Breaking News

"SpaceX"da ishlagan o'zbekistonlik muhandis kelajak dgivatellarini yaratmoqchi


"SpaceX" raketasi uchun dvigatel yasagan o'zbekistonlik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:46 0:00

Maqsud Ismoilov asli toshkentlik. Bugun u AQShda kosmik kemalar uchun dvigatel ishlab chiqaruvchi “Rocket Propulsion Systems” kompaniyasining egasi. Orzusi Sietldan Toshkentgacha bo’lgan 24 soatlik sayohat vaqtini 45 daqiqaga tushirish.

“Men O‘zbekistonning Toshkent shahrida tug‘ilganman. 16 yoshimda Rossiyaga ko‘chib o‘tdim va Bauman nomidagi Moskva davlat universitetiga o‘qishga kirdim”, - deydi u.

Maqsud bu universitetda olti yil davomida raketalarni boshqarish va raketasozlik bo'yicha o'qidi hamda o'qishni tugatgandan so'ng AQShga ko'chib o'tdi. Dastlab Michigan shahrida yashadi. Bu yerda u o’ziga mos ish topa olmadi.

“Birinchi ishim shinalar do‘konida bo‘lgan. Men shinalar bo'yicha texnik bo'lib ishlaganman, mashinalarning ballonlarini almashtirardim. Bu orada men muhandislik ishlariga hujjat topshirdim. Nihoyat, Xyustondagi kichik bir kompaniya meni qabul qilishga qaror qildi. Bu uch kishidan iborat kichik startap edi. Men uchinchi odam bo’lganman. Vazifam kelajakda dengiz floti kemalarida ishlatiladigan ichki yonuv dvigatelini loyihalash edi”, - deydi u.

Maqsud o’z bilim va malakasini yanada oshirish maqsadida AQShda doktorlik darajasi uchun o’qishini davom ettirishga qaror qildi.

“Kosmik dvigatellar bo’yicha AQShdagi oltita eng nufuzli joyga hujjat topshirdim. Shunday eng yaxshi maktablardan biri Perdyu universiteti. Bu yerga meni qabul qilishmasa kerak, deb o’ylagandim. Omadim kelib, raketa dvigatellari bo'yicha eng yaxshi maktablardan biri mening arizamni qabul qildi va u yerda doktorlik ishimni boshladim. Mening ishimga mamlakatda raketa dvigatellari bo’yicha eng obro’li Stiv Xayster rahbarlik qildi”, - deydi u.

Maqsud raketa dvigatellari harakatini barqarorlashtirish ustida izlanish olib bordi.

"Mening vazifam ba'zi yangi g'oyalarni amalda sinab ko’rish va shu maqsadda eksperimental tadqiqotlar qilish edi", - deydi u.

Uning tadqiqotari muvaffaqiyatli kechdi va 2008-yilda u shtab-kvartirasi Vashington shtatining Kent shahrida joylashgan “Blue Origin” aerokosmik kompaniyasida amaliyot o'tash uchun taklif oldi. O'sha yilning yozini u shu kompaniya bilan o’tkazdi.

“Stajirovkaning oʻzi raketa dvigatelini qanday barqaror qilish haqida bo’ldi, bu men ixtisoslashgan mavzu edi. Ikki yil oʻtib, men doktoranturani tugatishim arafasida “Blue Origin” men bilan bogʻlandi va menga toʻliq ish taklif qilishdi. Men “BE3” dvigatelini loyihalash bilan shug'ullanadigan jamoada ish boshladim. Bu yuk tashuvchi raketalarni kosmosga olib chiquvchi yangi dvigatel edi. Hozirgi kunda siz mashhur odamlarni quyi orbitaga olib chiqayotgan raketalarni televizorda ko'ryapsiz. Ikki yildan so'ng men guruhimni o’zgartirib, “BE4” raketa dvigatelining dizayni ustida ishlayotgan jamoaga qo’shildim. Bu dvigatel Mars va Oyga hamda uzoq kosmik yo'nalishlarga uchadigan katta raketani quvvatlash uchun ishlatiladi”, - deydi muhandis.

Bu orada Maqsud Marsga uchish missiyasi ustida ishlayotgan “SpaceX” kompaniyasidan taklif oldi. Bu yeda u “Raptor” dvigatelini loyihalash ustida ish boshladi.

"2014-yilda men Kaliforniyada joylashgan “SpaceX” kompaniyasiga ko'chib o'tdim. Men birinchi “Raptor” dvigateli prototipini yaratgan boshlang'ich guruhning a’zosi edim. Men raketa dvigatelini loyihalashni boshlagan o'sha dastlabki jamoadagi besh kishidan biri bo’lganman. O'sha vaqt mobaynida ushbu qurilmalarni sinab ko'rish uchun mamlakat bo'ylab NASAning turli sinov maydonlariga ko'p sayohat qildim. O’z ishlarimizni sinab ko'rish va ishlab chiqish uchun NASA sinov maydonlarida uch yil vaqt o'tkazdim”, - deya xotirlaydi u.

Maqsud “SpaceX” kompaniyasida to'rt yil ishladi. 2017-yil oxirida “Microsoft” kompaniyasi asoschilaridan biri Pol Allen o‘z raketasini yasashga va koinotga uchishga qaror qildi. U bu raketani “Stratolaunch” deb nomlangan ulkan samolyotga o’rnatish niyatida edi. Bu havo kemasi, asosan, ikkita katta reaktiv samolyotning birlashmasidan iborat bo’lishi rejalangan edi va uning o'rta qanotida raketani kosmosga uchirish maqsad qilingan. “ SpaceX”da ishlab yurganimda ular menga murojaat qilishdi”, - deydi Maqsud.

2018-yilda u “Stratolaunch” kompaniyasida ishlash uchun Sietlga qaytib keldi. Bu yerda bir yil ishladi va keyin kutilmagan fojia yuz berdi: kompaniya asoschisi Pol Allen saraton kasalligiga chalinib, olamdan o’tdi. Bu Maqsudning rejalari va karyerasi uchun ham jiddiy zarba bo’ldi. U bundan buyon nima qilish haqida uzoq o’ylandi. Nihoyat 2019-yilda o'z biznesini boshlashga qaror qildi.

“Men Ilon Mask, Jef Bezos va Pol Allen uchun raketalarni loyihalashtirayotganimda samolyotlarda oddiy insonlar parvozi bilan bog‘liq muammolarni yechish haqida o’ylardim. Masalan, Sietldan Toshkentga uchadigan bo'lsam, u yerga yetib borishim uchun bir kun kerak bo'ladi. Kamida bir kun. Men buni 2014-yildan beri o‘zgartirish haqida o’ylayman. Mavjud samolyotlarga raketa dvigateliga o’xshash texnologiya o’rnatilsa, ularning atmosferadagi parvozini tezlashtirish mumkinmi, degan savol ustida ishlashni boshladim", - deydi Maqsud.

U o'z kompaniyasini oddiy yo'lovchining hayotini osonlashtirish uchun muhim bo’lgan oddiy g'oya bilan boshladi: Toshkentga borish uchun ketadigan 24 soatlik parvoz vaqtini 45 daqiqaga tushirish. U ayni paytda bunday parvozlarni arzonlashtirishni ham maqsad qilgan.

“AQShda o'z kompaniyangizni ochish juda oson. Siz qilishingiz kerak bo'lgan yagona narsa biznes litsenziyasiga ariza berish va joylashgan manzilingiz haqida hukumatni xabardor qilish. Undan keyingi eng katta masala – biznesni qanday yuritish. Har qanday boshqa biznes egasi kabi, siz birinchi 3-4 oy davomida o'z pulingizni sarflashingiz kerak. Biz ham shunday qildik. Bu ish bir kishi bilan boshlandi va bu yagona odam o’zim edim. Biznesim uyimdagi yotoqxonalaridan birida boshlandi”, - deydi u.

Uning eng katta yordamchisi oilasi va rafiqasi bo’ldi. Boshida turmush o’rtog’im mening eng katta qo’llab-quvvatlovchim bo’ldi, deydi u. Kompaniya rasman ish boshlagach, Maqsud hukumat grantlari uchun ariza berdi.

“Federal hukumatda hal qilinishi kerak bo'lgan texnologik muammolar bor. Ular so'rovlar deb ataladigan g'oyalar ro'yxatini chiqaradi. Har yili bir yoki ikki marta shunday ro’yxatlar chiqadi. AQShdagi har bir agentlik mana shunday innovatsion tadqiqotlar dasturiga ega. Masalan, Mudofaa vazirligi, NASA, Energetika vazirligi shunday dasturlarga ega”, - deydi u.

Dastlabki uch oy davomida uning kompaniyasi NASA dasturlariga ariza topshirdi. Maqsud qisqa parvozlar uchun mo’ljallangan kosmik samolyot dvigatellariga oid loyiha bo’yicha o’z takliflarini bildirdi.

“Bu bizning kompaniyamiz ishtirok etayotgan birinchi hukumat loyihasi edi. Biz muammoni qanday hal qilish bo'yicha yechim taklif qildik. NASAga vodorod bilan ishlovchi yuqori tezlikdagi ichki yonuv dvigateliga oid muammoni hal qilish bo’yicha taklif berdik va ularga yechimimiz yoqdi. Keyingi uch yil davomida shu masala ustida ishladik", - deydi kompaniya egasi.

Shuningdek, ular Milliy Ilm-fan jamg’armasi bilan hamkorlik qilmoqda. Ushbu tashkilot yangi innovatsion loyihalarga sarmoya kiritadi. Maqsud ayni paytda kosmosga parvozlarni qanday qilib arzonroq qilish ustida ham ishlamoqda.

Fazo yangiliklari: Sun’iy yo’ldoshlar, Xitoy marsoxodi, SpaceX
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:37 0:00

“Sun’iy yo‘ldoshlarni tashuvchi kichik raketalarni kosmosga olib chiqishni qanday qilib yanada samaraliroq qilish mumkin? Kichik, yuqori sifatli hamda ishonchli va arzon raketa dvigatelini yaratsak, bunga erishish mumkinmi? Shu savollar ustida ishlayapmiz”, - deydi Maqsud.

Hozirda Maqsud Ismoilovning kompaniyasi NASA va Milliy Ilm-fan jamg’armasi bilan birgalikda ikkita yirik loyiha ustida ishlamoqda. Jamoada hozir sakkiz kishi mehnat qilmoqda va xodimlar soni bu yil sayin ortib bormoqda.

“Boshqa odamlarga, xususan, muhandislarga aytmoqchi boʻlgan gapim shuki, har doim yaxshi oʻqish imkoniyati boʻlsa, buni qo’ldan chiqarmang. Chunki muhim pallalarda menga sertifikatlarim va diplomlarim yordam berdi. Katta g'oyalardan voz kechmang. Bir paytlar Toshkentda, O‘zbekistonda oddiy bir yigit bo‘lganimni eslatmoqchiman. Hozir qariyb 40 yoshdaman va o‘zimning raketalar ustida ishlaydigan kompaniyam bor. AQShda hamma narsa mumkin, imkonsiz narsaning o’zi yo'q. Orzuni katta qilishdan cho’chimang", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG