Breaking News

AQShda qator harbiy bazalar nomi o'zgaradi


Shimoliy Karolinada Konfederatsiya generali nomi bilan atalgan Fort-Breg bazasi endi Fort-Liberti nomini oladi.

Yosh qora tanli ofitser Troy Mosli 1995-yil Jorjiya shtatidagi Fort-Benning harbiy bazasiga kelib, 31 yoshida 300 kishilik qismga qo‘mondonlik qilgan edi. Quldorlikni saqlab qolish uchun kurashgan general nomidagi bazada xizmat qilish unga erish tuyuldi.

"Bu mag'lubiyatga uchragan Konfederatsiyaga, olijanob mag'lubiyatingiz uchun qandaydir hurmat va sharafga ega bo'lishingizga imkon beramiz, degandek gap, - deydi hozir iste'fodagi podpolkovnik va yozuvchi Mosli. - Ammo qora tanli amerikalik va qora tanli armiya ofitseri sifatida men his qilgan narsa shuki, mening bu yerdagi ishtirokim unchalik mazmunli yoki muhim emas edi, go’yoki meni nomiga taklif qilishgan va aslida meni haqiqiy ma’noda qabul qilishmagan".

Oradan 20 yil o’tib, Fort-Benning va Fuqarolar urushida Qo'shma Shtatlarga qarshi kurashgan Konfederatsiya generallari nomi bilan ataladigan Amerika janubidagi yana sakkizta harbiy obyekt nomi o’zgaradigan bo’lyapti. Kongress tomonidan tuzilgan komissiya bazalar uchun yangi nomlarni taklif qildi.

Fort-Benning Koreya va Vyetnam urushlarida qatnashgan general-leytenant Xel Mur va uning rafiqasi Juliya sharafiga Fort-Mur deb ataladi. Tanlov jarayonida ba'zilar Fort-Benning nomini Koreya va Vyetnamda xizmat qilgan birinchi afro-amerikalik to'rt yulduzli general Rosko Robinson Jr. sharafiga o'zgartirishni taklif qildi. Moslining fikricha, nom berish komissiyasi ehtimoliy e’tirozlarning oldini olish uchun bu taklifdan voz kechgan.

Armiya inshootlariga berilayotgan yangi nomlar turli toifadagi insonlarni, shu jumladan, ayollar, afro-amerikaliklar, ispanzabon va tubjoy amerikaliklarni o’z ichiga oladi.

Virjiniya shtatidagi Fort-Li bazasi Konfederatsiya qo'shinlari qo'mondoni general Robert E. Li nomi bilan atalgan. Endi unga Koreya va Vyetnamda xizmat qilgan iste'fodagi general-leytenant Artur Gregg va Ikkinchi Jahon urushida xizmat qilgan podpolkovnik Charity Adams sharafiga Fort-Gregg-Adams nomi beriladi. Ularning har ikkisi qora tanli amerikalik bo’lgan.

Konfederatsiya generali Jon Bell Gud nomi bilan atalgan Texas shtatidagi Fort-Hud birinchi ispanzabon amerikalik, to'rt yulduzli general Richard E. Kavazos sharafiga Fort-Kavazos deb o'zgartiriladi.

Virjiniyadagi yana bir Fort-A.P.Xill bazasi endi Fort-Uokerga aylanadi. Uoker AQSh armiyasining birinchi ayol jarrohi bo’lgan. U Fuqarolar urushidagi xizmatlari uchun "Shon-sharaf" medalini olgan.

Virjiniya shtatidagi Fort-Pikett shu paytgacha Konfederatsiya general-mayori Jorj Pikett nomi bilan atalgan. Endi u Ikkinchi Jahon urushidagi qahramonliklari uchun “Shon-sharaf” medalini olgan tubjoy amerikalik texnik, serjant Van T. Barfut sharafiga Fort-Barfut nomini oladi.

“Menimcha, ular yangi nomlar bilan harbiy qadriyatlarni aks ettirishga harakat qilmoqda va bu qadriyatlardan biri xilma-xillik hamda bo‘linmalar hamjihatligidir. Bizda har xil turdagi odamlar armiyada xizmat qilmoqda”, - deydi Virjiniya Hamdo'stligi universitetining nafaqadagi professori Jeff Saut.

Konfederatsiya arboblari nomi bilan atalgan Mudofaa vazirligining boshqa inshootlari nomi ham o'zgartirilishi mumkin. Komissiya 750 dan ortiq harbiy obyektlar nomini, jumladan, ko'chalar va belgilarni o'zgartirish masalasini ko’rib chiqmoqda.

Nomlarni o'zgartirish bo'yicha komissiyaning yakuniy hisoboti oktabr oyida Kongressga taqdim etiladi. 2021-yilgi Mudofaa qonuniga muvofiq, Mudofaa vaziri Lloyd Ostin komissiya tavsiyalarini 2024-yil yanvarigacha bajarishi kerak.

"Kongress, ayniqsa, Vakillar Palatasi va Senatni kim nazorat qilishiga qarab, oraliq saylovlardan keyin masala bo’yicha fikrini o’zgartirishi mumkin, degan fikr bor. Demak, bu hali toʻliq yakunlangani yoʻq. Ammo bu avvalroq ikki partiya tomonidan ma’qullangan chora bo’lgani bois Kongress nomni o‘zgartirish komissiyasi takliflarni tasdiqlaydi, degan qarash kuchli”, - deydi Saut.

O'z navbatida, Mosli harbiylar nihoyat xilma-xillikning strategik, operatsion va amaliy ahamiyatini tan olganidan xursand ekanini aytadi.

“Biz bir xil qolib, bir vaqtning o'zida yaxshiroq bo'la olmaymiz. Yaxshilash o'zgarishlarni talab qiladi va menimcha, qabul qilingan o'zgarishlar harbiylarning yanada inklyuziv tashkilot bo'lishi uchun xizmat qiladi”, - deydi u.

“Biz bir xil qolib, bir vaqtning o'zida yaxshiroq bo'la olmaymiz. Yaxshilash o'zgarishlarni talab qiladi va menimcha, harbiylar yanada inklyuziv tashkilot bo'lish uchun qabul qilgan o'zgarishlar ularni yanada yaxshilashga xizmat qiladi”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG