Breaking News

Konstitutsiyaviy islohotlar navbati Turkmanistonga o'tdimi?


Turkmaniston Prezidenti Sardor Berdimuhammedov (o'ngda) O'zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov bilan, 2022-yil, 12-dekabr.

Turkmaniston demokratik islohotlar natijasi sifatida taqdim etilgan ikki palatali parlamentdan voz kechmoqda. Qozog’istonda ham parlament tarqatilishi, O’zbekistonda esa konstitutsiyaga doir referendum o’tkazilishi kutilyapti.

Bir qarashda Markaziy Osiyo davlatlarida siyosiy islohotlar shiddat bilan rivojlanayotgandek; ayniqsa, konstitutsiya, hokimiyat va boshqaruv sohasida.

Markaziy Osiyo davlatlaridagi bu shiddatli konstitutsiyaviy islohotlar navbati Turkmanistonga o’tgan ko’rinadi. Hokimiyat otadan o‘g’ilga meros qoldirilgan mamlakatda ikki palatali tizimdan voz kechib, yana bir palatali parlamentga qaytishga qaror qilingan.

Bu tashabbus Turkmaniston prezidentiga emas, uning otasi, parlament raisi Qurbonguli Berdimuhammedovga tegishli.

Qurbonguli Berdimuhammedov tashabbusi bilan ikki yil muqaddam mamlakatda ikki palatali parlament tashkil etilgan va bu demokratik islohotlar hamda zamon talabi bilan izohlangan edi.

11-yanvar kuni Turkmaniston parlamentida chiqish qilgan Qurbonguli Berdimuhammedov aytgan mulohazalarga tayanilsa, ikki palatali parlamentdan voz kechish ham zamon talabiga bog’liq.

Turkmaniston parlamentining yuqori palatasi Xalq maslahati va quyi palatasi Milliy kengash majlisi tomonidan imzolangan qo’shma qarorda ko’rsatilishicha, “Milliy demokaratik qadriyatlarga muvofiq, qonunchilik organini zamon talablaridan kelib chiqqan holda isloh qilish, takomillashtirish uchun xalq hokimiyati organi bo’lgan Turkmaniston Xalq Maslahatini tuzish taklifi” prezidentga taqdim etilmoqda.

Qarorda Turkmanistonda ikki palatali parlament faoliyatini tugatib, bir palatali parlament tizimiga o’tish taklif qilingan. Turkmanistondagi bu islohot ham, mintaqaning boshqa davlatlarida kuzatilayotganidek, konstitutsiyaviy o’zgarishlarni taqozo etadi.

Prezident Sardor Berdimuhammedov konstitutsiyaviy o’zgarishlarni amalga oshirishi ko’zda tutilayotgan qo’shma majlisni 21-yanvar kuni o’tkazishga doir qarorni imzoladi.

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida o’tkazilayotgan konstitutsiyaviy o’zgarishlar singari Turkmaniston misolidagi bu islohot ham, asosan, hokimiyatni mustahkamlashga bog’liq ko’rilmoqda.

O’zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning uchinchi muddatiga yo’l ochib berishni maqsad qilayotgani ta’kidlanadi. Qozog’istondagi islohotlar esa prezident muddatini besh yildan yetti yilga uzaytirdi, muddatidan avval saylovlar o’tkazilishiga yo’l ochdi.

Turkmaniston shundoq ham mintaqadagi eng repressiv davlat sanaladi. Mamlakatda parlamentning ikki yoki bir palatali bo’lishi rejimga biror ta’sir o’tkazmaydi.

Ammo konstitutsiyaviy o’zgarishlar ortidan parlament vakolatlarining kengaytirilishi Xalq Maslahati boshqaruvida qolishi kutilayotgan katta Berdimuhammedovga rasman yangi dastaklar berishi, siyosiy sahnadagi nufuzini oshirishi kutilmoqda.

Turkmaniston hukumati mamlakatda nafaqat muxolif partiyalar, balki muxolif qarashlarga ham chidamsiz; erkin fikr keskin tazyiq ostiga olinadi.

Turkman muxoliflari mamlakatni tark etishga, o’z faoliyatini xorijdan davom ettirishga majbur. “Turkmaniston demokratik tanlovi” o’z faoliyatini xorijdan yuritayotgan muxolif guruhlardan biri.

Partiya yetakchisi Murod Qurbonovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, katta Berdimuhammedov tomonidan surilayotgan tashabbus rejimni mustahkamlashdagi sinalgan usullarga qaytmoqda:

Putin nega Berdimuhamedovni orden bilan taqdirladi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:45 0:00

“Turkmanistondagi avtoritar rejim avvalgi, sinalgan tizimga qaytmoqda. Bizning partiyamiz har doim oliy hokimiyat egasi xalq ekanligini ta’kidlab keladi, bu konstitutsiyada ham belgilangan. Hokimiyatning barcha bo’g’inlari ustidan nazoratni kuchaytirish uchun Xalq Maslahati va Milliy Kengash faoliyati tugatildi. Endi har qanday aksilkonstitutsiyaviy qarorlarni yangi organ zimmasiga yuklash mumkin. Bu organ orqali ota va bola o’z hokimiyatini uzoq yillarga mustahkamlaydi. Deylik, xalq agarda prezidentdan norozi bo’lsa, Xalq Maslahati raisi bo’lgan uning otasi o’g’li Sardor Berdimuhammedov foydasiga har qanday qarorni qabul qiladi. Xullas, ular buni oilaviy hokimiyatni yanada mustahkamlash uchun qilishmoqda”, - deydi Murod Qurbonov.

Turkmaniston Prezidenti Sardor Berdimuhammedov 2022-yilning mart oyida o’tgan saylovlar ortidan otasi Qurbonguli Berdimuhammedov o’rniga prezidentlikka kelgan edi. Katta Berdimuhammedovning hokimiyatdan voz kechish qarori salomatligi bilan bog’liq ko’riladi.

Hokimiyatni o’g’liga topshirgandan beri katta Berdimuhammedov mamlakat parlamentining yuqori palatasi Xalq Maslahati raisi lavozimini egallab kelmoqda.

Sobiq prezident tashabbusi ortidan tashkil qilinayotgan yangi parlament nafaqat konstitutsiyaviy va qonunchilik sohasida, shuningdek xavfsizlik va tashqi siyosatga doir masalalarda ham ma’lum vakolatlarga ega bo’lishi ta’kidlanmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG