Breaking News

Safarbarlikka chaqirilgan o’zbekistonliklar Mirziyoyevga murojaat qilmoqda


Rossiyaning Oryol shahridagi chiqindi zavodida ishlayotgan bir guruh o’zbekistonliklar yordam so’rab, Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat bilan chiqqan.

Mahalliy OAV O’zbekiston fuqarolari shahardagi harbiy bo’linmaga chaqirilgani, bundan ishchilar ham, zavod rahbariyati ham noroziligi haqida yozmoqda.

Bu hodisa matbuotda yoritilishi, safarbarlikka jalb qilingan o’zbekistonliklar yordam so’rab Mirziyoyevga murojaat qilishlari ortidan O’zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi vaziyatni o’z nazoratiga olgani xabar qilinyapti.

Ukraina-Rossiya: Mirziyoyevga murojaat, dronlar va afg’on jangchilar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:24 0:00

Rossiyada e’lon qilingan safarbarlikdan Tojikiston va Qirg’iziston fuqarolari ham chetda qolayotgani yo’q. Yaqinda Turkmaniston fuqarolari ham urushga yollayotganiga doir xabarlar tarqaldi.

Turkman hukumatiga muxolifatda bo’lgan “Demokratik Turkmaniston tanlovi” harakati rahbari Murod Qurbonovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Markaziy Osiyo fuqarolarining Ukraina urushiga tortilishi mintaqa hukumatlari Vladimir Putin rejimini qo’llab kelishayotganiga bog’liqdir.

Eron dronlari Markaziy Osiyoda?

O’zbekiston doxil boshqa bir voqelik Ukrainada kuzatildi. Ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordon isroillik ekspert bilan qilgan suhbati davomida Eronga tegishli dronlar O’zbekistonda ishlab chiqarilayotganini da’vo qildi.

Bu da’voga nisbatan O’zbekiston tomonidan bildirilgan norozilik ketidan Gordon dronlar Tojikistonda ishlab chiqarilayotgani haqida gapirdi. Ukrainada deyarli e’tiborsiz qolgan bu bayonot rasmiy Toshkent va O’zbekiston matbuotida e’tibordan chetda qolgani yo’q.

Toshkent Ukraina tomoniga O’zbekiston haqida noto’g’ri ma’lumotlar tarqalishiga yo’l qo’ymaslik talabi bilan norozilik bildirdi.

Jurnalistning o’zi qilgan xatosi uchun uzr so’radi, u bilmasdan O’zbekistonni Tojikiston bilan adashtirib yuborganini aytdi. Buning ortidan rasmiy Dushanbe ham jurnalistning da’volarini rad etib chiqdi.

G’alla bitimi

Urushdagi vaziyat siyosiy, iqtisodiy sahnada burilishlar qilmoqda. Qora dengizdagi floti dronlar tomonidan nishonga olingan Rossiya “G’alla” kelishuvidan chiqqanini e’lon qildi.

Turkiya, Rossiya va BMTning davomli muzokaralari natijasi bo’lgan bu bitim dengiz orqali don mahsulotlari eksportini nazarda tutadi. Bu bitim don mahsulotlarini yetishtirish bo’yicha dunyoda yetakchi o’rinlarda turgan Ukarina mahsulotlarini dengiz orqali uchinchi davlatlarga eksport qilish imkonini berayotgan edi.

Rossiyaning bu qaroriga AQSh va Yevropa Ittifoqi o’z munosabatini bildirdi, bu global oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid sifatida baholandi. Prezident Volodimir Zelenskiy Rossiyaning bu qarori ancha avval rejalashtirilganini, g’alla eksportini taqiqlashga qaror qilgan Rossiya dunyoni ocharchilikka mahkum qilayotgani haqida bayonot qildi.

AQSh o’qitgan afg’on jangchilari Ukraina urushida paydo bo’lishi mumkin

Urush maydonidagi vaziyat avvalgi haftaga solishtirganda jiddiy o’zgarishlarsiz qolmoqda. Rossiya armiyasi Xersonni tashlab chiqishga hozirlanayotganiga doir xabarlar tasdiqlanmadi. Aksincha, Xersonga safarbarlikka chaqirilganlardan iborat yangi qo’shinlar guruhi tashlangani aytilyapti.

Avvalroq Rossiya Xersondan aholini evakuatsiya qilayotgani, harbiy texnika, qo’shinlarni olib chiqishi kutilayotgan edi.

Bu hafta Rossiya armiyasi afg’on harbiylarini Ukraina urushiga yollay boshlagani haqidagi xabarlar paydo bo’ldi. AQSh matbuotiga ko’ra, gap Tolibonga qarshi urishgan, o’z vaqtida AQSh va Britaniya maxsus xizmatlari tomonidan tayyorlangan afg’on armiyasi harbiylari haqida bormoqda.

Tolibon hokimiyatga kelishi ortidan aksariyati mamlakatda qolgan bu jangchilarning Ukraina urushiga jalb qilinishi ehtimoli yuqori baholanadi.

Bu Ukrainadagi harbiy ekspertlar diqqatidan chetda qolmadi. Mamlakatni Tolibonga jangsiz topshirgan afg’on harbiylarining malakasi shubha ostida ko’rilib, Ukrainadagi urushning Afg’oniston urushidan farq qilishi ta’kidlanmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG