Breaking News

AQSh sayyohlarga eshiklarni kengroq ochmoqchi


Ozodlik haykali, Nyu-York, 9-mart, 2020
Ozodlik haykali, Nyu-York, 9-mart, 2020

AQSh Tijorat vazirligi 13-iyun kuni xalqaro turizmni jonlantirishga doir yangi strategiyani e’lon qiladi. Maqsad COVID-19 pandemiyasi sharoitida xorijdan sayyohlarni qabul qilishga nisbatan cheklovlar tufayli zaiflashgan turizm sohasini qayta tiklash.

“Sayohat va turizm milliy strategiyasi” 2027-yilga kelib yiliga 90 million xalqaro sayyohlarni jalb etishga qaratilgan. Turizmdan yillik tushum 279 milliard dollarni tashkil etishi ko’zlangan.

“Ko’plab sanoatlar pandemiya davridan sezilarli zararsiz o’ta oldi, biroq sayohat va turizm sohasi bundan mustasno”, - deydi Tijorat vaziri Jina Raymondo.

“Reuters” axborort agentligining yangi strategiya qoralamasiga tayanib ma’lum qilishicha, hukumatdan sayohat va turizm sohasini qayta tiklash, uning turli faktor va sharoitlarga bardoshliligini oshirish uchun dadil qadamlar tashlash talab etiladi.

2019-yilda AQShga 79,4 million sayyoh kelgan. Pandemiya avjiga ko’tarilgan 2020-yilda bu ko’rsatkich 19,2 millionga tushib qolgan. 2021-yilda esa mamlakatga 22,1 million turist tashrif buyurgan.

Tijorat vazirligining bildirishicha, 2019-yilda turistlar mamlakatda 239,4 milliard dollar sarflagan. Bu ko’rsatkich 2020-yilda 81 milliard dollarni tashkil etgan.

Pandemiyadan avval turizm mamlakatda 9,5 million ish o’rnini dastaklagan.

Yangi strategiya AQShga sayyohlarning kirib kelishi va mamlakat bo’ylab sayohat qilishiga doir rasmiyatchilikni modernizatsiya qilishni nazarda tutadi.

“AQShga kirish jarayonlarini soddalashtirish lozim. Bu jarayon nihoyatda og’ir va qog’ozbozlikka tayangan. Protsedura ko’proq raqamlashtirilishi kerak”, - dedi vazir Raymondo.

Strategiya, shuningdek, AQShning sohilda joylashgan shtatlaridan boshqa hududlarda ham turizmni rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, turizmning iqlim o’zgarishiga ta’sirini kamaytirish, ushbu sohani tabiat, salomatlik va iqlimga aloqador tahdidlarga bardoshliligini oshirishga qaratilgan.

AQSh hanuz o’z chegaralarida xorij fuqarolaridan vaksina va koronavirusga qarshi test natijalarini talab qilmoqda. AQSh aviakompaniyalariga ko'ra esa ular xizmat ko’rsatayotgan qariyb barcha mamlakatlarda hozirda test natijalari talab etilmaydi.

Raymondo COVID-19 testi turizm yo’lidagi to’siqlardan ekanini tan oladi, biroq bu talab qachon va qay tarzda bekor qilinishiga oydinlik kiritmadi.

“Turizm rasmiylaridan bunday e’tirozlarni ko’p eshitdim va prezidentga yetkazdim”, - deydi vazir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG