Breaking News

Urushda jurnalistga aylangan ukrainaliklar


Ukrainadagi og'ir vaziyatni yoritishda mahalliy mutaxassislarga talab katta

Bir yarim oycha oldin Yuliya Zubova Kiyevda eksportchi kompaniyaga ishlay boshlagan edi. Donetsklik 36 yoshli ayol nihoyat orzusidagi sohaga kirgan edi.

“Zamonaviy uy-ro'zg'or anjomlari ishlab chiqarib, chetga sotadigan biznesga joylashgan edim", - deydi Yuliya "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

24-fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi. Boshqalar singari u ham qochishga majbur bo'ldi.

Kiyevga yaqin bir joyda jon saqladi, yurtdoshlarining qutqaruv jarayonini tashkillashtirdi.

Keyin esa xorijiy media uchun yordam zarurligi haqida eshitdi.

“Tanishim Kiyevda chet ellik jurnalistlarga hamkor kerakligini aytib qoldi. Men uchun yaxshi imkoniyat bo'ldi".

Yuliya Zubova, Kiyev, 3-aprel, 2022
Yuliya Zubova, Kiyev, 3-aprel, 2022

Urush va mojarolarni yoritishda mahalliy yordamchilarning, fikserlarning roli beqiyos. Tegishli odamlar bilan gaplashish, zarur joyga borish, tarjima va logistika - bularni mamlakatning o'zidan chiqqan mutaxassislarsiz bajarish qiyin.

Odatda bunday vazifalarga o'sha yerlik jurnalistlar yollanadi. Biroq Yuliya uchun bu yangi bir dunyo. Ishni u urushda o'rganmoqda.

Ingliz tilini oz-moz bilgani qo'l kelmoqda. Kiyev va uning atrofi bilan ham ancha tanish.

“Birinchi mijozim amerikalik jurnalist bo'ldi. Fransiyada yashab, Britaniya gazetasiga xabar uzatadigan muxbir".

Talab shu qadar yuqoriki, deydi Yuliya, ko'plab chet elliklarni boshqa tanishlariga tavsiya qilmoqda.

Yuliya bu ish xavfli ekanini anglaydi. Ammo, hozir Ukrainada xavfsizlik degan narsa qoldimi? Hayot uchun kurash ketmoqda, deydi u.

Rossiya kuchlari aholini nishonga olmoqda, hech kimni ayamayapti.

Urushda o'lgan jurnalist Oleksandra Kuvshinova
Urushda o'lgan jurnalist Oleksandra Kuvshinova

Urush boshlanganidan beri bir necha jurnalist halok bo'ldi. Yaralangan muxbirlar ko'p.

24-yoshli Oleksandra Kuvshinova AQShning "Fox News" telekanaliga ishlayotganida o'ldirildi. Fotograf Piyer Zakrzevski ham u qatori 14-mart kuni jon berdi.

Media tashkilotlar o'z xodimlarini xavfsizlik treninglaridan o'tkazishi zarur. Mahalliy hamkorlar bilan yaqindan ishlab, qaynoq muhitda xabar yig'ib, uzatishga urinar ekan, talafotlarning oldini olish mumkin emas.

“Shuster Online" YouTube kanali bosh muharriri Darya Tarasova deydiki, jurnalistlarga ehtiyot bo'lishni tavsiya qilish o'rinsiz. U hozir "CNN" telekanali bilan ishlayapti.

15 yillik tajribaga ega Darya hukumat va jamiyat bo'yicha ekspert.

“Dunyo ahli Ukrainadagi haqiqatni bilishi kerak. Qo'ldan kelgancha, harakat qilayapmiz”, - deydi u.

Londonda asoslangan "Frontline Club" Ukrainada mustaqil jurnalistlarga trening taklif qiladi.

Britaniyalik fotojurnalist Pol Konroy bu dasturga bosh-qosh. Uning hisobicha, Ukrainada hozir 3000 ga yaqin frilanser, ya'ni mustaqil muxbirlar yuribdi.

“Ko'plari umrida urush ko'rmagan. Ukrainaga yetib borish qiyin emas, Yevropaning yuragi. Shunday ekan, kim qiziqsa va istasa, o'sha yerda", - deydi Konroy.

"Frontline Club" ularga tahlika ichida ishlash sirlarini o'rgatmoqda. Darslar virtual.

Konroy Suriyadagi urushni yoritgan. Mahalliy xodimlarsiz jurnalistlik qilish qanchalik aziyatli ekanini biladi.

“Ularsiz chet el mediasi xabar uzata olmaydi”, - deydi fotojurnalist. "Sizga mahalliy sharoitni biladigan, yangilik qayerda ekanidan voqif odamlar zarur".

Axborot agentliklari, deydi Konroy, fikserlarsiz hech narsa yig'a olmaydi.

39 yoshli Oleksiy Mujchina "Al Jazeera" telekanali bilan hamkorlik qilib, mamlakatini yangidan o'rganayotganini aytadi. Hayoti tahdid ostida ekanini biladi, lekin mamnun.

“Trening kerak ekan, aks holda ham o'zimizning jonimiz ham, biz bilan ishlayotgan xorijliklarning ham joni qil ustida".

Urushdan oldin Oleksiy Xarkovda marketing menejer edi. Hozir esa u shahridagi ahvolni jahon e'tiboriga olib chiqishda jonbozlik ko'rsatmoqda.

Oleksiy fikricha, xalqaro media tashkilotlar o'z xodimlarining xavfsizlini ta'minlash majburiyatida, xoh mahalliy, xoh chet ellik.

Yuliya Zubova uchun esa eng asosiysi, Ukrainada tinchlikka erishish. Urushdan keyin ham u jurnalistikada qolmoqchi.

“Yangi ishim jonu dilim. Odamlarning dardini olib chiqish - eng qiziq ish ekan".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG