Breaking News

Kanadadan qo'nim topgan dunganlar: Muvaffaqiyat kaliti jamiyat ichida


Kanadada muvaffaqiyat qozongan Qirg'iziston dunganlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:09 0:00

Kanadaning Sarri shahri Halol taomlar festivaliga mezbonlik qildi. Shahar plazasi 30 dan ortiq oziq-ovqat va ichimlik bizneslari tashkil etgan savdo nuqtalari hamda minglab odamlar bilan to’ldi. Ko'rgazma ishtirokchilari orasida o'z madaniyatini taomlar orqali namoyish qilishni maqsad qilganlar ham bor. Ana shunday bizneslardan biri Qirg’izistondan kelgan dunganlar oilasiga oid.

“Mening ismim Abdumajid. Dunganlar uyiga xush kelibsiz. Biz Qirg'izistondanmiz. Bugun oziq-ovqat va madaniyatimizni targ'ib qilish uchun shu yerga keldik. Turli xil ovqatlar, palov, kabob va shirinliklarimiz bor. To‘g‘risi, bunchalik ko‘p odam bo‘ladi, deb o‘ylamagan edik. Agar bilganimizda, yanada ko’proq tayyorgarlik ko’rib, hammaga ulashgan bo’lar edik. Ovqatlarimiz tugab qoldi”, - deydi dungan millatiga mansub, asli qirg’izistonlik Abdumajid.

Festivalga 20000 ga yaqin odam tashrif buyurdi. Abdumajid yuzida tabassum bilan yuzlab odamlarga halol taom ulashdi. U bu ovqatlarning ta'mi kanadaliklarda unutilmas taassurot qoldirishidan umidvor.

"Eng uzun navbat bizda bo’ldi. Hali ham ko’pchilik oziq-ovqat olish umidida kutib turibdi", - deydi u.

25 yoshli Abdumajid xalqaro biznes menejmenti bo'yicha tahsil oldi. Bu unga o'z biznesini boshlashdan tashqari, oilasining restoranini yuritishda ham qo’l keldi. Kanadada biznes ochish oson, ayniqsa, immigrant bo'lsangiz, deydi u. Abdumajidga ko’ra, jamiyat atrofiga qurilgan biznes muvaffaqiyat qozonadi.

“Kanadada biznes boshlash juda oson. Oziq-ovqat sohasida bir oz salomatlik bilan bog’liq tekshiruv bor. Shunga ehtiyot bo'lish kerak. Lekin qalbingiz toza bo'lsa va halol taom tortiq qilsangiz, hammasi yaxshi bo’ladi. Agar siz muhojir bo'lsangiz, menimcha, eng muhimi, birinchi navbatda biznesingizni odamlar sizni qo'llab-quvvatlaydigan va sizga yordam beradigan jamiyat ichida ochishingiz kerak", - deydi u.

Kanadadagi o'zbekistonliklar sayli
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:20 0:00

Abdumajidning onasi Rahima Kanadada o'z farzandlari ochgan biznezga ko’makdosh bo’lmoqda. Lekin, boshqa tomondan, ona vatanidagi millatdoshlarining taqdiridan eziladi. Rahima aya Markaziy Osiyo xalqlari hamjihatlikda, totuvlikda yashashini, kamsitishlardan xoli umr kechirishini umid qilmoqda.

“Ikki yil avval Qozogʻistonda, Qirgʻiziston bilan chegaradosh hududda dunganlar hujumga uchradi. O’shanda 11 kishi halok boʻlgan edi. Bu kutilmagan hujum bo’ldi. Shundan keyin ko'p odamlar o'zini xavfsiz his qilmay qo’ydi. Hozir dunganlar Qirgʻiziston va Qozogʻistonda o’zlarini xavfsiz his qilishmayapti”, - deydi ona.

Kanadaga ko'chib o'tgandan so'ng, oila hamma narsani noldan boshladi. Ulardagi qat'iyat va g'ayrat muvaffaqiyat garovi bo’ldi. Oila Kanadadagi mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishda hanuz davom etmoqda.

“Mening odamlarga aytadiganim shu: tushkunlikka tushmang. Bu qiyin bo'lishi mumkin, zotan, hamma narsa qiyin. Agar biror narsaga erishmoqchi bo'lsangiz, masalan, zinapoyadan chiqmoqchi bo’lsangiz, tepaga qarab yurishingiz kerak. Muvaffaqiyatga ham shunday, bosqichma-bosqich harakat qilish orqali erishiladi. Ingliz tilini bilmasligimiz muhim emas. Muhimi – g'ayratli bo'ling. Shunda siz hamma narsani qila olasiz", - deydi Abdumajid.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG