Breaking News

Reallikdan uzilgan? Putinning xatti-harakatlariga sobiq razvedkachilar bahosi


Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan oldin G’arbning amaldagi va sobiq ayrim rasmiylari Prezident Vladimir Putinning ruhiy holatini savolga tuta boshladi.

Ularning aytishicha, Putinning xulq-atvori, inqiroz haqida gapirish uslubi nimadir o’zgarganiga va bu o’zgarish uni yanada xavfliroq qilganiga ishoradir.

AQSh rahbari Jo Bayden Putinning Donetsk va Luganksni mustaqil davlatlar deb tan olgan nutqini “g’alati” va “buzuq” deya tasvirlagan. Davlat kotibi Entoni Blinken nazdida Putinning murojaati “chuqur tashvishga” molik edi.

Fransiyaning Vashingtondagi sobiq elchisi Jerar Arno esa haqiqatan ham “kishini hayratda qoldiradigan” gaplar deya, Putin “parallel dunyoda alahlayaptimi” degan savolni o’rtaga tashladi.

Boshqa kuzatuvchilar ham Putinni “quturgan” va “reallikdan uzilgan” deya atamoqda. Ilgarigi maxfiy razvedka hisobotlarida Rossiyaning 69 yoshli uzoq yillik rahbari shafqatsiz, ayyor, xavfli va tavakkalchilikka moyil deya ta’riflangani ma’lum.

“Oq sochlarim yillar davomida Rossiyadagi faoliyatimdan, xususan, Putin Rossiyasi bilan shug’ullanishdan”, - degan edi AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Vilyam Berns, o’tgan yili qonunchilar bilan savol-javobda.

Putin faoliyatini Davlat xavfsizlik qo’mitasida (KGB) boshlab, 1990-yilda podpolkovnik unvoni bilan iste’foga chiqqan. Keyinchalik u siyosatga kiradi va 1998-yilga borib, Rossiya Xavfsizlik xizmatiga (FSB) rahbar etib tayinlanadi.

Oradan ikki yil o’tib, Putin prezidentlikka saylangan. 2008-2012 yillarda bosh vazir bo’lganini hisobga olmaganda, u o’shandan beri prezidentlikdan ketgani yo’q.

“Putin Rossiyasini pisand qilmaslik har doim xato”, - deydi Berns.

“Vladimir Putin doimo sovuqqonlik bilan ishini bajaradigan KGB xodimi bo’lgan va o’zgargani yo’q, - deydi Daniel Xoffman, sobiq razvedkachi.

“U hali hech qanday xatoga yo’l qo’ygani yo’q”, - deydi u, Rossiyaning Checheniston, Gruziya, Qrim va Suriyadagi harbiy amaliyotlariga ishora qilib.

Xoffman kabi sobiq razvedka mulozimlari fikricha, o’sha amaliyotlardan ruhlangan Putin dunyoning hozirgi holatini hisobga olib, azaliy orzusini amalga oshirish uchun imkoniyat borligini anglagan.

“Putin o’z dunyoqarashini hech qachon sir tutmagan. O’zgarish shuki, u endi Ukrainaning 2014-yilda qo’lga kiritimagan qismlarini Rossiya nazoratiga olish salohiyatiga ega ekaniga ishonadi”, - deydi Mark Kelton, AQSh Kontrrazvedka xizmati rahbarining sobiq muovini.

U kabi mutaxassislarning aytishicha, AQShdagi siyosiy bo’linishlar va o'tgan yili Afg’onistondan qo’shinlar olib chiqilgani Putin uchun “Amerika zaifligi” nishonasidir. Har ikki holat Vashington ham, uning ittifoqchilari ham xorijiy mojarolarga aralashishni istamasligini ko’rsatadi.

Buning ustiga, deydi Kelton, Xitoy ham “umumiy dushman bo’lgan Amerikaga qarshilik ko’rsatishda” hozircha Moskva bilan hamnafas.

Kuzatuvchilarga ko’ra, sobiq razvedkachining ishonch bilan harakat qilishi uchun zamin yaratgan boshqa faktorlar ham bor.

“Putin uchun hokimiyat va qanday meros qoldirayotgani muhim. U jazo choralariga bardosh bera olishiga, uni to’xtatish uchun iroda yo’qligiga ishonadi”, - deydi Molli Makkyu, Gruziya prezidenti sobiq maslahatchisi.

Ayrimlar so’nggi kunlarda televideniye orqali murojaat qilgan Putinda o’zgarishlarni ko’radi.

“Uning tartibsiz, darg’azab nutqi meni hayratga soldi. Uni doim hamma narsadan xabardor, chuqur ma'lumotga ega deb hisoblaganman. O’zi razvedkada ishlagan. Qo’lida a’lo razvedka xizmati bor. Ukrainaning ham, AQShning ham bosib olish rejasi yo’qligini ular yaxshi biladi. U haqiqatan ham bema’ni gaplarga ishonadigan ko’rinadi”, - deydi AQSh Markaziy razvedka boshqarmasida Rossiya bo’limini boshqargan Jon Sayfer.

O’zgarishni boshqalar ham payqagan.

“[Nutqida] vahimali ohang, g’azab bor edi. Ilhomlantirish emas, tahdid qilish uchun qilingan murojaat edi. Qo’rqinchliroq ovozda gapirish uchun gavdasini, yuz ifodasini ham o’zgartirib turdi, - deydi siyosatshunos Seva Gunitskiy. Ko’rinishidan, Putin hammadan uzilib qolgan, uni o’rab turganlar esa agressiv va paranoik dunyoqarashga ega maxsus xizmatlar xodimlari”.

Jorj Vashington universitetida siyosatshunos Deyvid Sakonyi ham shu fikrda.

“Avtoritar liderlar ko’pincha shunday ahvolga tushadi. O’zgacha qarashlarga ishonishmaydi, quloq solmay qo’yishadi, o’z qobig’iga o’ranib oladi”, - deydi u.

Yana bir ehtimol shuki, deydi sobiq razvedkachilar, Putin ishonch va reja bilan harakat qilayotgan bo’lsa-da, aslida hafsalasi pir.

“U inqirozga turtki berdi, lekin nazarimda G’arb davlatlarining reaksiyasi u kutganidek bo’lmadi. Darg’azablik shundan”, - deydi Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq xodimi Pol Pillar.

Hammasi oldindan puxta o’ylangan bo’lishi ham mumkin.

“Agar G’arbda Putinni aqldan ozgan deb o’ylashsa, bu ham strategik ustunlik beradi. G’arb yetakchilari go’yo aqldan ozgan bu odamdan qo’rqib, inqirozni tugatish uchun Rossiya shartlariga ko’nib, yon berishi ehtimoli bor”, - deydi Pillar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG