Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 4-kun. Taraflar muzokaraga tayyor


Berlinda urushga qarshi namoyish
Berlinda urushga qarshi namoyish

Bugun Rossiya Ukrainada boshlagan harbiy harakatlarning 4-kuni. Ukraina hukumatiga ko’ra, mamlakat sharqida rus askarlari hujumida Axtirka shahrida 4 odam o’lgan.

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 4-kun
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:28 0:00

Prezident Vladimir Zelenskiy Rossiya harakatlarini o’ch olish va qatliom deb atadi.

“Hamma narsani o’z nomi bilan aytish kerak. Rossiyaning Ukrainaga qarshi jinoiy harakatlarida qatliom alomatlari bor. Bu haqda BMT bosh kotibi bilan gaplashdim. Rossiya yovuzlik yo’lidan ketyapti. Jahon hamjamiyati Rossiyani BMT Xavfsizlik Kengashida ovoz berish huquqidan ayirishi kerak”, - dedi u.

Zelenskiy uning mamlakati Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudga Rossiyaga qarshi da’vo ochganini bildirdi.

Tunda poytaxt Kiyev yana o’qqa tutilgan. Xarkov, Odessa, Sumi, Chernigov viloyatlarida janglar kechmoqda.

Urushga qarshi namoyishlar

Dunyo bo’ylab urushga qarshi norozilik namoyishlari davom etmoqda. Germaniya poytaxti Berlinda 100 mingdan ziyod odam ko’chaga chiqdi.

“Rossiyalik onalarga gapim shuki, erlaringizni, o’g’illaringizni uydan chiqarmang. Urushga borishiga yo’l qo’ymang. Hech kim bormasa, nima bo’lishini ko’rasiz. Rus onalar erlari va o’g’illaridan ayrilishni istmasligiga ishonchim komil”, - deydi berlinlik bir ayol.

Minglab odam Madridda ham namoyish qildi. Ispaniyada yashovchi ukrain jamoasi vakillari ayniqsa faol.

“Rossiya bilan bir bo’lishni istamaymiz. Mamlakatimizning mustaqil bo’lishini istaymiz. Yevropada bo’lishni istaymiz. Ukrainada rus tilida so’zlashishni xohlamaymiz. Putin bizni o’z holimizga qo’yishini xohlaymiz”, - dedi ulardan biri.

Namoyishlar AQShda ham bo’lib o’tmoqda. Eng ko’p ukrainlar yashovchi Chikago shahrida ular Ukraina madhiyasini kuylab, urushga qarshi shiorlar aytib, bir soatdan ortiq namoyish qildi.

Poytaxt Vashingtonda Oq uy qarshisidagi namoyishchilar AQSh hukumatini Ukrainaga yordamni kuchaytirishga chaqirdi.

Rossiyaning bir necha shahrida – Moskvadan to Sibirgacha aholi ko’chaga chiqib, urushga noroziligini bildirmoqda. Politsiya ularni ruxsatsiz namoyishda ayblab, qo’lga olmoqda. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, bugun 32 ta shaharda kamida 356 odam ushlangan.

Belarus chegarasida Ukraina-Rossiya muzokaralari

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko bugun Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qilib, uni Rossiya bllan muzokara boshlashga chaqirgan.

"Kecha oqshom menga qo’ng’iroq qilishdi. Kimligini aytmayman. Ukraina elitasidan. Ba’zilari meni ayblashga harakat qildi, ammo boshqalari o’rtada turib berishni so’rashdi. O’rtada turishga harakat qilayotganimni, ammo ular tomondan biror harakat ko’rmayotganimni aytdim”, - dedi Lukashenko.

Muzokaralarni Belarusda o’tkazish taklif etilgan. Rossiya delegatsiyasiga prezidentning yordamchisi, sobiq madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy boshchilik qiladi.

"Biz uchun har bir soat, har bir daqiqa muhimdir. Muloqot qancha erta boshlansa, shuncha yaxshi. Bu degani ukrainalik birodarlarimiz, oddiy fuqaro, askarlar hayoti saqlanadi”, - dedi Medinskiy.

Zelenskiy Belarus bilan chegarada muloqotga rozilik berdi va o’z delegatsiyasini yubordi.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kulebaning aytishicha, Kiyev vakillari Rossiya takliflarini tinglash uchun borgan, ammo Ukraina taslim bo’lish shartini qabul qilmaydi.

G'arb sanksiyalari kuchaymoqda

Bu o’rtada Rossiyaga G’arb bosimi kuchayib bormoqda. Yevropadagi mamlakatlar xalqaro sanksiyalarga tushgan rus banklarini SWIFT xalqaro to’lovlar tizimidan chiqarishga kelishdi. Iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalar natijasida rubl qiymati keskin tushib ketgan, bankomatlarda naqd pul kamomadi kuzatilmoqda, odamlar pul yechib olish uchun uzundan-uzun navbatlarda turishibdi.

Britaniya Tashqi ishlar vazirasi Liz Trassning aytishicha, London yangi sanksiyalar qo’yish uchun rus oligarxlari ro’yxatini tuzmoqda.

Germaniya Kansleri Olaf Shols esa Ukrainaga qurol berilishi, Ukraina qurolli kuchlarini qo’llab-quvvatlash uchun salkam 100 milliard yevro ajratilishi haqida ma’lum qilib, Germaniya mudofaasi uchun ham xarajatlar oshirilishini bildirdi.

“Bundan keyin yalpi ichki mahsulotning 2 foizidan ko’pini mudofaa uchun ajratamiz”, - dedi Shols parlamentdagi qonunchilarga.

Qo’shma Shtatlar ko’pdan beri Germaniyani shunga chaqirib kelayotgan edi. Xususan AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Oq uydagi faoliyati paytida.

Tramp urushda Baydenni ayblamoqda

Tramp Rossiyaning Ukrainadagi bosqinini qoralab, amaldagi prezident Jo Baydenni zaiflikda aybladi. Trampning aytishicha, agar u Oq uyda bo’lganida, urush ro’y bermas edi.

Sobiq rahbar Florida shtatida konservativ siyosiy harakat anjumanida so’zlab, 2024-yilda prezidentlikka nomzodini qo’yishi mumkinligiga ishora qildi, biroq ochiq tasdiqlamadi.

Unga ko’ra, Putin Baydenning zaifligidan foydalanib hujum boshlagan.

"So’nggi saylovimizda ovozlar soxtalashtirilmaganida va men prezident bo’lganimda bu dahshatli falokat yuz bermagan bo’lardi”, - dedi u.

Trampning aytishicha, Putin Jorj Bush prezidentligida Gruziyaga hujum qildi, Obama prezidentligida esa Qrimni olib qo’ydi.

“Men 21-asrda prezidentligi paytida Rossiya boshqa mamlakatni bosib olmagan AQShning yagona rahbariman”, - dedi u.

Rossiya yadro qurollarni shay holatga keltirmoqda

Bugun Rossiya Prezidenti Vladimir Putin NATOga a’zo ayrim mamlakatlar rahbarlarini uning davlatiga do’q-po’pisalarda ayblab, Rossiya yadroviy kuchlarini shay holatga keltirishni buyurdi.

AQSh bunga javoban NATO Rossiyaga tahdid emasligini bildirdi.

Yevropa Ittifoqiga a’zo ko’p mamlakatlar Rossiya bilan havo sarhadlarini yopgan. Kreml o’xshash choralar bilan javob qaytardi.

Aholi Ukrainani tark etmoqda

Ukrainadagi mojaro natijasida mamlakatni 300 minggacha odam tark etgani aytilmoqda.

Janglar kechmayotgan g’arbdagi Lvov shahri yonida yuzlab mashinalar chegara tomon yurishga harakat qilmoqda, biroq tirbandlikda turib qolgan. Bir ayolning aytishicha, kolonna 3 kundan beri bir joyda turibdi.

Ayollar va bolalar Ruminiya, Polsha, Slovakiya va Vengriyaga chiqib ketishga umid qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG