Breaking News

Belarusning quvg’indagi jurnalistlari haqiqatni fosh qilmoqda


Belarusda so'z erkinligi uchun namoyish. Arxiv.
Belarusda so'z erkinligi uchun namoyish. Arxiv.

Tahririyatga uyushtirilgan reydlar, vebsayt bloklanishi va jurnalistlarning vatanni tashlab ketishga majbur bo’lgani Belarus mustaqil surishtiruv markazining faoliyatini to’xtata olmadi.

2018-yilda asos solingan markaz tahliliy axborot, dezinformatsiya va korrupsiyaga qarshi kurashga ixtisoslashgan.

Nufuzli sovrinlarga loyiq ko’rilgan markaz jurnalistikasi farmatsevtika sanoatidagi korrupsiya, neft eksporti bo’yicha sanksiyalarga zid jarayonlar va oligarxlarning ko’chmas mulklarga doir yashirin xatti-harakatlarini fosh qilgan.

Aprel oyida Belarus surishtiruv markazi Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani yoritish loyihasida ishtirok etdi.

Loyiha global tizimi so’nggi yillarga doir eng shov-shuvli mavzular, xususan, “Panama hujjatlari”dan sizdirilgan ofshor kompaniyalariga doir dalillar hamda dunyo bo’ylab jurnalistlar, dissidentlar va huquq faollarini ta’qib qilishga xizmat qilgan “Pegasus” kuzatuv dasturini fosh qilishga muvaffaq bo’ldi.

Belarusda mustaqil ommaviy axborot vositalari 2020-yilning avgustida Prezident Aleksandr Lukashenkoning bahsli saylovlarda “g’alaba qozongani”ga qarshi chiqishlar fonida siquvga olindi. Hukumat jurnalistlarni ta’qib qilishni kuchaytirdi, qamoqqa hukm qilish choralariga zo’r berdi. Mustaqil media vositalarining deyarli barchasi ekstremistik tashkilot deb e’lon qilinib, faoliyatiga chek qo’yildi.

Hukumat Belarus surishtiruv markazining poytaxt Minskdagi ofislariga ham reydlar uyushtirdi. Markazning ko’plab jurnalistlari mamlaklatdan chiqib ketishga majbur bo’ldi. 2022-yilning iyunida markaz vebsayti bloklandi.

Ayni damda asosan quvg’inda ishlayotgan jamoa dezinformatsiyaga qarshi kurash, xususan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga doir haqiqatlarni oshkor etish hamda Belarusda huquqlarning toptalishiga doir axborot uzatish ustida ishlamoqda.

Markazning surishtiruv bo’limi boshlig’i Olga Ratmirovaning hikoya qilishicha, jamoa perzidentlik saylovlaridan keyin qariyb bir yil davomida faol ishlagan. 2021-yil yozida hukumat bosimi va jurnalistlarning qamoqqa tashlanishi ortidan guruh a’zolarining ko’pchiligi xorijga chiqib ketgan.

“Quvg’inda aslo sur’atni pasaytirmadik. Xorijda bir yil faoliyat yuritdik va sog’-omonmiz. Belarusdagi voqealarni yoritish ustida ishlayapmiz. Markazga ko’proq kadrlarni yollayapmiz. Jamoaga xalqaro masshtabda xodimlar yig’ilgan, Yevropa bilan cheklanmagan. So’nggi yilda “YouTube”, “Facebook”, “Instagram”, va “TikTok”dagi kanallarimiz auditoriyasi o’sdi. Qo’limizdagi texnologiyalar xorijdan turib surishtiruv olib borish imkonini bermoqda”, - deydi Ratmirova “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Jurnalistning aytishicha, Belarusda haqiqatni yoritgan ko’plab jurnalistlar panjara ortida. Qariyb 400 nafar kasbdosh jurnalistlar quvg’inda. Belarus hukumati shaffoflikdan holi. Davlat byudjeti va xaridlar, prezident apparati faoliyati va boshqa muhim jarayonlar “yopiq mavzu”ligicha qolmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG