Breaking News

Urush zonasidagi surxondaryolik yigitlardan hanuz darak yo’q


“Amerika Ovozi” Ukrainadagi urushda yo’qolgan surxondaryoliklarga doir vaziyatni kuzatishda davom etmoqda. Kiyevning Bucha tumanida izsiz yo’qolgan bu yigitlarga doir qo‘shimcha ma’lumotlar aniqlandi.

Surxondaryoliklar Kiev va Kiyev viloyati bo’ylab shaurma, lavash tayyorlash va sotish bilan shug’ullangan. Bu tarmoqda 50 dan oshiq o’zbekistonlik, aksariyati Surxondaryodan bo’lgan yigitlar ishlagan.

Ukrainada daraksiz yo’qolgan o’zbekistonliklar taqdiri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:19 0:00

Ularning asosiy ishxonasi 9 nafar vatandosh yo’qolgan Jitomir trassasi yaqinidagi Buzovaya qishlog’ida joylashgan.

Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlayotganda Kiyevda ishlayotgan yigitlar ham shu qishloqda, shu hovlida to’planishadi. Lvov tomon yo’lga chiqishga qaror qilishadi.

Ijaraga olingan hovlining egasi Aleksandr Gaydeyevning ta’kidlashicha, hovlida dastlab 20 dan oshiq o’zbekistonliklar yashab, ishlagan. Urush ortidan Kiyevdagi shoxobchalarda ishlagan o’zbeklar ham kelishgan. Hammasi bo’lib 50 dan oshiq o’zbekistonlik to’plangan.

Bu guruhning katta qismi, 40 nafardan oshiq o’zbekistonlik ikkita mikroavtobusda Lvov tomon yo’lga chiqishadi. Bedarak qolayotgan 9 nafar yigit esa bu avtobusga sig’maydi. Shu sabab ular boshqalardan ajrab, Buzovaya qishlog’ida bir muddat qolishadi.

Buzovaya mahalliy kengashi deputati Valentino Kostenko hududiy mudofaa vakillari bilan birgalikda o’zbekistonliklar yashab turgan uyga borgan, ularning hujjatlarini tekshirgan, jumladan ayni paytda bedarak qolayotgan yigitlarning hujjatlarini ham. Ammo unda nima sababdan bu yigitlar urush paytida katta yo’lga chiqishgani yuzasidan biror taxmin yo’q.

Buzovaya qishlog’i atrofida otishma boshlanar ekan, yigitlar qishloq yaqinidagi katta yo’lga, Jitomir trassasiga chiqishadi. Trassadagi blokpostda hududiy mudofaa tomonidan tekshiriladi. Buni Buzovaya qishloq kengashi rahbari Lyudmila Zakabluk tasdiqladi.

U blokpostda ushlangan o’zbekistonlik yigitlarni xavfsiz joyga ko‘chish lozimligidan, og’ir janglar kutilayotganidan ogohlantirgan. Lyudmila Nikolayevnaga ko’ra, blokpostdagi o’zbekistonliklar 9 kishi emas, balki 8 nafar, hammasi yosh yigitlar bo’lgan. Ularning keyingi taqdiri haqida u biror ma’lumotga ega emas.

Xullas, yigitlar noma’lum sabablarga ko’ra, Buzovaya qishlog’idan 4-5 chaqirim uzoqlikdagi Kolonshina qishlog’iga borishadi, u yerda taxminan 3-4 mart kunlarigacha yashashadi. Qishloq atrofida urush avj olishi ortidan Kiyev yoki Lvovga jo‘nashga qaror qilishadi.

Qishloqdan katta yo’lga, Jitomir trassasiga chiqishlari ortidan ular bilan aloqa uziladi.

Yaqinda daraksiz qolayotgan surxondaryoliklardan biri aloqaga chiqqani, noma’lum joyda hibsda ekanliklari haqida ma’lumot qoldirgani yuzasidan xabarlar tarqaldi.

Ukrainadagi surxondaryoliklar, xususan, Buzovaya qishlog’idagi ishchilarga rahbarlik qilgan Asqar Odilovga ko’ra, yo‘qolgan yigitlarning ikki oy davomida daraksiz hibsda saqlanishi ehtimoldan yiroq. Uning aytishicha, hozircha yigitlarning daraksizligidan boshqa ma’lumot aniq emas.

Ukrainada yo’qolgan o’zbekistonliklar taqdiri Kiyevdagi elchixona tomonidan o’rganilayotganiga doir ma’lumotlar bor. Tashqi ishlar vazirligi bu borada hozirgacha biror rasmiy bayonot bermagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG