Breaking News

Ocharchilik afg'onlarni o'z buyragini sotishga majburlamoqda


Buyragini sotayotgan afg'onlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:55 0:00

Buyragini sotayotgan afg'onlar

Yanvar oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Afg’oniston uchun 4,5 milliard dollarlik yordam yig’ish aksiyasini boshladi. Bu bir davlat uchun shu paytgacha e’lon qilingan eng katta yordam murojaati. Tolibon hokimiyatni qo’lga olgandan beri mamlakatga xalqaro yordam kelishi to’xtagan, natijada Afg’oniston iqtisodiyoti va aholi hayoti keskin darajada yomonlashgan. Ochlik ba’zi odamlarni hatto o’z buyragini sotishgacha majbur qilmoqda.

Fariba o’z uyida faqat yengil ishlarni bajara oladi. Ikki yil avval buyragini sotganidan beri sog’ligi yaxshi emas. O’tgan olti oyda oilasi uchun iqtisodiy vaziyat yanada yomonlashdi.

“To’rt-besh oydan beri erim ishsiz. Oilada yetti kishimiz va chaqaloq ham bor. Uni boqa olmayapmiz, chunki yeguligimiz yo’q. Uyni isitish uchun ham hech vaqomiz yo’q. Bolalar kasal”, - deydi ayol.

Tolibon hokimiyatga kelishidan oldin Faribaning turmush o’rtog’i kunlik mardikor sifatida ishlab, bir kunda uch dollardan ozroq pul topgan. Keyin esa shu ish ham topilmay qoldi.

Fariba buyragini 2000 AQSh dollariga sotdi. Pulning hammasi oilaning to’planib qolgan qarzini to’lashga ketdi.

Afg’onistonda bunday oilalar juda ko’p. Kamerada ko’rinishni istamagan erkak va ayollarning aksariyati tirikchilik uchun buyragini sotgan. Erkaklardan biri beshta aka-ukalarining barchasi shunday qilganini aytadi.

Hirotlik Allohnazar ham uch oy avval buyragini sotishga majbur bo’ldi. Videoda ko’rinish bergan erkaklarning barchasi faqat bir buyrak bilan yashamoqda.

“Hukumat o’zgarishi bilan hamma narsa qimmatlab ketdi. Mamlakatni tark etishni xohladik, ammo uddalay olmadik. Shu bois buyragimni sotishga majbur bo’ldim”, - deydi Allohnazar.

Uning chorvachilik fermasi bor edi. Ammo urushda bor-budidan ayrildi. Allohnazar urush tufayli uyini tashlab ketgan to’qqiz million afg’ondan biri.

Tolibon kelishidan oldin ham mamlakat xorijiy yordamga qaram va juda qashshoq edi. Bu yordamning to’xtatishi, mavhumlik tufayli ish o’rinlari va bizneslarning boy berilishi oxirgi olti oy ichida vaziyatni yanada yomonlashtirdi.

BMTga ko’ra, mamlakat aholisining yarmidan ko’pi ocharchilik bilan yuzlashmoqda. Natijada odamlar o’ta keskin choralarga qo’l urmoqda.

“Oilamni boqish uchun odamlardan qarz olgan edim. Lekin hatto akam ham menga pul bermay qo’ydi, chunki hammaning o’z ehtiyoji bor. Oilamga oziq-ovqat kerak. Bir qop unning narxi hozir 20 dollar. Oilamni boqa olmayapman. Bolalarim och qolmasin deb o’z tanamni qurbon qildim”, - deydi hirotlik Zaynulloh.

Faribaning xonadonida ahvol kundan kunga yomonlashmoqda. Oila nonushtada ham, kechki ovqat uchun ham quruq guruch yemoqda. Yordamdan umid uzilib borar ekan, u endi uchta qizining eng kenjasini sotish haqida o’ylanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG