Breaking News

Rossiyaning Ukrainadan keyingi nishoni Qozog’istonmi?


Arxiv: Qozog'istonliklarning Ukrainadagi urushga qarshi namoyishi
Arxiv: Qozog'istonliklarning Ukrainadagi urushga qarshi namoyishi

Rossiya va Qozog’iston o’rtasida taranglik kuchaygani aytilayotgan bir paytda ikki mamlakat rahbarlari uchrashishga qaror qilgan. 19-avgust kuni Rossiyaning Sochi shahrida Qozog'iston Prezidenti Qosimjo'mart To'qayev Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashishi kutilyapti.

Qozog’iston prezidenti matbuot xizmati safarga bir kun qolganda To’qayev Sochida muzokara qilishi haqida xabar berdi.

Bu To’qayevning qisqa muddat ichida Rossiyaga amalga oshirayotgan ikkinchi safari. Avvalroq u Sankt-Peterburgda o’tgan xalqaro iqtisodiy forumda qatnashgan edi.

To’qayevning Sochidagi muzokarasi Qozog’iston-Rossiya aloqalari jiddiy taranglashgan bir manzarada o’tishi kutilyapti.

Qozog’istonlik ekspert Saparboy Jubayevga ko’ra, Sochida tomonlar nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni, balki Ukraina urushi atrofidagi vaziyatni, xususan, bu vaziyatning o’zaro munosabatlarga ta’sirini muhokama qiladi.

“Ukraina masalasida Erdog’an tutgan pozitsiyaga qarash kerak. Turkiya NATO a’zosi, ammo sanksiyalarni qo’llamadi. Rossiya, Ukraina bilan ham iqtisodiy hamkorlikni davom ettirmoqda. Sochidagi uchrashuvda ham prezidentlar ikki tomonlama hamkorlikdan tashqari Ukraina mojarosini, bu urushning aloqalarga ta’sirini muhokama qilishlari mumkin. So’nggi paytda aloqalar ziddiyatlashdi, lekin iqtisodiy hamkorlik davom etyapti, Rossiya biznesi Qozog’istonda ishlamoqda. Bundan tashqari, Qozog’iston Yevrosiyo Ittifoqiga, Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoqqa ham a’zo. Qozog’istonda Rossiya harbiy poligonlari joylashgan. Ziddiyatli bayonotlar ko’p, lekin men aloqalar jiddiy keskinlashadi degan fikrdan yiroqman”, - deydi Saparboy Jubayev.

Rossiya-Qozog’iston o’rtasidagi taranglik bevosita Ukraina urushidan, aniqrog’i Qozog’iston ayirmachi hududlar Donetsk va Lugansk respublikalari mustaqilligini tan olmasligi haqida bayonot berishidan so’ng kuchaydi.

Bir necha oy muqaddam O’zbekiston tomoni ham shunday bayonot qilgan edi; bu tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov iste’fosi bilan nihoyasiga yetdi.

Qozog’iston misolida esa bayonot shaxsan To’qayev tomonidan, iqtisodiy forumda ishtirok etayotgan Prezident Putinning o’ziga bevosita bildirildi.

To’qayevning bu bayonoti qozoq jamoatchiligi, jumladan, Ukrainada ham olqishlar bilan kutib olingan bo’lsa, Moskvadagi ayrim siyosatchilarni, Kreml doirasidagi ekspertlarni jiddiy g’azablantirdi.

Rossiya parlamenti deputati Konstantin Zatulin To’qayevning bayonotini izohlar ekan, Rossiya Qozog’istonda Ukraina ssenariysini takrorlashi mumkinligiga ochiq ishora qildi.

“Ular (Qozog’iston) rus aholiga ega viloyatlar, aholi punktlari Qozog’istonga aloqasi kam ekanligini yaxshi bilishadi. Biz har doim, har joyda, Ukrainada ham jumladan, takrorlab kelamiz: agar biz bilan hamkorlikda, do’stlikda bo’lsangiz, demak hech qanday hududiy da’volar ko’tarilmaydi. Lekin bunday bo’lmasa, hammasi bolishi mumkin, xuddi Ukrainadagi kabi”, - dedi u.

Rossiyaning Ukrainadan keyingi nishoni Qozog’iston bo’lishi haqidagi qarashlar kuchaydi; Rossiya matbuoti, ekspertlari tomonidan axborot xuruji avj oldirildi.

Bundan hatto vakolatli rasmiylar ham chetda qolmadi, jumladan, Rossiya xavfsizlik kengashi rahbari o’rinbosari Dimitriy Medvedov Qozog’iston Moskva marhamati evaziga shakllantirilgan sun’iy davlat ekanligini pisanda qilib chiqdi.

Medvedovning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bildirilgan bu bayonot keyinchalik xakerlar ishi sifatida uning o’zi tomonidan rad qilingan bo’sa-da, Rossiya-Qozog’iston ziddiyatini susaytirgani yo’q.

Aksincha, Rossiya Qozog’iston matbuoti ustidan ham nazorat o’rnatishga urinmoqda. Yaqinda “Roskomnadzor” Ukrainadagi urush haqida maqola bosgan Ratel.kz nashridan maqolani sahifadan olib tashlash talabi bilan chiqdi.

Nashr Moskvaning bu talabini Qozog’iston Rossiya mustamlakasidagi davlat emasligiga oid izoh bilan rad etar ekan, qozoq hukumatini sukut saqlamaslikka, Qozog’istonning ichki ishiga aralashishni cheklashga chaqirdi.

Saparboy Jubayevning ta’kidlashicha, qozoq jamoatchiligi Rossiya siyosatchilari tomonidan qilinayotgan bayonotlarga sezgir; ayniqsa, Medvedov tomonidan qilingan bayonot avvaliga qanchalik g’azab uyg’otgan bo’lsa, bayonotning rad etilishi ehtiroslarni bir qadar bosgan.

“Rossiyada shu toifadagi bir qator siyosatchilar bor, ular qatoriga Medvedov ham qo’shilgani jamoatchilikni jiddiy g’azablantirdi, ammo uning o’zi buni rad etib chiqdi. Bu ish Qozog’iston-Rossiya munosabatlariga putur yetkazmoqchi bo’lgan uchinchi kuchlar tomonidan qilinganini aytdi. Umuman, To’qayevning bayonoti xalqaro me’yorlarga, Qozog’iston pozitsiyasiga asoslangan edi. Chunki Qozog’iston Qrim masalasida ham ochiq bayonot qilmadi, Ukrainaning 90-yillarda aniqlashtirilgan hududini tan oladi. Mening nazarimda, To’qayev va Putinning Sochidagi uchrashuvi Ukraina urushi tufayli yuzaga chiqqan oxirgi vaziyatni muhokama qilishga, nafaqat ikki tomonlama, balki boshqa kuchli davlatlar ham tortilgan ko’p tomonlama hamkorlikni shakllantirishga ham qaratiladi”, - degan fikrda Jubayev.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG