Breaking News

Erdog'an: Tanlagan iqtisodiy yo'limizdan qaytmaymiz


Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an

Turkiya iqtisodiyoti og‘ir yilni boshdan kechirdi. Valyuta kursi keskin pasayishi ortidan inflyatsiya oshib ketdi. Mutaxassislarning ogohlantirishicha, Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an iqtisodiy siyosati va bahsli pul strategiyasini o‘zgartirmasa, vaziyat yanada yomonlashishi mumkin.

O'tgan hafta mamlakatning rasmiy Turkiya Statistika Instituti (TUIK) dekabrda inflyatsiya 36 foizga ko'tarilganini ma'lum qildi. Bu Turkiyada qariyb yigirma yil ichidagi eng yuqori ko'rsatkichdir.

Muxolifat partiyalarining ta'kidlashicha, haqiqiy vaziyat rasmiy raqamlardan ham yomonroq.

Turkiya Markaziy banki o‘tgan yili bir necha marta qayta moliyalash foiz stavkalarini pasaytirganidan so‘ng, Turkiya valyutasi, 2021-yilning so‘nggi haftalarida hukumat tomonidan e’lon qilingan chora-tadbirlar to‘plamidan keyin biroz tiklanganini hisobga olmasa, avvalgi qiymatining yarmidan ko‘prog‘ini yo‘qotdi.

Turkiya ichidagi va xorijdagi moliya mutaxassislari, shuningdek, muxolif faollarga ko’ra, Erdo‘g‘an Markaziy bank ishiga aralashib, foiz stavkalarini pasaytirishda davom etishni talab qilmoqda.

Aksariyat iqtisodchilar inflyatsiyaning o'sishini to'xtatish mumkinligiga ishonishadi. Buning uchun Markaziy bank foiz stavkalarini oshirishi kerak, deydi ular. Ammo Erdo‘g‘an bu strategiyani rad etib, aksincha, past foiz stavkalari inflyatsiyani pasaytiradi va o‘sishni rag‘batlantiradi, degan qarashda qat’iy turibdi.

Inflyatsiya yanada oshishi kutilyapti

Hukumat qulayotgan lirani himoya qilish maqsadida lira depozit egalarini valyuta qadrsizlanishi tufayli yuzaga kelishi mumkin bo'lgan yo'qotishlardan himoya qilish rejasini e'lon qildi. Shuningdek, dekabr oyida eng kam ish haqi 50 foizdan ko'proqqa oshirildi.

Hukumatning bunday sa'y-harakatlariga qaramay, Turkiya yilni elektr va tabiiy gazdan tortib, yo'l va ko'prik, taksi to'lovlarigacha bo'lgan narxlarni oshirish bilan boshladi. Tijorat iste'molchilari uchun elektr energiyasi narxi taxminan 125 foizga; turar-joy mijozlari uchun esa 50 foizga oshdi. Turkiyaning eng yirik shahri Istanbulda jamoat transporti narxi 30 foizdan oshib ketdi.

Erdo‘g‘an yaqinda eng yomoni ortda qolganini, hukumatning sa’y-harakatlari samarasini ko’rish vaqti kelganini aytdi. Biroq "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan ekspertlar bunga ishonmasligini aytadi.

Londondagi “BlueBay Asset Management” kompaniyasining rivojlanayotgan bozorlar bo'yicha suveren strategi Timoti Esh Turkiyadagi inflyatsiya kelgusi oylarda yana 50 foizdan oshishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Uning ta'kidlashicha, milliy valyutadagi nisbiy barqarorlik depozitlarni kafolatlash rejasi kabi ishonchni mustahkamlash choralari tufayli emas, balki davlat tomonidan valyuta intervensiyasi amalga oshirilgani natijasidir. Turkiya markaziy bankining dekabr oyi maʼlumotlariga koʻra, hukumat oʻz valyutasini qoʻllab-quvvatlash uchun taxminan 19 milliard dollar sotgan.

Esh taxminiga ko'ra, hukumat o'z valyutasini ushbu strategiya bilan uzoq vaqt himoya qila olmaydi.

Devordagi graffiti yozuv: "Boshpanali bo'lish maoshning aksariyatini ijaraga berish deganimi?" Istanbul, Turkiya, 2021-yil, 15-oktabr
Devordagi graffiti yozuv: "Boshpanali bo'lish maoshning aksariyatini ijaraga berish deganimi?" Istanbul, Turkiya, 2021-yil, 15-oktabr

"Turkiya Markaziy bankida cheksiz valyuta zaxirasi yo'q. Turkiyaning sof zaxirasi minus 60 milliard. Ular o'zlarida yo'q pullarni sarflamoqda", - deydi u.

Turkiyadagi yillik inflyatsiyani yuqori chastotali ma'lumotlardan foydalanib har kuni o'lchaganini aytgan Jon Xopkins universitetining amaliy iqtisodiyot professori Stiv Xanke fikricha, Turkiya kabi mamlakatlardagi vaziyatni to'g'ri prognoz qilish uchun standart tahlildan foydalanish qiyin. Bu yerda ulkan valyuta inqirozi mavjud va inflyatsiya juda yuqori darajada qolishi kutilmoqda, deydi u.

"Turkiya o'z yo'lini belgilamoqda"

Turkiya Markaziy banki o'tgan hafta eksportchilardan valyuta tushumlarining 25 foizini bankka liraga sotishni so'radi.

Xanke bu harakatni valyuta nazoratining birinchi ko’rinishi deb atadi va bu turk bizneslari hamda investorlarning ishonchini yo’qotish yo’lidagi "yomon belgi" ekanini aytdi.

Turkiya Moliya vaziri Nuriddin Nebati oʻtgan hafta hukumat inflyatsiyaga qarshi kurashni birinchi oʻringa qoʻyishini aytdi. U ayni paytda an’anaviy iqtisodiy siyosatdan voz kechilganini ta’kidlab, Turkiya iqtisodiy siyosatda oʻz yoʻnalishini belgilab olganini qoʻshimcha qildi.

Erta saylovlar o’tkazilishi mumkinmi?

Mutaxassislar 2022-yilda Turkiya siyosiy kun tartibida iqtisodiyot mavzusi ustunlik qilishda davom etishini aytib, iqtisodiy vaziyat erta saylovlar o’tkazish istiqbolini o’rtaga chiqarishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Turkiyada navbatdagi saylovlar 2023-yilda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ammo narxlarning ko‘tarilishi turklar hayotiga, oziq-ovqat narxlaridan tortib, dori-darmon va kommunal xizmatlargacha katta ta’sir ko‘rsatdi. Erdog'an obro’si iqtisodiy muammolar tufayli reytinglarda pasayib borar ekan, muxolif partiyalar bundan unumli foydalanib, amaldagi hukumatga bosimni oshirmoqda.

Iqtisodchi Eshning aytishicha, vaziyat haqiqatda juda tang va mamlakat o’z yo’lini o’zgartirmasa, bu og‘ir iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

“Afsuski, Turkiyadagi vaziyat tobora Argentina yoki Venesueladagi devalvatsiya-giperinflyatsiya ssenariysiga o‘xshab bormoqda”, - deydi u.

"Valyuta siyosati barqaror emas. Demak, Erdo'g'an yo yo'nalishini o'zgartiradi yoki saylovlarda mag'lub bo'ladi va yangi ma'muriyat kelib siyosatni o'zgartiradi. Ammo bu siyosatlar davom ettirilsa, Turkiya iqtisodiy va moliyaviy inqirozga yuz tutadi", - deydi Esh.

Erdo‘g‘on o‘tgan oy Turkiya o‘zining siyosiy va iqtisodiy kelajagini bundan buyon hech qachon Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi kabi global institutlarning tavsiyalariga topshirib qo’ymasligini aytgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG