Breaking News

Blinken Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada


AQSh davlat kotibi Abu-Dabi valiahd shahzodasi bilan Marokashda uchrashmoqda

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlariga safar qilgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning Isroil va Fors ko’rfazidagi ittifoqchi davlatlar rahbarlarini ishontirishicha, Eron yadro dasturiga doir xalqaro bitimning jonlanishi Tehronga kelajakda yadro qurolini yaratishga imkon bermaslikning eng yaxshi yo’lidir.

"Dunyoning bu qismida AQShning muhim manfaatlari va eng yaqin do’stlari bor. Qo’shma Shtatlar mintaqaga sarmoya qilishda, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika barqarorligi uchun muhim hisoblangan munosabatlarni kuchaytirishda davom etadi”, - dedi Blinken.

AQSh davlat kotibi hafta boshida Isroil, so’ng Marokashda bo’lib, bu mamlakatga borgan Abu-Dabi valiahd shahzodasi bilan uchrashdi. AQSh tahlilchilariga ko’ra, Rossiyaning Ukrainaga hujumi natijasida Shimoliy Afrikada oziq-ovqat tanqisligi kelib chiqishi mumkin.

“Oziq-ovqat va yoqilg’i narxlarining oshishi natijasida mintaqa hozirdanoq iqtisodiy va ijtimoiy bosimga uchrayapti. Bir necha yil oldin regionda kuzatilgan xalq qo’zg’olonlariga ham narx-navoning oshishi qisman sabab bo’lgan edi. AQSh diplomatik yo’l bilan hozir buning oldini olish harakatida o’z yordamini taklif etmoqda”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Brayan Katulis.

Isroilga tashrifi chog’ida Blinken azaliy ittifoqchisini Eronga doir yadroviy bitimning muhim ekaniga ishontirishga harakat qildi.

“AQSh nazarida, bitimning jonlantirilishi Eron yadro dasturini qutiga joylashning eng yaxshi yo’lidir. AQSh shartnomadan chiqishi ketidan dastur ham qutidan chiqib ketgan edi”, - dedi Blinken.

Yadroviy bitim 2015-yilda imzolangan va Eron yadro dasturini nazorat qilishga, cheklashga qaratilgan. Biroq AQSh sobiq prezident Donald Tramp foydasiz deb bilgan shartnomadan 2018-yilda chiqib ketdi.

Kelishuvni jonlantirish evaziga Eron Inqilob posbonlari korpusining AQSh terrorchilar ro’yxatidan chiqarilishini talab qilmoqda. Biroq Isroil va AQShdagi aksariyat respublikachi qonunchilar bunga qarshi.

“Bayden ma’muriyati buni faqat yadroga doir kelishuv deb ko’rsatishga harakat qilarkan, Eronning terror apparati, ballistik raketa, qanotli raketa, dron hamda mintaqada AQSh va Amerika ittifoqchilari xavfsizligiga tahdid solayotgan boshqa harbiy salohiyatini cheklamayapti”, - deydi “Demokratiyalar himoyasi uchun jamg’arma” eksperti Benham Ben Taleblu.

Eron bitimni jonlantirishga qaratilgan kelishuv muqarrar ekanini aytsa, AQSh rasmiylari hali ham muhokamatalab masalalar mavjudligini ta’kidlayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG