Breaking News

Afg’oniston shimolida Tolibon va qarshilik fronti o’rtasida janglar


Ahmad Mas’ud boshchiligidagi Afg’oniston Milliy qarshilik fronti Bag’lon viloyatining Andarob tumanida Tolibon bilan to’qnashuvlar yuz berganini bildirmoqda. Har ikki tomonda talafotlar bor.

Front so’zlovchisi Sibg’atullah Ahmadiyga ko’ra, to’qnashuvlar natijasida mahalliy qo’mondon Asadulla Andarobiy va uning to’rt jangchisi halok bo’lgan.

“Tolibon o’lganlar jasadini Dehsaloh tumani bozorida namoyishga qo’ygan. Hanuz ularni dafn etishga ruxsat berishmayapti”, - deydi Ahmadiy.

Milliy qarshilik fronti toliblarga og’ir talafot yetkazilgani, harakat a’zolaridan 17 nafari o’lgani, bir nechasi jarohat olganini da’vo qilmoqda. Otishmalar to’rt kundan beri davom etayotgani aytiladi.

Tramp ma’muriyatida xavfsizlik bo’yicha maslahatchi bo’lib ishlagan Jon Bolton deydiki:

“Panjsher vodiysi va Afg’oniston shimolidagi boshqa hududlarda Tolibondan ozod qilingan joylar borligi haqida xabarlar paydo bo’lmoqda. Albatta, vaziyat o’zgaruvchan. Umid qilamanki, bu faqat boshlanishi”.

Manbalarga ko’ra, Tolibon Bag’longa yangi kuchlar safarbar etgan va vertolyotlar orqali ayrim hududlarni bombadirmon qilgan. Ammo ikki kun avval Tolibon rasmiylari Andarob tumanida otishma ro’y bergani borasidagi iddaolarni rad etgan edi.

Milliy qarshilik fronti vakillariga ko’ra, Tolibon ushbu hududga 3000 ga yaqin harbiy yuborgan. “Qonli to’qnashuv yuz berishi ehtimoli kuchli”, - deydi ular.

Ahmad Mas’ud rahbarligidagi guruh Panjsher, Bag’lon, Kopiyso va boshqa bir qator viloyatlarda Tolibonga qarshi jang qilmoqda. Mazkur viloyatlarda davom etayogan janglar bois Tolibonning yuqori martabali rasmiysi ushbu joylarga safar qilgan. Tolibon aksar hollarda to’qnashuvlarni rad etib kelmoqda.

Bolton fikricha, Tolibon harakati aslida zaif.

“Hozirgi Tolibon 2001-yil 11-sentabr voqealaridan keyin ag’darilgan tolibondan zaifroq. Ularga qarshilik kuchayib boraversa, kurash uncha uzoq davom etmasligi, tashqaridan hech kimning aralashuvi ham talab etilmasligi mumkin”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG