Breaking News

AQSh va Ukraina yetakchi harbiylari Polshada muloqot qildi


AQSh qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari general Mark Milli (markazda) Polshada harbiylar bilan, 2023-yil, 17-yanvar
AQSh qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari general Mark Milli (markazda) Polshada harbiylar bilan, 2023-yil, 17-yanvar

17-yanvar kuni AQSh armiyasi generali Mark Millli va Ukraina armiyasi qo’mondoni Valeriy Zalujniy Polsha janubi-sharqidagi harbiy bazada ilk bor yuzma-yuz muzokara o’tkazdi.

AQSh qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari Milli aniq manzili oshkor qilinmagan joyda ukrainalik yuqori martabali harbiy bilan ikki soat suhbatlashgan. O'tgan fevral oyida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri bu ikki oliy harbiy telefon orqali tez-tez gaplashib turgan, ammo shu paytgacha yuzma-yuz uchrashmagan edi.

Muloqot Qo'shma Shtatlar va uning G'arbdagi ittifoqchilari Rossiya havo hujumlarini to'xtatish uchun Ukrainaga milliardlab dollarlik harbiy yordam va qurol-yarog' yuborayotgan bir paytda bo'lib o'tdi. Ukraina sharqidagi janglar so’nggi kunlarda boshi berk ko'chaga kirib qolgan bo'lsa-da, hech bir tomon janglarda imkoniyatni boy berayotganini tan olgani yo’q.

AQSh Ukrainaga bevosita askar jo’natishdan tiyilayotgan bo‘lsa-da, so’nggi oylarda uning bu urushdagi strategik ishtiroki kengayib bormoqda. Vashington yaqinda Ukrainaga “Patriot” mudofaa mudofaa tizimini berishga va ukrainalik askarlarni AQShga qarashli harbiy bazada tayyorgarlikdan o’tkazishga qaror qildi.

Armiya polkovnigi Deyv Batler so'zlariga ko'ra, Milli NATO rahbarlarining shu hafta oxirida bo'lib o'tadigan yig'ilishi oldidan Ukrainadagi vaziyat bo’yicha Zalujniydan batafsil ma’lumot olgan.

"Bular jang maydonidagi taktik va operatsion sharoitlarni hamda harbiylar nimalarga muhtojligini aniqlashga yordam beradi", - deya qo’shimcha qildi u.

Bundan tashqari, Millli, shuningdek, Germaniyadagi AQSh harbiy bazasida o’quv mashg’ulotlarini boshlagan Ukraina askarlari bilan ham uchrashgan.

U bazaga qariyb ikki soatlik tashrifi chog‘ida 600 nafar ukrainalik askarning qurol-yarog‘ bo‘yicha o’tkazayotgan mashg’ulotlariga guvoh bo’ldi. Bu trening Ukraina qo‘shinlarining qarshi hujumga o‘tishiga yoki Rossiya hujumlariga qarshi turishiga yordam berishi umid qilinmoqda.

Millli va boshqa ittifoqchi davlatlar harbiylari chorshanba va payshanba kunlari Bryusselda yig'ilishadi. Shuningdek, Ukraina bilan aloqa guruhi deb ataladigan guruh payshanba va juma kunlari Germaniyadagi Ramshteyn havo bazasida uchrashuv o’tkazadi. Bu guruh 50 ga yaqin yuqori darajadagi mudofaa rasmiylarini, jumladan, AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinni o’z ichiga oladi. Ular Ukrainaga ko’rsatilayotgan harbiy yordamni muvofiqlashtirish bilan shug'ullanadi.

Rossiya so'nggi kunlarda tuz konlariga ega kichik Soledar shahrini o'z nazoratiga olganini da'vo qildi. Ukraina esa qo'shinlari u yerda hanuz jang olib borayotganini aytmoqda. O'tgan hafta oxirida havo hujumlari natijasida Rossiya Kiyevga, shimoli-sharqdagi Xarkov shahriga va janubi-sharqdagi Dneprga yangi zarbalar berdi. Dneprdagi bir turar-joy binosiga uyushtirilgan hujumda halok bo'lganlar soni 45 kishiga yetdi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy dushanba kuni tungi murojaatida aytishicha, Dneprdagi hujum Ukrainaga qurol yetkazib berish bo‘yicha tezroq va muvofiqlashtirilgan qarorlar qabul qilish zarurligini ko’rsatgan.

“Dneprda sodir boʻlgan voqea Ukraina va erkinlikni himoya qiluvchi koalitsiyaning barcha saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirish naqadar muhimligini anglatadi”, — dedi Zelenskiy.

Rossiya rasmiylari Ukrainada tinch aholi nishonga olinganini qayta-qayta rad etdi. Jumladan, dushanba kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya kuchlari turar-joy binolari yoki ijtimoiy infratuzilmaga zarba bermayotganini, aksincha, faqat harbiy nishonlarga hujum qilinayotganini da’vo qildi.

Ayni paytda askarlari Ukrainada jang qilayotgan “Vagner” guruhining sobiq qo'mondoni ekanligini da'vo qilgan bir shaxs o'tgan hafta guruhdan qochib, Norvegiyadan boshpana so'ragan.

Norvegiya hukumati chegarachilar juma kuni erta tongda Rossiya-Norvegiya chegarasi yaqinida bir kishini qo‘lga olganini ma’lum qildi.

Qo’lga olingan shaxs advokatining axborot agentliklariga aytishicha, unng mijozi Andrey Medvedev Norvegiyada boshpana izlamoqda.

"U urush jinoyatlarini tergov qilayotgan odamlarga Vagner guruhidagi tajribasi asosida gapirishga tayyorligini aytdi", - dedi advokat Brinjulf Risnes.

Ukraina mudofaasiga hissa qo'shayotgan xorijliklar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:54 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG