Breaking News

Tojikiston-Qirg'iziston mojarosi Markaziy Osiyo barqarorligiga qanday tahdid solmoqda?


So'nggi harbiy to'qnashuvlarda vayron bo'lgan xonadonlardan biri

Tojikiston-Qirg’ziston o’rtasidagi qonli to’qnashuvlar Markaziy Osiyoni tashqi tahdid emas, avvalo, ichki ziddiyatlar jiddiy beqarorlikka uloqtirishi mumkinligini ko’rsatdi.

To’rt kun davom etgan bu to’qnashuvda 100 ga yaqin mintaqa fuqarolari o’ldirildi. Turli binolar, aholi uy-joylari o’qqa tutildi, vayron qilindi. Ba'zi kuzatuvchilarga ko'ra, bu chegaraviy to’qnashuv emas, balki keng miqyosli urush harakatlari tusini olgan.

“Amerika Ovozi”ning Tojikiston va Qirg’izistondagi muxbirlari so’nggi vaziyatni ikki mamlakat chegara ziddiyatlari tarixidagi eng yirik to’qnashuv sifatida baholayapti. Nafaqat qurbonlar soni ko'pligi, balki to’qnashuv davomida ishlatilgan og’ir qurollar shundan dalolat beradi.

Qirg'iziston-Tojikiston mojarosi: ikki davlatda motam kuni
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:10 0:00

Ehtiroslar junbishga chiqishi bilan kuzatilgan bu to’qnashuvlar davomida Qirg’izistondan voqealarni yoritib kelayotgan “Amerika Ovozi” muxbiri Davronbek Hotamov noma’lum kimsalar tomonidan kaltaklab ketildi.

Ayni paytda chegaradagi to’qnashuv, otishma bosilgan, ammo tomonlarning bir-birini ayblashi davom etyapti.

Rasmiy Dushanbe va Bishkek ikkinchi tomon tinchlik kelishuvini buzayotgani, belgilangan hududlardan harbiy texnika olib chiqilmagani, etnik kamsitishlarga doir bayonotlar qilmoqda.

Ekspertlar fikricha, O'zbekistonda Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan Markaziy Osiyoda boshlangan hamkorlik ruhi va bu hamkorlik istiqboli jiddiy xavf, sinov bilan to’qnashyapti.

Hozircha bu xavfni bartaraf etishga urinish umumiy chaqiriqlardan iborat. Mintaqaviy hamkorlik tashabbusi ortida turgan prezidentlar Mirziyoyev, To’qayev ham ziddiyatdagi tomonlar bilan gaplashdi, murosaga chaqirdi.

Ammo hozircha Tojikiston va Qirg’zistonni muzokara stoliga o’tqazuvchi aniq takliflar kuzatilmadi. Vaholanki, Markaziy Osiyo ichki ziddiyatlarni mustaqil ravishda yechish imkoniyatini beruvchi o’z tuzilmasi, Markaziy Osiyo sammitiga ega.

Maslahatlashuv maqomidagi, navbatdagi uchrashuv Dushanbeda o'tishi rejalashtirilgan va unda bu so'nggi ziddiyatga qanchalik e'tibor berilishi noma'lum.

Siyosatshunos Farhod Tolipovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, mintaqa liderlarining bu yig'ini Markaziy Osiyodagi real muammolar yechimini topishga qaratilishi kerak va buning zarurligini so'nggi ziddiyatlar ko'rsatib turibdi.

Markaziy Osiyoni ichki nizolar bo'lib tashlashi mumkinmi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:41 0:00
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG