Breaking News

Odessa portini ilk kema tark etdi. Rossiyaning yangi harbiy doktrinasi - Ukrainada bugungi vaziyat


"Razoni" deb nomlanuvchi kema Odessadan Livanga ketyapti. Turkiyada to'xtab, tekshiriladi
"Razoni" deb nomlanuvchi kema Odessadan Livanga ketyapti. Turkiyada to'xtab, tekshiriladi

Ukraina g’allasi ortilgan birinchi kema bugun Odessa portini tark etib, Livanga yo’l olgan. O’tgan oy Turkiya va BMT vositachiligida erishilgan kelishuv yuk kemalari xavfsizligini kafolatlashga qaratilgan. Shartnomaga ko’ra, kemalar Odessaning 3 ta portidan xavfsiz koridor orqali O’rta yer dengiziga olib chiqiladi.

Xalqaro hayot - 1-avgust, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:59 0:00

G’arb Rossiyani Qora dengizdan chiqish yo’llarini qamalga olib, kemalar chiqishiga to’siq qo’yganlikda ayblagan. Kremlga ko’ra, muammo portlar atrofining Ukraina tomonidan minalashtirilganida.

Turkiya Mudofaa vaziri Hulusi Oqarning aytishicha, Syerra-Leone bayrog’i ostida suzayotgan kemaga 26 ming tonna makkajo’xori ortilgan. Kemalar Qora dengizni Turkiyaning Bosfor bo’g’ozi orqali tark etishidan oldin tekshiriladi.

Ukraina g’alla yetishtirishda dunyoda yetakchi mamlakatlardan hisoblanadi.

Rossiya: AQSh Ukrainaga bergan raketa tizimi nishonga olind

Bu o’rtada Rossiya Mudofaa vazirligi raketa hujumida Xarkovdagi zavod nishonga olinib, AQSh Ukrainaga bergan HIMARS raketa tizimining ikkitasi hamda 53 nafar ukrainalik harbiy va xorijiy yollanma jangari yo’q qilinganini ma’lum qildi.

Xersonda Dnepr daryosidan o'tish uchun ponton paromi tashkil etildi

Xersonda esa aynan shunday HIMARS raketa tizimi bilan vayron qilingan yagona ko’prik ta’mirlanayotgan bir paytda rossiyalik harbiy muhandislar Dnepr daryosidan o’tish uchun ponton paromini tashkil etgan.

Hozircha parom avtomobillar va aholini tashimoqda, biroq u orqali harbiy texnikani daryodan olib o’tish mumkinmi, yo’q, ma’lum emas. Britaniya razvedkasiga ko’ra, Rossiya daryodan o’tish uchun ikkita ponton ko’prik va parom tizimini yo’lga qo’ygan.

Ukraina qurolli kuchlari yaqin orada qarshi hujumga o’tib, Xersonni ishg’ol etishga harakat qilishini bildirgan. Shahar urush boshidayoq ruslar qo’liga o’tgan.

Donetsklik bo'lginchilar: Ukraina shaharga piyodalarga qarshi minalar yog'dirdi

Bo’lginchi kuchlar nazoratidagi Donetsk shahrida esa sapyorlar ishlamoqda. Donetsk respublikasi vakillarining aytishicha, Ukraina artilleriya yordamida shaharga “gulbarg” deb ataluvchi portlovchi moddalarni yog’dirgan. Tashqi ko’rinishidan kapalakka o’xshash kichik hajmdagi ushbu moslamalarning portlashi oqibatida kamida 4 kishining jarohat olgani ma’lum.

Piyodalarga qarshi minalar 1999-yilda qabul qilingan Ottava bitimiga ko’ra man qilingan.

"Bunday minalar odamni o’ldirmaydi, ammo oyoqlarni mayib qilishi aniq. Sapyorlar ishlayapti hozir”, - deydi donetsklik bir ayol.

Rossiya yangi harbiy-dengiz doktrinasini qabul qildi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Harbiy-dengiz floti kunida Rossiyaning yangi harbiy-dengiz doktrinasini qabul qildi. 55 sahifalik hujjatga ko’ra, Shimoliy Muz okeani va Qora dengiz Rossiyaning muhim va strategik suv hududlari hisoblanadi.

Doktrinada AQSh va uning jahon okeanlarini nazorat qilishga qaratilgan siyosati hamda NATOning Rossiya chegaralari tomon kengayishi Rossiyaga eng katta tahdid deb tan olingan.

Unga ko’ra, tahdidlarni bartaraf etishda diplomatik va iqtisodiy choralar ish bermasa, Rossiya harbiy kuch qo’llashga haqli.

Putin matroslarga murojaatida bir necha oydan so’ng “Admiral Gorshkov” fregatasi “Tsirkon” gipertovushli qanotli raketalari bilan jihozlanishini bildirdi.

"Kimki mamlakat suvereniteti va erkinligiga changal solsa, Rossiya harbiy floti yashin tezligi bilan javob berishga qodir”, - dedi Putin.

Gipertovushli raketalar tovush tezligidan 9 marotaba tez uchadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG