Breaking News

AQSh Ukrainadan elchixona xodimlari oila a'zolarini ko'chirishni buyurdi


Ukraina poytaxti Kiyev yaqinidagi Borispol xalqaro aeroporti, 2020-yil, 15-iyun

AQSh Kiyevdagi AQSh elchixonasi xodimlari oila a’zolarini AQShga ko’chirish harakatini boshlashi ortidan Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozep Borrel ittifoq Rossiya bilan ziddiyatli vaziyatda diplomatlarning oila a’zolarini Ukrainadan olib chiqish bo’yicha Qo‘shma Shtatlarga ergashmoqchi emasligini aytdi.

“Biz bu ishni qilmoqchi emasmiz, chunki aniq sabablarini bilmaymiz. Ammo kotib Blinken bizga ma’lum qiladi”, - dedi Borrel jurnalistlarga.

Ko‘p o‘tmay, Britaniya ham “Rossiyadan kelayotgan tahdidlarga javoban” o‘zining elchixonasi xodimlari va ular oila a’zolarining bir qismini Kiyevdan olib chiqib ketayotganini aytdi.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi AQSh qarorini tasdiqladi, ammo noroziligini bildirdi.

“Biz chet davlatlarning oʻz diplomatik vakolatxonalari xavfsizligini taʼminlash huquqini hurmat qilsak-da, bunday qadamni xom va haddan tashqari ehtiyotkorlik misoli deb hisoblaymiz”, deb yozdi dushanba kuni vazirlik matbuot kotibi Oleg Nikolenko.

Yakshanba kuni AQSh Davlat departamenti Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlari yuz berishi tahdidi tufayli AQShning Kiyevdagi elchixonasidan bir guruh xodimlar oila a'zolariga mamlakatni tark etishni buyurdi. Shuningdek, to'g'ridan-to'g'ri yollangan xodimlarga ixtiyoriy ravishda AQShga qaytishga ruxsat berildi.

Davlat departamenti, bundan tashqari, Ukrainadagi AQSh fuqarolariga tijoriy yoki boshqa transport vositalaridan foydalangan holda mamlakatni tark etishni tavsiya qildi.

Davlat departamenti Ukraina uchun 4-darajali ogohlantirishni qayta e'lon qilib, amerikaliklardan "Rossiyaning harbiy harakatlari va COVID-19 tahdidlari kuchayganligi sababli Ukrainaga sayohat qilmaslik"ni so’radi. Avvalroq ham COVID-19 sababli sayohat ogohlantirishi Ukraina uchun 4-darajada edi.

Davlat departamenti rasmiysining aytishicha, Ukraina chegaralari boʻylab, xususan, Rossiya tomonidan bosib olingan Qrim va Rossiya nazorati ostidagi Ukraina sharqida xavfsizlik bo’yicha vaziyat kutilmaganda yomonlashishi mumkin va buni oldindan aytib boʻlmaydi.

Rasmiyning qo’shimcha qilishicha, Rossiyaning Ukrainaga harbiy bosqini istalgan vaqtda yuz berishi mumkin va agar bosqin sodir boʻlsa, AQShning Kiyevdagi elchixonasida mamlakatni tark etishni xohlayotgan amerikaliklarga yordam berish imkoniyati cheklangan boʻladi.

Davlat departamenti rasmiylari Kiyevdagi elchixonada ishlayotgan amerikaliklar yoki Ukrainada yashovchi AQShliklar soni haqida aniq ma’lumot bermadi.

Davlat departamenti rasmiylarining aytishicha, bu choralar ehtiyotkorlik yuzasidan qabul qilinib, AQShning Ukraina hukumatini qo‘llab-quvvatlashiga hech qanday zarar yetkazmaydi va AQShning Kiyevdagi elchixonasi o‘z faoliyatini davom ettiradi.

Davlat departamenti, shuningdek, Ukrainadagi barcha AQSh fuqarolaridan Davlat departamenti zarur hollarda ular bilan aloqa o'rnata olishi uchun onlayn ma’lumotnomani to'ldirishni so'radi va bu, ayniqsa, Ukrainada qolishni rejalashtirgan fuqarolar uchun muhimligini aytdi.

Yakshanba kuni ertalab Blinken Ukrainaga qarshi Rossiya qo’llashi mumkin bo’lgan barcha ehtimoliy choralardan Vashington xabardor ekanini aytib, Sharqiy Yevropadagi keskinlikni yumshatish umidida Kreml bilan diplomatik muzokaralarni davom ettirayotganini ta’kidladi.

Ukraina Qurolli kuchlarining ko'ngilli harbiylar guruhi treningdan o'tmoqda, Kiyev, Ukraina, 2022-yil, 22-yanvar.
Ukraina Qurolli kuchlarining ko'ngilli harbiylar guruhi treningdan o'tmoqda, Kiyev, Ukraina, 2022-yil, 22-yanvar.

"Albatta, bu diplomatiya Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirish yoki boshqa yo'l bilan ular ishiga aralashish yoki aralashmaslik haqidagi yakuniy qaroriga ta'sir qilmasligi mumkin, - dedi Blinken “NBC” telekanaliga bergan intervysuida. - Ammo biz diplomatiyani imkon qadar davom ettirishimiz kerak, chunki bu ishni yakunlashning eng mas'uliyatli yo’li shu".

“CNN” telekanaliga bergan intervyusida Blinken Qo‘shma Shtatlar Moskvaga zudlik bilan jiddiy iqtisodiy sanksiyalar joriy etishi ehtimolini istisno qildi.

"Agar bu hozir amalga oshirilsa, - dedi Blinken ehtimoliy sanksiyalar haqida. – Ularni to’xtatib turuvchi vositani boy beramiz".

Ayova shtatidan respublikachi senator Joni Ernst Prezident Bayden ma'muriyatini Ukrainaga tahdidlar bo'yicha Rossiyaga nisbatan "tinchlantirish doktrinasi"ni qo’llayotganlikda aybladi.

"Sanksiyalarni hoziroq qo'llash kerak, - dedi Ernst. - Prezident Putin faqat kuch va qudratni tushunadi. Biz qat'iy qarorga ega bo'lishimiz kerak".

Blinken Rossiya Ukraina hukumatini moskvaparast ma'muriyat bilan almashtirishga intilayotgani haqidagi Britaniya razvedkasi hisoboti yuzasidan izoh berishni istamadi. Moskva esa bu da'voni rad etdi.

“Britaniya Tashqi ishlar vazirligi tarqatayotgan dezinformatsiya Ukraina atrofida ziddiyatni aynan anglo-saksonlar boshchiligidagi NATO davlatlari kuchaytirayotganiga yana bir dalildir, - dedi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova “Telegram” orqali bergan bayonotida. - Biz Britaniya Tashqi ishlar vazirligini provokatsion faoliyatni to'xtatishga, bema'ni gaplarni tarqatishni bas qilishga chaqiramiz".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG