Breaking News

Vashington manfaatlar yo’lida Tolibon bilan dialogni tiklamoqda


Qabila va diniy liderlar kengashi yig'ilishida ko'chani qo'riqlayotgan Tolibon xizmatchisi. Kobul, 29-iyun, 2022.

AQSh Tolibon liderlari bilan diplomatik muzokaralarni yangilash tashabbusini ilgari surar ekan, “sof izolyatsiya” Vashington maqsadlarini amalga oshirish uchun kamlik qilishini aytmoqda.

Tolibon va AQSh o’rtasida dialoglar uzilib qolganiga uch oydan oshdi. Pauzadan keyin Qatarning Doha shahrida kechadigan ilk muzokaralarda AQSh delegatsiyasiga mamlakatning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Tomas Vest boshchilik qilishi kutilmoqda.

Tolibon o’smir qizlarning ta’lim olishini taqiqlagani ortidan Vashington mart oyida Tolibon bilan muzokaralarni to’xtatgan edi.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Praysning izohlashicha, Vashington Afg’onistondagi mafaatlari uchun kurashni kuchaytirishga ahd qilgan. Xususan, terrorizmga qarshi kurash, inson huquqlarini ta’minlash, maktablarni qayta ochish hamda Tolibon hukumatni egallagunga qadar AQSh boshchiligidagi xalqaro kuchlarga xizmat qilgan afg’onlarning mamlakatdan xavfsiz chiqib ketishiga sharoit yaratish masalalariga alohida urg’u berilmoqda.

“Ushbu manfaatlar yo’lida muzokaralarga kirishayapmiz. Sof izolyatsiya siyosati bilan maqsadga erisha olmaymiz. Biroq muzokaralar Tolibon va uning hukumatini rasman tan olish sifatida baholanmasligi kerak. Bu joriy reallik taqozosi bilan AQSh manfaatlariga erishishi uchun tashkil etilayotgan dialog o’laroq ko’rilishi lozim”, - dedi Prays.

Vestga muzokaralarda AQSh Moliya vazirligi hamda Xalqaro taraqqiyot agentligi rasmiylari hamrohlik qilishi rejalangan.

Afg’oniston tomonidan esa Tolibon tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiyga Moliya vazirligi va Markaziy bank rasmiylari hamrohlik qilishi kutilmoqda.

Afg’onistonda uzoq yillik urush, qurg’qochilik va zilzila ortidan kuchaygan inqiroz va ocharchilik fonida Vashington rasmiylari Tolibon bilan ushbu mamlakatning AQShda muzlatilgan aktivlarini Afg’oniston Markaziy bankiga qaytarish masalalarini muhokama qilmoqda.

AQSh Prezidenti Jo Bayden fevral oyida muzlatilgan 7 milliard dollarning yarmini Tolibon hukumati manfaatlariga xizmat qilmaydigan tartibda afg’on xalqiga yetkazish to’g’risida farmon bergan edi.

AQSh sudlari 11-sentabr terakti qurbonlari oilalarining moliyaviy kompensatsiya da’vosini ko’rib chiqar ekan, qolgan 3,5 milliard dollarni yetkazilgan zararni qoplashga sarflashni rejalagan.

Siyosiy doiralarda 2001-yilda mamlakatni boshqargan Tolibon terakt boshchisi Usama bin Ladenni AQShga topshirmagani bot-bot yodga olinmoqda.

Tolibon “Al-Qoida” liderini himoya qilib, Afg’oniston hududidagi faoliyatiga imkon yaratgan. Teraktdan bir necha hafta o’tib, AQSh boshchiligidagi koalitsiya Tolibonni hokimiyatdan ag’dargan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG