Breaking News

Urush qachon tugaydi?


Rossiya hujumiga uchragan aholi turar joyi. Kiyev, 14-mart, 2022.

Rossiya armiyasining Ukrainadagi harbiy zavodlarni nishonga olishi haqidagi e’loni Kiyev bo’ylab raketa zarbalari soni keskin oshishi bilan kuzatildi. Poytaxtdagi harbiy zavodlarning qanchasi o’qqa tutilgani noma’lum, ammo bu e’lon ortidan Kiyevning uchta tumanidagi turar joylar zarba ostida qoldi, tinch aholidan bir necha kishi qurbon bo’ldi.

15-martdan 17-martga qadar poytaxtda aholining ko’chaga chiqishini taqiqlovchi kommendantlik soati joriy qilindi. Havo hujumlari soni keskin oshishi ma’lum qilingan. Kiyev meri Vitaliy Klichko shaharliklarni, jumladan, poytaxtni tark etgan fuqarolarni ham qaytishga, Kiyevni himoyalashga chaqirmoqda.

Urush qurbonlari, ayniqsa, bolalar o’limiga doir vaziyat og’ir. Ukraina prokuraturasi urush har kuni 4-5 nafar bolani hayotdan olib ketayotgani, hozirgacha 100 dan oshiq bola halok bo’lgani, 100 dan ziyod bolalar turli darajada jarohatlanganini ta’kidlayapti. BMT ga ko’ra, tinch aholidan berilgan qurbonlar soni 700 dan oshgan.

Rossiya-Ukraina bitimga yaqinlashmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:01 0:00

Ammo Ukraina tomonining raqamlari bundan ancha ko’p. Qamaldagi Mariupol shahrining o’zida tinch aholidan berilgan qurbonlar bir necha mingdan oshgani aytilmoqda.

Rossiya tomoni fuqarolik obyektlari emas, harbiy inshootlar o’qqa tutilayotganini ta’kidlab keladi. Ammo halok bo’layotgan tinch aholi soni muttasil oshib bormoqda.

Urush maydonidagi vaziyatda Rossiya armiyasi sekinlik bilan siljishda davom etayotgani hisobga olinmasa, keskin o’zgarishlar yo’q. Bu siljish asosan Ukraina sharqidagi, xususan, tan olinmagan Donetsk va Lugansk hududlari bilan bog’liq.

Ukraina armiyasi aksariyat yirik shaharlar, Xarkov, Nikolayev, Odessa mudofaasini ushlab turibdi. Poytaxt Kiyev qurshovi davom etmoqda. Urush taktikasida o’zgarishlar kuzatilmoqda. Rossiya armiyasi shiddati sekinlashgan, Ukraina armiyasi mudofaada, ayrim holatlarda qisqa hujumlar bilan dushman armiyasiga talafot yetkazmoqda.

Ukraina tomoniga tayanilsa, Rossiya armiyasidan qurbonlar 13,5 mingdan oshgan. 20 kun davom etayotgan urush uchun bu o’ta jiddiy ko’rsatkich. Ammo bu raqamlarning haqiqatga mos yoki mos emasligi bahsli.

Avvalroq prezident Zelenskiy Ukraina armiyasi bergan qurbonlar sonini bir yarim ming atrofida baholagan edi. Rossiyaning Ukraina armiyasi talafotlari haqidagi hisoboti asosan yo’q qilingan harbiy texnika, inshootlar hisobotidan iborat. Prezident Vladimir Putin avvalroq rus armiyasidan berilgan qurbonlar sonini 500 ga yaqin deb aytgan edi.

Shiddatli urush barobarida tomonlar muzokarasi davom etmoqda. Ayni paytda videomuloqot shakliga ko’chgan bu muzokaralarga oid so’nggi xabarlardan kelib chiqilsa, natijalar bor. Munozara Ukrainaning neytrallik maqomi yuzasidan bormoqda.

Rossiya Ukraina tomoniga neytrallikning Avstriya yoki Shvetsiya modeli taklifi bilan chiqqanini bildirdi. Ukraina tomoni bunga javoban neytrallikning “ukraincha” modeli haqida muzokara borishi mumkinligini ta’kidlayapti.

Jamoatchilikka havola etilgan bu iqtiboslar ohangidan qat’i nazar, muzokaralarda siljish bor. Delegatsiyalar muhokamadagi masalalar yuridik nizomga tushirilayotganini ham ma’lum qilgan.

Bu esa bitim imzo uchun hozirlanayotganidan darak sifatida qabul qilinayapti. Ayni paytda bitim imzolanishi muddatiga doir taxminlar yuzaga chiqmoqda. Jumladan, bu ish shu yaqin ikki haftada amalga oshishiga doir farazlar ham mavjud.

Bu ehtimoldan qat’I nazar, davom etayotgan urush manzarasida harbiy harakatlar to’xtashi mumkinligiga doir aniq ishoralar haqida gapirish juda qiyin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG