Breaking News

Kongress qo’mitasi Trampni jinoiy javobgarlikka tortishni tavsiya qildi


AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp
AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp

AQSh Kongressining 2021-yil 6-yanvarda yuz bergan qo’zg’olonni o’rgangan qo’mitasi sobiq prezident Donald Trampni jinoiy javobgarlikka tortishni tavsiya qildi.

Kapitoliyda yuz bergan tartibsizliklarni tekshirgan Kongress qo‘mitasi dushanba kuni Adliya vazirligiga jo’natgan tavsiyanomasida qayd etilishicha, Tramp 2020-yilgi saylovlarda demokrat Jo Bayden qozongan g’alabani yo’qqa chiqarish uchun jinoiy qilmishlarni sodir etgan.

AQSh tarixida ilk bor Vakillar palatasi hay’ati – yetti nafar demokrat va Trampga qarshi bo’lgan ikki nafar respublikachi – bir ovozdan prokurorlarni AQShning sobiq rahbariga qarshi to‘rtta ayblov qo‘yishga chaqirdi.

Qo‘mita 2021-yil yanvar oyida prezidentlik lavozimini tark etgan Trampni qo‘zg‘olonni qo‘zg‘atganlikda yoki unga yordam berganlikda, Baydenning g‘alabasini tasdiqlash uchun yig‘ilgan Kongressning rasmiy jarayoniga to‘sqinlik qilganlikda, Qo‘shma Shtatlarni aldash uchun fitna uyushtirganlikda hamda yolg‘on bayonot berishda aybladi.

Hay'atning xulosasi majburiy kuchga ega emas va jinoiy ish qo'zg'atish masalasini Adliya vazirligi hal qiladi.

Tramp prezidentlik poygasini boshlab berdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:21 0:00

Ammo bu xulosa Tramp va uning hamkorlariga nisbatan davom etayotgan jinoiy tergovlarni kuchaytirishi mumkin. Allaqachon Adliya vaziri Merrik Garland nazorati ostida maxsus prokuror Jek Smit tomonidan, shuningdek, Jorjiya shtati prokurori tomonidan Trampga qarshi alohida tergovlar olib borilmoqda.

Tramp ittifoqchilari ham nishonga olindi

Kongress qo’mitasi, shuningdek, Trampning yana besh ittifoqchisi – sobiq prezident Oq uy ma’muriyatining so‘nggi rahbari Mark Medouz va advokatlari Rudi Juliani, Jon Istman, Jeffri Klark va Kennet Chesebroni ham jinoiy javobgarlikka tortishni so’radi. Ular Trampni hokimiyatda saqlab qolish uchun saylov natijalarini bekor qilishga uringani aniqlangan.

Bundan tashqari, qo'mita Vakillar palatasi axloq qo'mitasini to'rtta respublikachi qonunchini, xususan, Palataning bo’lajak spikeri, kongressmen Kevin Makkarti hamda Jim Jordan, Skott Perri va Endi Biggslarning harakatlarini tekshirishga chaqirdi. Ular qo’mitaning tinglovda hisobot berishga doir chaqiruv qog'ozlariga rioya qilishdan bosh tortganlikda ayblanmoqda.

Qo'mita chorshanba kuni o'zining 18 oylik tergovi bo'yicha to'liq hisobotni ommaga e'lon qilishni rejalashtirmoqda. Xulosalardan birida aytilishicha, “6-yanvar qo’zg’olonining asosiy sababi bitta odam, sobiq prezident Donald Trumpdir, unga ko'plab boshqalar ergashgan; usiz 6-yanvar voqealarining hech biri sodir bo‘lmagan bo’lardi”.

Qo'mita raisi, qonunchi Benni Tompson hay'atning o’n birinchi va yakuniy ommaviy tinglovini ochar ekan, amerikalik saylovchilar saylovda ovoz berganlarida, nomzodlar g'alaba yoki mag’lubiyatni qabul qilishlarini kutishlarini aytdi.

Ammo, deydi Tompson, Tramp saylovda yutqazganini bila turib, bu ishonchni poymol qildi. Qonunchining so‘zlariga ko‘ra, Tramp bu harakatlari uchun javobgarlikni “faqat jinoiy adliya tizimida topishi mumkin”.

"Axloqiy tubanlik"

Qo‘mita raisi o‘rinbosari, respublikachi kongressmen Liz Cheyniga ko’ra, Tramp prezidentlik hokimiyatini tinch yo‘l bilan topshirishdan bosh totrib, “noqonuniy ravishda o‘z lavozimida qolishga uringan” birinchi Amerika prezidenti sifatida “mutlaqo ma’naviy tubanlik”ka yo’l qo’ygan.

“U hech bir lavozimga yaroqsiz”, - dedi respublikachi qonunchi.

Tergov 1000 dan ortiq guvohlar bilan suhbatlar, Tramp prezidentligining so‘nggi haftalari bilan bog‘liq million sahifali hujjatlarni o‘rganish va 10 ta ochiq tinglovlarni o‘z ichiga olgan.

Trampning javobi

Kongress tergovi natijalarini rad etgan Trampning da’vo qilishicha, Vakillar palatasidagi demokratlar u Oq uyga yana nomzod bo'lishining oldini olish maqsadida "soxta ayblovlar" o’ylab topgan.

"6-yanvar qo'mitasi tomonidan qo'yilgan soxta ayblovlar allaqachon taqdim etilgan, ko’rib chiqilgan va 2- impichment safsatasi shaklida suddan ham o’tgan", - dedi Tramp o'zining “Truth Social” platformasidagi postida.

2021-yili yuz bergan g‘alayon butun dunyoga AQSh demokratiyasining ramzi sifatida tanilgan Kapitoliyga so’nggi ikki asr davomida uyushtirilgan eng dahshatli hujum bo‘lgan edi.

O’shanda Trampning 2000 ga yaqin tarafdorlari binoga bostirib kirdi, Kongress ofislarini vayron va talon-taroj qilishdi hamda Kongressni bir necha soat davomida saylov natijalarini tasdiqlash jarayonidan to'xtatib qo’ydi.

Shu paytgacha g’alayonga aloqador 960 dan ortiq odam hibsga olindi. Ularning yarmiga yaqini allaqachon aybiga iqror bo'lgan yoki sud orqali aybdor deb topilgan. Bir necha kishi to'rt yildan ortiq qamoq jazosiga hukm qilingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG