Breaking News

Tolibon aholi orasida uyma-uy yurib tintuv o'tkazdi


Tolibon askarlari, Kobul, Afg'oniston, 2021-yil, 19-avgust

Tolibon yakshanba kuni Kobul va uning atrofida uyma-uy yurib o’tkazgan munozarali qidiruv operatsiyasini himoya qilib, bu amaliyotdan maqsad jinoyatchilarni qo'lga olish va Afg'oniston poytaxtini qurolsizlantirish ekanini aytdi.

Tolibon hukumatining bosh so’zlovchisi Zabihulloh Mujohid, shuningdek, Afg‘onistonni tark etganlar uchun xorijda yashash sharoiti yaxshilanmaguncha boshqa afg‘onlarning mamlakatni tark etishiga ruxsat berilmasligini e’lon qildi.

Juma kuni boshlangan xavfsizlik amaliyoti, asosan, shahardagi turar-joylar va bir qancha qo'shni viloyatlarni o’z ichiga olib, aholi orasida vahima va noroziliklarga sabab bo'ldi.

Ayrim faollarning aytishicha, Tolibon jinoyatga qarshi kurash nomi ostida Afg‘onistonda tugatilgan sobiq hukumat xavfsizlik xodimlarini nishonga olmoqda. Boshqalar esa xavfsizlik kuchlarining "noto'g'ri xatti-harakatidan" shikoyat qilib, operatsiyani shaxsiy daxlsizik huquqining buzilishi deb atadi.

Yakshanba kuni Mujohid bu ayblovlarni Afg'onistondagi yangi hukmron tizim muxoliflarining targ'iboti sifatida rad etib, xavfsizlik kuchlari "juda ehtiyotkorlik bilan" ishlayotganini va ularning yagona vazifasi jamoat xavfsizligini ta'minlash ekanini aytdi.

“Biz koʻrgan oʻzgarishlardan soʻng, ushbu operatsiya yakunlangach, kelajakda bunday tadbirlarni oʻtkazishga hojat qolmaydi”, - dedi Mujohid poytaxtda uyma-uy tintuv oʻtkazish fuqarolar uchun odatiy holga aylanadimi, degan savolga javoban.

Uning ta'kidlashicha, ko'p odamlar o'z uylarida qurolga ega bo'lgan yoki saqlagan hamda operatsiya yakunlangach, hukumat xavfsizlik muassasalarining hushyorligi tufayli odamlar qurollarga osonlikcha erisha olmaydi.

"Inshoolloh, bu oxirgi operatsiya bo'ladi va xavfsizlikka olib keladi", - dedi u.

Mujohidning aytishicha, operatsiya "muvaffaqiyatli" o'tgan va tez orada yakunlanadi. Amaliyot davomida yuzlab yengil va og‘ir qurollar, jumladan, raketa va granatalar, 13 ta zirhli texnika va tonnalab portlovchi moddalar musodara qilindi, deya qo‘shimcha qildi u.

Matbuot kotibining aytishicha, oʻnlab qonunbuzarlar, jumladan, “Islomiy davlat” terrorchilik guruhining bir necha aʼzolari ham qoʻlga olingan va hibsga olingan.

Tolibon da'volarining to'g'riligini aniqlash qiyin bo'lsa-da, Kobul dunyodagi qurol eng ko’p tarqalgan shaharlardan biri hisoblanadi. Ba’zi aholi punktlari mashhur urush qo’mondonlari, giyohvand moddalar savdogarlari hamda ulkan korrupsiya ishlarida ayblangan sobir amaldorlar qurgan saroy uylar bilan mashhur.

“Turli etnik guruhlar vakillari va ayollarga nisbatan qo‘rqitish, uy tintuvlari o’tkazish, hibsga olish va zo‘ravonlik jinoyat hisoblanadi va zudlik bilan to‘xtatilishi kerak”, - deb yozdi Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo’yicha elchisi Andreas fon Brandt.

Evakuatsiyalar to’xtatiladi

Mujohid, shuningdek, yakshanba kuni Afg‘onistonni tark etmoqchi bo‘lgan oilalar endi buning uchun “qonuniy sabablar” ko’rsatishi talab qilinishini aytdi va Tolibon evakuatsiya jarayoni cheksiz davom etishini hech kimga va’da bermaganini ta’kidladi. Uning aytishicha, Tolibon Qatar va Turkiyada oʻn minglab afgʻonlar “juda yomon sharoitda yashayotgani” haqida xabarlar olgan.

"Avvaliga biz amerikaliklar o'zlari tashvishlanayotgan odamlarni olib ketishi mumkinligini aytgan edik. Lekin bu doimiy va'da emas. O'z xalqini himoya qilish hukumatning mas'uliyatidir, shuning uchun biz ularning hayoti xavf ostida qolmasligiga ishonch hosil qilmagunimizcha, bu evakuatsiyalar to'xtatiladi", - dedi Mujohid.

Kobulda G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hukumat va uning xavfsizlik kuchlari qulaganidan va Tolibon hokimiyatni qo‘lga kiritish uchun poytaxtga kirib kelganidan so’ng, avgust oyi oxirigacha 120 mingdan ortiq afg‘on va ikki fuqaroligi bor fuqarolar evakuatsiya qilingan edi.

Evakuatsiya qilingan odamlar, asosan, Amerika va ittifoqchi G'arb kuchlari qo’lida ishlagan. Tolibon qatag'onlaridan qo'rqib, bu afg'onlar ham AQSh va uning ittifoqchilari askarlari bilan birga Afg'onistonni tark etdi.

Sobiq hukumat davrida xorijliklar bilan ishlagan afg'onlarning noma'lum soni hanuzgacha mamlakatda va xavfsizlik nuqtai nazaridan ular mamlakatdan chiqib ketishga harakat qilmoqda. Tolibon yetakchilari Kobulni qo'lga kiritgandan so'ng darhol barcha afg'onlar uchun umumiy amnistiya e’lon qilib, sobiq hukumat uchun ishlagan hech bir fuqaro jazolanmasligini ma’lum qildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, o’tgan yili avgustdan beri sobiq hukumatga aloqador 100 dan ortiq odam, jumladan, harbiylar Tolibon tomonidan o'ldirilgan.

Ayollar huquqlarining cheklanishi davom etmoqda

Mujohidning aytishicha, afg'on ayollariga erkak vasiy hamrohlik qilmasa, xorijga chiqish taqiqlanadi.

Buyragini sotayotgan afg'onlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:55 0:00

"Bu islom shariati qonunining buyrug'i", - dedi u va Tolibon rasmiylari bu buyruq chet elda o'qish uchun stipendiya olgan ayollarga ta'sir qilmasligiga ishonch hosil qilish yo'llarini o'rganayotganini qo'shimcha qildi.

Guruh allaqachon ayollarga turli cheklovlar qo'ygan. Masalan, yaqin erkak qarindoshi hamroh bo’lmasa, ularga uzoq safarlarga chiqish taqiqlangan. Tolibon 1996-yildan 2001-yilgacha qilgan hukmronligi davrida ayollarning o‘qishi va ishlashi taqiqlangan edi. Toliblar bu safar talaba qizlarga universitetlarga qaytishga ruxsat berdi va barcha o‘rta maktab o‘quvchilari ham tez orada sinfxonalarga qaytishi haqida va’da berdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG