Breaking News

Xitoy-BMT ziddiyati: Pekin xalqaro tashkilotga qanchalik muhtoj?


Arxiv surat: Shinjon, Xitoy
Arxiv surat: Shinjon, Xitoy

Dunyo yetakchilari Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasi uchun to’planar ekan, ta’sir kuchi o’sib borayotgan Xitoy e’tiborini Atlantika okeanining narigi tomonida, Jenevada o’tayotgan yana bir BMT yig’iniga ham qaratmoqda.

Uyg’urlar va boshqa ozchilik musulmon elatlarning huquqlari keskin buzilgani haqidagi so’nggi BMT hisoboti ortidan Xitoy diplomatlari BMTning Inson Huquqlari Kengashi sessiyasida o’z siyosatlarini himoya qilishga urinmoqda.

O’tkazilayotgan uchrashuvlar va Pekinning lobbichilik harakati Xitoyning Birlashgan Millatlar Tashkilotiga bo'lgan yondashuvi va global ta'siri kuchayib borayotganini ko'rsatadi. Pekin tanqidlargani rad etishda BMTga a’zo va o’zidan moliyaviy yordam oluvchi mamlakatlarning qo’llab-quvvatloviga tayanadi.

“Xitoy BMTni oʻzining strategik manfaatlari va maqsadlarini amalga oshirishi hamda global tartibni isloh qilishda foydalanishi mumkin boʻlgan muhim forum sifatida koʻradi”, - deydi Berlindagi Merkator Xitoy tadqiqotlari instituti tadqiqotchisi Helena Legarda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotini ko'p tomonlama model sifatida ko'rsatar ekan, Xitoy ayni paytda milliy manfaatlariga zid deb hisoblagan tanqid yoki qarorlarni rad etadi. Pekin BMTning inson huquqlari boʻyicha idorasi tomonidan oʻtgan oy eʼlon qilingan hisobotga keskin raddiya bildirib, idora bilan hamkorlikni toʻxtatishi haqida ogohlantirdi va Gʻarbni Xitoyning o’sib borayotgan qudratini ko’ra olmayotganlikda aybladi.

Xitoy Shinjon bo'yicha hisobotning e’lon qilinishini to’xtatishga bir yildan ko’proq urindi. Oxir-oqibat, u e’lon qilindi - faqat BMTning inson huquqlari bo'yicha komissari Mishel Bachelet lavozimini tark etishidan bir necha daqiqa oldin.

Qo'shma Shtatlar singari, Xitoy ham xohlaganida BMT institutlarining talab va takliflarini e'tiborsiz qoldiradi. Tramp ma'muriyati 2018-yilda BMTning Inson huquqlari bo’yicha kengashini Isroilga qarshi tarafkashlikda ayblab, AQSh a’zoligini to’xtatgan edi. Bayden ma'muriyati bu yil mamlakatni yana kengashga qaytardi va 47 davlat a'zo organda Isroilni himoya qilishni asosiy vazifalaridan biri deb e’lon qildi.

Qo'shma Shtatlar singari Xitoy ham o'zi xohlagan qarorlar qabul qilinishi uchun o'z ta'siridan foydalanadi. U BMTning Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti orqali Xitoy koronavirus pandemiyasining o’chog’i bo’lgan yoki bo’lmagani haqidagi tekshiruvga muvaffaqiyatli ta’sir o’tkaza oldi.

“Human Rights Watch” tashkiloti sobiq ijrochi direktori Ken Rotning aytishicha, Xitoy rahbari Si Zinpin iqtisodiy rivojlanishni asosiy mezon sifatida belgilab, inson huquqlari tushunchasini qayta ko’rib chiqishga chaqirmoqda. Xitoy, deydi Rot, "o'tmishdagi har qanday hukumatdan ham ko’proq BMT rasmiylariga bosim o'tkazish, guvohlardan o'ch olish va hukumatlarga pora berish orqali BMTning inson huquqlari tizimini buzishga harakat qilmoqda".

"Hozir, ehtimol Tayvan masalasidan keyin, ularning eng ustuvor vazifalaridan biri Inson huquqlari kengashi tomonidan qoralanishga yo'l qo'ymaslikdir", dedi Rot.

Xitoyning Renmin universitetida xalqaro aloqalar bo‘yicha ekspert Shi Yinxonning aytishicha, BMTning xalqaro tartibni saqlashdagi rolini himoya qilish Xitoyning har bir BMT organi qarorlariga rozi bo‘lishini anglatmaydi.

"Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari bunday hisobotni e'lon qilsa, Xitoy nazarida, rasmiy yoki norasmiy bo'lishidan qat'i nazar, u Xitoyga tuhmat qilayotgan dunyodagi barcha boshqa tashkilotlar bilan bir xildir", - deydi Shi.

Vashington choyxonasi: Xitoy Markaziy Osiyo uchun tahdidmi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:25:42 0:00

Ammo Xitoy huquq idorasi bilan mavjud bu ziddiyat qochqinlar, iqlim, internet, sun'iy yo'ldoshlar, ocharchilik, atom qurollari, energiya kabi global masalalar bilan shug'ullanuvchi BMTning boshqa idoralari bilan aloqalarga ta’sir qilishini xohlamaydi.

Xitoy Xavfsizlik Kengashining veto huquqiga ega besh a'zosidan biri. Bu huquq unga muhim rezolyutsiyalarni qabul qilishda Xitoyning yordamiga muhtoj boshqa davlatlar bilan munosabatlarini kuchaytirishda yordam beradi.

Xitoy AQSh rahbariyatining harakatsizligi tufayli yuzaga kelgan diplomatik bo'shliqni ham to’ldirishga urindi, deydi Jenevada joylashgan siyosiy tahlilchi Daniel Uorner.

Uornerning so'zlariga ko'ra, sobiq prezident Donald Tramp davrida AQSh ko'plab xalqaro institutlarni tark etdi; undan keyingi Prezident Jo Bayden esa ichki muammolar bilan ovora.

Xitoy vakillari Birlashgan Millatlar Tashkilotining 18 ixtisoslashgan agentligidan uchtasida eng yuqori lavozimlarni egallagan: Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti, Sanoatni rivojlantirish tashkiloti va Xalqaro Telekommunikatsiyalar ittifoqida. O‘tgan yilgacha Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotini ham xitoylik mulozim boshqargan.

Xitoy uchun bu nufuz va ta’sir o’tkazish masalasi, deydi Uorner.

Xitoy diplomatlari BMTning Shinjon boʻyicha hisoboti va unda chiqarilgan “notoʻgʻri xulosalar”ga qarshi hamkorlari bilan kurash boshladi. Raddiya sifatida Pekin chiqargan qo’shma bayonotga Rossiya, Shimoliy Koreya, Saudiya Arabistoni va Venesuela kabi 30 ta davlat qo’shildi. Bu orada Xitoyning Jenevadagi elchisi Pekin inson huquqlari bo'yicha idora bilan ortiq hamkorlik qila olmasligini e’lon qildi.

Jenevadagi Xalqaro Inson huquqlari jamiyatining Xitoy bo’yicha eksperti Sara Bruksning ta'kidlashicha, Xitoy ofisni moliyalashtirishni to'xtatib qo'yishi mumkin. Pekin hissasi yiliga 800,000 dollarni tashkil etadi. Bu ayni paytda o'nlab million dollar beradigan G'arb davlatlari ulushidan ancha kam.

Shunga qaramay, Bruksning ta'kidlashicha, agar Xitoydan moliyalashtirish to'xtatilsa, bu "katta zarba" bo'ladi, chunki Pekin yordamini qadrlaydigan davlatlar oz emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG