Breaking News

Hisobchi firma: Trampning moliyaviy ma'lumotlari ishonchsiz


Donald Tramp qizi Ivanka Tramp bilan Viskonsin shtatida saylovchilar oldida, 2-noyabr, 2020

Bir necha yildan beri Donald Tramp va uning biznes imperiyasining moliyaviy hisobotlarini tayyorlab kelgan firma "Mazars USA"ga ko'ra, sobiq prezidentning bu boradagi hujjatlari ishonchsiz.

Ular nafaqat soliq boshqarmalariga topshirilgan, balki "Trump Organization" korporatsiyasi katta miqdorda kreditlar olishi uchun qo'llangan.

Nyu-York prokuraturasi ma'lum qilishicha, Tramp boyligi noto'g'ri ko'rsatilgani xususida isbot-dalillar mavjud.

Nyu-York Bosh prokurori Letisha Jyems deydiki, uning idorasi qo'lida Trampning golf klublari, osmono'par binolari va boshqa mulklari haqida ataylab egri hisobot berilgani, ularning qiymati bo'rttirilganini ayon etuvchi materiallar bor.

Jeyms qayd etishicha, "Mazar USA" ishi ham elakdan o'tkazilgan va uning faoliyatidan nuqson topilmagan. Hujjatlar qayerda kim tomonidan qay tarzda o'zgartirilgani aniqlanishi lozim.

"Mazars USA" advokati Uilyam Kelli "Trump Organization" yetakchi yuristi Alan Gartenga yo'llagan maktubida tashkilot qo'lidagi hisobotlarga tayanmaslikni maslahat beradi.

Donald Trampning Nyu-Yorkdagi osmono'par binolaridan biri
Donald Trampning Nyu-Yorkdagi osmono'par binolaridan biri

Kelliga ko'ra, "Mazars USA" unga yuklangan vazifani professional ravishda bajargan, ammo banklar va davlat organlariga berilgan hujjatlar izchil tekshirilganida ichidan ko'plab yolg'on topilgan.

Hisobchi firma Tramp kompaniyasi bilan hamkorlikni tugatgan.

"Mazars USA" advokatining yozishicha, gap aynan 2011-2020 yillardagi moliyaviy hisobotlari borasida ketmoqda. Firma Trampning 2021-yildagi soliq hujjatlarini tayyorlamagan.

Nyu-York bosh prokurori Tramp va uning farzandlari bilan savol-javob qilish maqsadida va buning uchun zarur choralar ko'rilishini bildirgan.

Nyu-York biznes yuragi hisoblangan Manhetten tumanida ham prokuratura Tramp biznes faoliyatini tekshirmoqda.

Trampning yuristlariga ko'ra, sobiq prezident nimaiki hujjat talab qilinsa, allaqachon taqdim etgan. Nyu-Yorkdagi jamiki mulklar, u hozir yashaydigan Florida shtatida nimalarga egalik qilishi hamda ularning qiymatlari oshkor qilingan, deydi advokatlar.

Tramp bu ma'lumotlar orqali yirik jurnallarda dunyoning eng boy odamlari qatorida yoritilishni istaydi. Buning uchun zarur axborot ularga ham yuborilgan.

(Ayrim ma'lumotlar AP agentlgidan)

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG