Breaking News

Qozog'istonga ko'chayotgan rossiyaliklar nima bilan band?


Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Ukrainada urush boshlangandan beri Qozog‘istonga 130 mingdan ortiq rossiyalik ko‘chib o‘tgan. Ularning o‘n mingdan ortig‘i Qozog’iston shaxsiy identifikatsiya raqamini olish uchun murojaat qilgan. Bu raqam bankda hisob raqami ochish va mahalliy sim-kartani qayddan o‘tkazish uchun kerak bo’ladi. 1055 nafar rossiyalik Qozog‘istonda uzoq vaqt qolishga qaror qilib, yashashga ruxsatnoma so‘rab ariza bergani ma’lum. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Peterburglik Stanislav Kurganskiy Qozog’istonda uzoq vaqt qolishga qaror qilgan rossiyaliklardan biri. U Rossiya Ukrainaga hujum qilgan ilk kunlardayoq mamlakatdan ketish lozimligini tushunganini aytadi. Bosqin ortidan darhol Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar oqibatida o‘z vatanimda biznes yuritish uchun imkoniyat qolmadi, deydi u.

Kurganskiy onlayn-savdo bilan shug‘ullangani bois chet eldan keltiriladigan mahsulotlar va xalqaro to‘lov tizimlariga butunlay bog’liq edi.

U Qozog‘iston shimolidagi, Rossiya chegarasiga yaqin Petropavlovsk shahriga ko‘chib keldi. Joy tanlovini u o‘zi ko‘nikkan til muhitida yashash istagi bilan izohlaydi. Shimoliy Qozog‘istonda aksar aholi aynan rus tilida so‘zlashadi.

“Relokatsiya bo‘yicha ko‘plab chatlar paydo bo‘ldi. Shundan xulosa qilish mumkinki, juda ko‘p kichik tadbirkorlar, ancha-muncha IT sohasi mutaxassislari – global bozorda autsorsing asosida ishlaydigan odamlar hozir Qozog‘istonga kelishyapti”, - deydi Kurganskiy.

Iqtisodchi Arman Beysembayev fikricha, Qozog‘iston yuzaga kelgan bu vaziyatdan foydalanib qolishi kerak. U rossiyaliklar mahalliy aholining ish joylarini tortib olmasligiga ishonadi, chunki deydi u, kelayotganlar o‘z biznesiga ega yoki yuqori texnologiya sohalarida ishlashadi, yo bo‘lmasa chet el shirkatlarining buyurtmalarini bajarib berishadi. Ayniqsa, yirik xorijiy biznesning Qozog‘istonga ko‘chib o‘tishi juda foydali bo‘lishi mumkin, deydi u.

“Masalan, bu shirkatlarni taklif qilib shunday deyish kerak: “Biz sizga soliq va majburiy to‘lovlardan imtiyozlar beramiz, ishni boshlaysizlar, ammo mahalliy xodimlar bo‘yicha kvota kiritamiz. Bemalol ishlayverasiz, soliq imtiyozlariga ega bo‘lasiz, ammo bitta sharti – xodimlaringizning 30 foizi qozog‘istonlik mutaxassislar bo‘ladi”, – deya tushuntiradi iqtisodchi.

Ayrim IT shirkatlari va banklar allaqachon tadbirkorlik jarayonining bir qismini Rossiyadan Qozog‘istonga ko‘chirishga qaror qilgan. “InDriver” xalqaro yo‘lovchi tashish xizmati ham idorasini Qozog‘istonga ko‘chirdi. Dasturiy ta’minot ishlab chiqarish bilan shug’ullanuvchi “MNG Partner” o‘zining 250 dan ziyod xodimini ushbu mamlakatga olib kelmoqda. Rossiyaning yirik “Tinkoff” banki ham Olmaotada ishlanmalar markazini ochmoqda.

  • 16x9 Image

    Ozodlik

    "Ozodlik" radiosi Pragada asoslangan multimedia axborot manbai. Asosiy maqsadi - axborot oqimi va inson huquqlari cheklangan jamiyatlarga, xususan Markaziy Osiyo mamlakatlariga, ishonchli informatsiya olib kirish.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG