Breaking News

Afg’oniston harbiy texnikasi O’zbekiston mulkiga aylanishi mumkinmi?


Kobul xalqaro aeroporti, 30-avgust, 2021
Kobul xalqaro aeroporti, 30-avgust, 2021

AQSh mudofaa vazirligi Afg’onistondan Markaziy Osiyoga olib chiqilgan harbiy samolyot va vertolyotlar, ular orasida AQSh afg’on hukumatiga taqdim qilgan texnikalar bo’lsa, Tolibon hukumatiga qaytarilmasligini aytdi. Toliblar biroz avval bu harbiy texnikalar saqlanayotgan O’zbekiston va Tojikiston hukumatiga ogohlantirish bilan chiqqan edi.

Afg’oniston sobiq hukumati qo’shinlari Tolibondan qochib, O’zbekiston va Tojikistonga o’nlab harbiy samolyot va vertolyotlarda borgan.

Toshkent hozirgacha Tolibon tomonidan bu harbiy samolyotlarni qaytarishga doir talablarga biror munosabat bildirmagan.

Pentagonga ko'ra, bu masala hali hal etilmagan.

Ismi ochiqlanmasligi sharti bilan gaplashgan o'zbekistonlik sharhlovchiga ko’ra, Tolibon bilan iliq munosabatdagi Toshkent uchun harbiy texniklarni qaytarishga doir ogohlantirish ancha kutilmagan voqea bo’lgan.

“Tashqi ishlar vaziri (Abdulaziz Komilov) bir necha bor Afg’onistonda bo’lib qaytdi. Toliblar delegatsiyasi O’zbekistonda qabul qilindi. Shunday bir vaziyatda Tolibonning bunday ultimatum bilan chiqishi rostdan hayratlanarli bo’ldi. Chunki bu hozirgi munosabatlar ruhiga zid bayonot. Qolaversa, bunday talab qanchalik huquqiy, siyosiy jihatdan to’g’ri. Tolibon hukumati hali tan olinmagan, terrorchi tashkilot sifatida hamon BMT ro’yxatida, ya’ni qonuniy emas. Bunday talabni esa xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan hukumat ko’tarishi mumkin”, - deydi suhbatdosh.

Tolbon Mudofaa vaziri Muhammad Yoqub "O'zbekiston va Tojikistonni sabrimizni sinamaslikka va bizni samolyotlarni qaytarib olish uchun barcha ehtimoliy choralarni ko'rishimizga majburlamaslikka chaqiramiz", - degan bayonot bilan chiqqan edi.

Bunday chaqiriq o’zbek jamoatchiligida jiddiy munozara qo’zg’adi, ammo hukumat hozirgacha bu masalada sukut saqlamoqda.

“Bilasizmi, bizda doim shunday bo’lib kelgan. Mana Lukashenko tomonidan bildirilgan ogohlantirishga ham oradan ikki-uch kun o’tib munosabat bildirildi. Bu yerda ham meningcha shunday, shoshilmasdan o’ylab ko’rilmoqda, zarar yetkazib qo’yishdan cho’chishyapti, javob berganda ko’ra, javob bermagan ma’qul deb o’ylahayotgandir. Chunki Afg’onistondagi vaziyat rostdan qaltis, va bu albatta ehtiyotkorlikka undaydi”, - deydi sharhlovchi.

Ayrim o'zbekistonliklar mamlakat chegaralarini buzib kirgan harbiy texnika musodara qilinishi, bu O’zbekiston mulkiga aylanganini ta’kidlashsa, boshqalar uni Afg’onistonga berish kerak degan mulohazalarni ham aytishadi.

“Amerika Ovozi” suhbatdoshi fikricha, bu samolyot va vertolyotlar O’zbekiston hududiga ruxsatsiz kirib kelgani haqiqatga yaqin.

“Bir tomondan bu texnika O’zbekistonga tegishli bo’lishiga doir iddaolarda ham jon bor, chunki ular chegarani noqonuniy kesib o’tishgan. Yana bu masalani huquqshunoslar sharhlagani ma’qul, ammo gap shundaki, ular chegarani buzib o’tgan va O’zbekiston bu mulkni ashyoviy dalil sifatida o’zida ushlab turishga haqli”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG