakat barqarorligi hamda ravnaqi, millat farovonligini taʼminlash yo‘lida olib borayotgan saʼy-harakatlarini cheksiz qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlaydi."

Norozilik chiqishlari avj olar ekan, Qozog'istonda hukumat yangilanishini e'lon qildi. Elboshi Nursulton Nazarboyev Davlat xavfsizligi kengashi raisligidan ketgan. Prezident Qosim-Jo'mart To'qayev uning o'rnini egallagan.

Qozog'istonda mobil aloqa va internet cheklangan. Xalqaro tashkilotlar, xususan inson huquqlari himoyachilari aloqa va axborot oqimiga to'siq qo'ymaslikka, fuqaro erkinliklarini hurmat qilishga undamoqda.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisi, Polsha Tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau Qozog'istondagi norozilik namoyishlaridan ko'z uzmayotganini aytib, Qozog'iston hukumati va undan g'azabdagi ommani masalalarni tinch yo'l bilan hal etishga undamoqda.

Rau urg'uni demokratik jarayonlarga berib, inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilishga chaqirmoqda.

Barqarorlikni ta'minlashda muloqot muhim, deydi u, va bu butun Markaziy Osiyo uchun chuqur ahamiyatga ega.

Rauga ko'ra, u yetakchilik qilayotgan tashkilot Qozog'istonda siyosiy islohotlarni amalga oshirish, bu davlat Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi majburiyatlarni bajarishi uchun yordam berishga tayyor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG