Breaking News

Ekspert: Turkiya-Gretsiya kelishmovchiligi NATO birligini yemirishi mumkin


Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an Egey dengizi uzra harbiy mashqlarni kuzatmoqda. 9-iyun, 2022.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an Egey dengizi uzra harbiy mashqlarni kuzatmoqda. 9-iyun, 2022.

NATO doirasidagi ikki ittifoqchi – Turkiya va Gretsiya bir necha o’n yillar davomida Egey dengizi va uning havo sarhadlari bo’ylab qarama-qarshi territorial da’volari bilan murosadan yiroqligicha qolmoqda. Rossiyaning Ukrainaga bosqini fonida NATO ichida birdamlikni mustahkamlashga jiddiy ehtiyoj sezilayotgan bir paytda ekspertlar bu ikki davlat kelishmovchiligi harbiy blok ittifoqini zaiflashtirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

So’nggi kelishmovchilik Turkiya harbiy samolyotlariga Gretsiya Krit orollariga joylashtirgan Rossiyaning S-300 mudofaa tizimlari vositasida qilgan tahdidi ortidan boshlandi. Anqara, shuningdek, o’tgan oy O’rta yer dengizi sharqida NATO missiyasi davom etayotgan paytda grek pilotlari turk harbiy samolyotlari parvoziga to’sqinlik qilganidan shikoyat qilgan.

Afina e’tirozlarni inkor etib, Turkiyani havo sarhadlarini buzganlikda ayblagan.

Voqea yuzasidan har ikki davlat NATO ga arz qilgan. Bu orada, blokning Quruqlikdagi ittifoqchi qo’mondonligi Gretsiya murojaatiga ko’ra Turkiyani G’alaba kuni bilan qutlagan tvitini o’chirib tashladi. Qaror Anqara g’azabini uyg’otdi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an mamlakatning yirik aviatsion va aerokosmik festivali sanalgan Teknofest anjumanida o’z pozitsiyasiga kuchliroq urg’u berdi.

“Tarixga nazar tashlang. Agar sarhad o’tib yaqinlashsangiz, og’ir badal to’laysiz. Izmir voqeasini unutmang”, - dedi Erdog’an grek bosqinchilari 1922-yilda g’arbiy shaharda tor-mor qilinganiga shama qilib.

“Turkiya kutilmagan bir oqshomda qarshingizda paydo bo’lishi mumkin”, - deya hayqirdi prezident.

Erdog’anning bayonoti grek rasmiylari tarafidan Turkiyaning Egey dengizi orollariga qarshi harbiy harakat boshlash istagi sifatida baholandi. Afina o’z suverenitetini himoya qilishga tayyorligini ma’lum qildi.

Gretsiya tashqi ishlar vaziri Nikos Dendias NATO, Yevropa Ittifoqi va BMT ga murojaat qilib, tobora tahdidli tus olayotgan Turkiya pozitsiyasiga munosabat bildirishni so’radi.

AQSh Davlat departamenti “Amerika Ovozi”ga yo’llagan bayonotda ittifoqchi mamlakatlar nizolarni diplomatik yo’l bilan hal etishga chaqiriladi.

Vashington Rossiyaning Ukrainaga hujumini eslatar ekan, NATO doirasidagi ittifoqchilar o’rtasida kelishmovchilikka sabab bo’ladigan bayonotlardan tiyilishga chaqirdi. Shuningdek, orollarda Gretsiya suvereniteti savol ostida emasligiga urg’u berdi.

Pentagon Turkiyaning havo sarhadlarida yuz bergan voqealarga doir e’tirozlariga munosabat bildirmagan. Biroq AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin har ikki davlatdagi hamkasblarini nizolarga diplomatik yechim topishga chaqirganini eslatgan.

Chuqur ildiz otgan qarama-qarshilik Turkiya va Gretsiyani so’nggi 50 yil mobaynida uch karra urush ostonasiga olib keldi.

Tahlilchilar nizolarga yaqin orada yechim topilmasligidan ogohlantirar ekan, o’zaro aloqalarning bahsli tarixi hamda ikki mamlakat poytaxtidagi qattiqqo’l siyosiy pozitsiyaga urg’u bermoqda.

NATO ayni damda Rossiya pozitsiyasiga qarshi har doimgidan-da jips va mustahkam frontga ehtiyoj sezmoqda. Ekspertlarga ko’ra, bunday nozik vaziyatda Turkiya-Gretsiya kelishmovchiligi harbiy to’qnashuvga aylanib ketadigan bo’lsa, Rossiya rahbari Vladimir Putin fursatdan foydalanishga urinadi.

“Yevropa birdamligi darz ketadigan bo’lsa, Putin buni yanada kuchytirishi va amalda yirik qoyani parchalashi mumkin. Parchalanish Yevropa bilan chegaralanmasligi, muayyan davlat boshqa bir davlatga qarshi NATO ni qurol qilib oladigan bo’lsa, tarqoqlik harbiy blok kengashlariga yoyilishi mumkin”, - deydi amerikalik ekspert Jim Taunsend.

Ittifoqchilar kelishmovchiligi kuchaysa, Moskva qish yaqinlashib kelayotgan bir pallada nizolarni kuchaytirishga harakat qiladi. Zotan, Rossiya allaqachon Yevropaga gaz eksportini qisqartirishga qaror qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG