Breaking News

Tahlikali zamon prezident muddatini nollashtirishni talab qilmoqdami?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

O’zbekiston konstitutsiyasini isloh qilish bo’yicha tashkil etilgan komissiya bir oyga yetmasdan o’z ishini yakunladi. Konstitutsiyaviy o’zgarishlar bo’yicha qonun loyihasi Oliy Majlisga taqdim qilingan.

Qonun loyihasi taqdimoti mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning konstitutsiyaviy islohotlar bo’yicha komissiya a’zolari bilan o’tgan uchrashuvi ortidan kuzatilmoqda.

20-iyun kuni o’tgan bu uchrashuvda Mirziyoyev konstitutsiyaviy o’zgarishlarni referendum orqali qabul qilish taklifini olg’a surgan edi.

Qonunchilik palatasiga taqdim qilingan qonun loyihasi hozircha jamoatchilikka taqdim qilinmagan, ammo gap amaldagi konstitutsiyaga yuzdan oshiq o’zgartirishlar kiritish haqida bormoqda.

Konstitutsiyaviy islohotlar bo’yicha komissiya faoliyati bir oyga yaqin davom etdi.

Hozircha O’zbekistonda yangi konstitutsiya qabul qilinadimi yoki faqat o’zgarishlar bilan cheklaniladimi, degan savol ochiq qolmoqda.

Aksariyat jamoatchilik uchun konstitutsiyaviy o’zgarishlarga qanday zarurat borligi hamon mavhum.

Buni komissiya a’zolari bilan uchrashgan Mirziyoyevning o’zi ham ta’kidlab o’tdi:

“Ayrim yurtdoshlarimiz, hatto ba’zi olimlarimiz ham Konstitutsiyamiz zamonaviy demokratik talablarga javob beradi-ku, unga o‘zgartirish kiritishga ehtiyoj bormi, degan savolni o‘rtaga qo‘ymoqda”.

Mirziyoyev amaldagi konstitutsiya bo’yicha tuzilgan komissiya a’zosi bo’lganini eslatar ekan, bosh qonun barcha talablarga javob berishini, ammo zamon tahlikali ekani haqida ogohlantirdi:

“Hozirgi tahlikali zamon, yon-atrofimizdagi murakkab vaziyat ona Vatanimiz taqdiriga yanada ulkan mas’uliyat bilan yondashib, kechiktirib bo‘lmaydigan strategik qarorlar qabul qilishni taqozo etmoqda”.

Mirziyoyev konstitutsiyaviy islohotlar prezidentlik muddatini nollashtirishni nazarda tutayotgani, bu shaxsan unga tegishli bo’lishi yoki bo’lmasligi haqida hech narsa demadi.

Senat raisi o’rinbosari Sodiq Safoyevning mulohazalariga tayanilsa, o’zgarishlardan kutilayotgan asosiy maqsad prezident vakolatlarini nollashtirish bo’ladi.

Safoyev “Kun.uz” nashriga bergan intervyusida konstitutsiyaviy islohotlar prezident muddatini nollashtrishini, ammo Prezident Mirziyoyev bu imkoniyatdan foydalanib, o’z nomzodini yana prezidentlikka suradimi yoki yo’qmi, buni bilmasligini aytgan edi.

Safoyev bu intervyusida mamlakatda yangi Konstitutsiya qabul qilinishi haqida gapirdi.

O’zbekiston konstitutsiyasiga bungacha ham o’zgartirishlar kiritilgani, ammo yangi konstitutsiya haqida gap bormagani inobatga olinsa, katta ehtimol bilan Mirziyoyev taklif qilayotgan referendumga aynan shu savol chiqarilishi mumkin.

Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihasi parlamentdagi fraksiyalar tomonidan muhokama qilinayotgani xabar qilinmoqda.

O’zbekiston parlamentida muxoliflik maqomidagi siyosiy partiyaning o’zi yo’qligi inobatga olinsa, qonun loyihasi taqdim etilgan shaklda qabul qilinishi, konstitutsiyaviy o’zgarishlar prezidentlik muddatini nollashtirishini tasdiqlab berishi kutilyapti.

Amaldagi konstitutsiya va saylov qonunchiligiga ko’ra, O’zbekistonda bir shaxs ikki muddatdan ortiq prezidentlik qilishi mumkin emas.

Shavkat Mirziyoyev ayni paytda ikkinchi muddatga prezidentlik qilmoqda, o’tgan yil oktabr oyida o’tgan saylovda 80 foiz ovoz bilan g’alaba qilgan edi.

Mirziyoyevning konstitutsiyaviy islohotlar orqali uchinchi muddatga o’z nomzodini surishi jamoatchilikni larzaga ketiruvchi voqelik bo’lishi mumkin, deydi “Amerika Ovozi” gaplashgan faollar.

Konstitutsiyaviy islohotlar Mirziyoyev vakolatiga xizmat qiladimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:06 0:00

O’zbekistondagi siyosiy maydonga mustaqil partiya orqali kirish uchun kurashayotgan siyosatchi Xidirnazar Olloqulov Prezident Mirziyoyev konstitutsiyaviy islohotlarni suiiste’mol qilgan taqdirda, xalq ko’chalarni to’ldirib o’z huquqlarini himoya qilishiga ishonishini aytadi.

Prezidentlik uchun kurashish maqsadidagi yana bir siyosatchi Jahongir Otajonovga ko’ra, Mirziyoyevning uchinchi muddati Karimov siyosatining butkul qaytishini anglatadi. Xalq tazyiqlarga asoslangan yangi tuzum shakllanishiga tayyor turishi kerak, deydi u.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG