Breaking News

Amerikadagi vatandoshlar O'zbekiston konsulligidan nima uchun arz qilmoqda?


Uzbekistan passport

Nyu-Yorkdagi “Mahalla USA” jamiyatida o’tkazilgan sayyor qabul va uchrashuv o’zbekistonlik muhojirlarning O’zbekiston konsulligiga savollari va arzlari ko’pligini ko’rsatdi.

O’zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rasmiy ma’lumotiga ko’ra, hozirda 20 million atrofida mehnatga layoqatli aholining 2 milliondan ortig’i respublikadan tashqariga ishlashga ketgan. Norasmiy manbalar bu raqamlar 2-3 barobar ko’pligiga ishora qiladi. O’zbekiston mehnat bozoriga, shuningdek, har yili 600 ming atrofida yangi ishchi kuchi kirib kelishi kuzatilmoqda. Aholini mamlakat ichida ish bilan ta’minlash masalasi esa dolzarb muammo. Natijada O’zbekistondan ish qidirib har yili bir necha million odam chet ellarga chiqadi. Ular mustaqil tarzda ish topib, odatda, konsullik ro’yxatida turmaydi. Oqibatda katta-kichik muammolarga yuz tutadilar. Shulardan biri muddati tugagan pasportlarni yangilash masalasi.

Bugun Mahmudjon Kuchkarov o’z muammosini konsulga virtual emas, to’g’ridan-to’g’ri berish imkoniga ega. AQShning u yashaydigan hududidagi vatandoshlar bilan uchrashish uchun O’zbekiston konsulligi vakillari o’zlari kelishgan.

18 yildan beri AQShda yashaydigan Mahmudjon Kuchkarov o’zbekistonlik mehnat muhojiri. Uning okean ortiga kelish tarixi va sabablari yuzlab vatandoshlarinikiga o’xshash.

“AQShga birinchi marotaba men 2000-yilda, undan keyin 2003-yilda va oxirgi bor 2004-yilda ilmiy konferensiyaga kelib shu yerda qoldim. Sababi u yerda dotsent va kafedra mudiri bo’lib mening oylik maoshim bor yo’g’i 40 dollar edi, dollarda hisoblaganda. Bu bilan ilmiy ish u yoqda tursin, biror narsa qilishning imkoni yo’q edi. Bunday olib qaraganda poraxo’r bo’lish shart edi. Lekin men shu narsani xohlamadim. Bu yerda qarasam bir haftada [O’zbekistondagi] bir yillik oyligingizgizni ishlashingiz mumkin ekan, o’sha paytda ham”, - deya tushuntiradi Mahmudjon Kuchkarov.

O’zbekistonning Nyu-Yorkdagi konsullari vatandoshlar bilan uchrashuv o’tkazdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:05 0:00

Kuchkarov konsullik sayyor uchrashuvida ko’targan muammo shu kunlarda unga o’xshab O’zbekistondan chiqib ketgan millionlab vatandoshlarga yaxshi tanish. Bu konsullik orqali O’zbekistonning xorijga chiqish pasportini olish mehnat muhojirlari uchun imkonsizligi bilan bog’liq.

“Shunaqa sharoit bo’ladiki, ketish kerak bo’lib qoladi. Masalan, o’tgan yili dekabr oyida otam olamdan o’tib qoldi. Men tezda uch oylik qog’ozini (O’zbekistonga qaytish uchun guvohnoma-Sertifikat) tayyorlashga ham ulgurmasdim. Undan oldingi olganimning esa muddati o’tib ketgandi. Ko’rayapsizlarmi qanaqa noqulay?! Kimdir kasal bo’lib qolishi mumkin. Bu chet ellarda yurgan millionlar uchun juda ham katta muammo. Ular doim ko’ngli to’q bo’lishi kerakki cho’ntagimda [O’zbekiston] pasportim bor va men ishlab pul yuboraveraman, juda ham zarur bo’lganda mening borishim mumkin bo’lsin. Hatto shu imkoniyatni, konstitutsion huquqni ham bular amalga oshirolmayapti”, - deya kuyunmoqda Kuchkarov.

Konsul Ulug’bek Mahkamov Mahmudjon Kuchkarov ko’targan muammo - AQShda viza muddatini o’tkazib va boshqa sabablar bilan hujjatsiz yashab kelayotgan o’zbekistonliklarga pasport berish masalasi konsullarga ma’lum ekanligini tasdiqlaydi.

“Albatta, bu savol juda aktual. Bunaqa fuqarolarimiz bor. Viza bilan kelgan va viza muddatlari o’tib qolgan fuqarolarimiz kam emas”, - deydi konsul Ulug’bek Mahkamov.

Biroq, deydi Ulug’bek Mahkamov, ikki tomonlama kelishuvlar ham bor. Unga asosan, konsullik AQShda hujjatsiz yashab kelayotgan O’zbekiston fuqarolariga xorijga chiqish pasportini rasmiylashtira olmaydi, yo’qotilganini tiklamaydi.

“Bizlar konsulxona va AQSh tegishli idoralari bilan siyosiy uchrashuvlar o’tkazib turamiz. Kelishuvlar bo’ladi konsulxona va tegishli idoralar o’rtasida. Konsulxonaning asosiy maqsadlaridan bittasi, aytib o’tganimdek, shunaqa talab ham bo’ladi AQSh idoralari tomonidan. Bu yerda noqonuniy yurgan O’zbekiston fuqarolarini kamaytirish bizning asosiy maqsadimiz”, - deya tushuntiradi konsul Mahkamov.

Ikkinchi tomondan, fuqarolarga pasport berish yuzasidan rasmiy Toshkent belgilagan nizom bor, deydi konsul.

“Konsulxonadan pasport olish tartibi bor. Qo’lida O’zbekiston fuqarosining haqiqiy va muddati o’tmagan pasporti bo’lishi kerak va AQShda qonuniy istiqomat qilayotgan hujjati bilan murojaat qilishi kerak. Shunday murojaat bo’lsa [O’zbekiston fuqarosining] pasporti muammosiz almashtiriladi, yangilanadi”, - deydi konsul.

Pasport masalasida murojaat qilayotgan mehnat muhojirlarining konsullardan hozircha eshitayotgani quyidagicha:

“Bunaqa turdagi fuqarolarga bizlar, albatta, kerakli maslahatlarni beramiz. Asosiy maslahatimiz viza muddati o’tib qolgan bo’lsa biz ularga O’zbekistonga qaytishni tavsiya qilamiz”, - deydi konsul Mahkamov.

“Zarur bo’lganda ularga O’zbekistonga qaytish sertifikati qilib beramiz!” - deya hamkasbini to’ldiradi konsul Qahramon Dalimov.

O’zbekistonlik immigrantlarning 2019-yildan buyon Bruklinda faoliyat ko’rsatib kelayotgan “Mahalla USA” tashkiloti faollariga ko’ra, konsullik xizmatlari yuzasidan mehnat muhojirligida bo’lganlardan tashqari boshqa vatandoshlardan ham ko’p murojaatlar tushadi.

“Pasport masalasida, kimgadir guvohnoma kerak bo’lganda, farzandlariga apostillar qilish kerak bo’ladi. Shuning uchun tez-tez ishimiz tushib qoladi konsullikka”, - deya tushuntirmoqda uchrashuvda qatnashgan Navro’z ismli o’zbekistonlik “Grin karta” sohibi.

Vatandoshlar murojaatlari ko’pligidan faoliyatining ilk kunidan bu jamiyat O’zbekistonning Nyu-Yorkdagi bosh konsulligi bilan aloqada.

“Mahalla USA” Qo’shma Shtatlarda qonunan ro’yxatdan o’tgan alohida tashkilot. [O’zbekistonliklar] jamoasi bilan ishlaydigan tashkilot hisoblanadi. Bizning asosiy maqsadlarimizdan biri vatandoshlarga xizmat qilish, ular uchun turli xizmatlarni amalga oshirish. Shu jumladan, konsullikka oid savollar bo’lganda konsullik bilan insonlarimiz o’rtasida ko’prik vazifasini o’taymiz, lekin bu “Mahalla USA” konsullik vakolatidagi ishlarni qiladigan tashkilot degani emas”, - deydi “Mahalla USA” vitse-prezidenti Dilshod Zokirov.

“Konsul bilan o’tkazilgan uchrashuv nihoyatda muhim va bu kerakli tadbir. Yanglishmasam, men 3-marotaba qatnashyapman. Chunki qanchalik ko’p bo’lsa konsul bilan uchrashuv, har qanday savollar o’z-o’zidan ketarkan-da. Ravshanlik juda ham yaxshi”, - deya tashabbusni qo’llamoqda AQShda doimiy yashovchi yana bir o’zbekistonlik Sadriddin Muhitdinov.

Tashkilot o’tgan 3 yil davomida vatandoshlarni O’zbekiston konsullari bilan uchinchi marotaba savol-javob formatida yuzlashtirmoqda.

“Shu yerda uchrashuvda qatnashib o’zim uchun ko’p narsani tushunib oldim. Savol bermagan holda umumiy gaplarni eshitib boshqa savollarga javoblardan o’zimga kerakli ma’lumotlarni tushunib oldim. Masalan, men telefon qilib [kosullikka] tusholmasdim. O’ylardim nega? Bilmagandan keyin odam xijolat bo’ladi. Yoshim katta bo’lgani uchun asabiylashardim ham. [Bugun] tushundimki, bu konsullik faqatgina Nyu-Yorkka emas, faqatgina yana qo’shimcha bir-ikkita shtatga emas o’ttizdan ortiq shtatga xizmat qilar ekan. Bundan tashqari Janubiy Amerikadagi bir qancha davlatlarga ham xizmat qilar ekan, aholisiga, u yerda yashaydigan vatandoshlarimizga ham. Shundan bildimki, haqiqatdan ularning ishi ko’p ekan”, - degan xulosaga kelgan konsullar bilan savol-javobda qatnashgan o’zbekistonlik vatandosh Sadriddin Muhitdinov.

Konsullarga shu kuni “Zoom” orqali ham ko’plab savollar berildi. Ochiq savol-javob ruhida o’tgan uchrashuv Qo’shma Shtatlarda yashayotgan o’zbekistonlik muhojirlarning nafaqat bugun yuzaga kelgan, balki yillar davomida tashvishga solayotgan qator muammolarini ham yuzaga chiqardi.

“Uchrashuv menda qanday taassurot qoldirdi? Taassurot albatta yaxshi. Ochiqlik bo’ldi. Bunday ichrashuvlarni tez-tez o’tkazib turish kerak. Qoniqdim, ammo mening viza masalam hademay 5 yil bo’ladi… 5 yildan beri O’zbekistonga borolmayapman. Sababini hech kim tushuntirmaydi. 5 marta murojaat qildim, jim-jit, sokinlik. Sukut saqlanmoqda. Nima uchun men O’zbekistonga borolmayman? Qidiruvda bo’lmasam, jinoyatchi, ekstremist bo’lmasam, boshqa biror yomonlik bo’lmagan ekan, nima uchun meni O’zbekistonga qo’ymaydi? Nima uchun 5 marta murojaatimga sukut saqlanmoqda? Shu savolim ochiq turibdi. 5 yildan beri javob ololmayapman. Nima uchun men O’zbekistonga borolmayapman?” - deydi Isoqjon Zokirov.

Ushbu savoli bilan qayta-qayta konsullarga murojaat qilishdan to’xtamayotgan Isoqjon Zokirov oldingi siyosiy tizim davrida O’zbekiston fuqaroligidan mahrum etilgan, buning ortidan u AQShda siyosiy boshpana olgan.

Vaqti kelib u O’zbekistonga qaytishini aytadi. Shuning uchun Kuchkarov turli mamlakatlarga chiqib ketgan millionlab o’zbekistonlik mehnat muhojirlari kabi, O’zbekiston fuqaroligidan ham, O’zbekistondagi yashash joyidan ham ro’yxatdan chiqmagan.

“Gap shundaki, men boshqa mamlakatlar tajribasini o’rgandim. Masalan, vengriyaliklar yoki janubiy amerikaliklar, ular bu yerda nolegal bo’lsa ham konsulligiga borib pasportini indamay almashtirib oladi. Biznikilar esa Amerika bilan kelishuvimiz bor, Rossiyadagilar Rossiya bilan, Koreyadagilar Koreya bilan kelishuvimiz bor desa kerak. Ya’ni bular xalqni qiynash orqali, “partnyor”larini talabini bajarish orqali o’zlarini xalqni oldida emas, “partnyor”lari oldida legitimligini ko’tarmoqchi bo’ladi. Bular xalqning oldidagi legitimligi borasida qayg’urmaydi”, - degan xulosaga kelgan Kuchkarov.

O’zbekiston konsullari bilan yuzma-yuz uchrashuvda ham Kuchkarov o’z muammosiga yechim topmadi. Biroq o’zbekistonlik mehnat muhojiri uchrashuv unga o’zi va vatandoshlari yuzlashgan muammoni va uning ko’lamini konsullardan tashqari keng jamoatchilikka emin-erkin yetkazishi uchun bir imkoniyat bo’lganiga ishonadi.

“Bu ucharshuv haqida - uchrashdik degani bir narsaga erishdik [degani emas]… Bu imij uchun bo’lishi ham mumkin, populizm uchun bo’lishi ham mumkin. Chunki oddiy telefon qilsangiz, telefonni ko’tarmaydi va hatto unda [O’zbekistonning Nyu-Yorkdagi bosh konsulligida] “avtootvetchik” yo’q. Kichkina kompaniyachalarda ham “avtootvetchik” bor. Qaysi muammo? Bu muammo bo’lsa bu tugmani bosing deydi. Avtomatlashtirish orqali mehnat samaradorligini oshirish, bugungi texnologiyalardan foydalanishni ham ular bilishmaydi. Ya’ni bular hammasi gap. Bular konstitutsiyadagi oddiy huquqini bajarishi kerak, xolos. Bizning Amerika bilan kelishuvimiz bor, xalq bilan kelishuvchi? Konstitutsiyachi? Men qoniqmadim. Qahramon Dalimovga murojaat qildim, balki hayajonlangandirman. Lekin buni hayajonlanmasdan gapirish mumkin emas. Chunki mening muammom butun “gastarbayter”larning muammosi. Rossiyadagi millionlar muammosi, Koreyadagi. Shuning uchun buni tizimli muammo deb qarash kerak”, - deya ta’kidlamoqda Kuchkarov.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG