Breaking News

AQSh Xitoyni Rossiyaga yordam bermaslik haqida ogohlantirdi


Xitoy harbiylari

AQSh Xitoyni Ukraina urushida Rossiyaga moddiy va harbiy yordam ko’rsatishning oqibatlari haqida ogohlantirdi. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning kelasi oy boshida Pekinga tashrifi oldidan Vashington bu masalada kesib o’tish mumkin bo’lmagan qizil chiziqlarni belgilamoqda.

Seshanba kuni AQSh Mudofaa vazirining Xitoy bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Maykl Cheyz Xitoy Markaziy harbiy komissiyaning Xalqaro harbiy hamkorlik bo‘yicha idorasi direktori o‘rinbosari Song Yanchao bilan suhbatlashgan. Bu haqda ismini oshkor qilmaslik sharti bilan “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan AQSh rasmiysi xabar berdi.

Uning aytishicha, Vasington Rossiya transport samolyotlarining Xitoyga bir necha bor qatnaganini kuzatib bormoqda.

Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays oʻtgan hafta “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Pekin Rossiyaga xavfsizlik yordami koʻrsatayotgani haqida ma’lumot yo’qligini aytdi.

"Agar XXR sanksiyalardan qochishda Rossiyaga tizimli yordam berayotganidan xabar topsak, albatta, buing badali bo'ladi", - dedi Prays.

Seshanba kungi ikki soatlik muzokaralar shu oy boshida AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ziddiyatlarni yumshatish uchun Xitoy Mudofaa vaziri Vey Fenxe bilan uchrashish bo’yicha bergan taklifi Pekin tomonidan rad etilgandan keyin bo'lib o'tdi.

O'tgan hafta AQSh-Yaponiya 2+2 muzokaralaridan so'ng Davlat departamentida bo'lib o'tgan matbuot anjumanida Ostin xitoylik hamkasbidan yanglish hisob-kitoblarga yo'l qo'ymaslik uchun "yarim yo'lda" AQSh bilan uchrashishni va "aloqa yo'llarini ochiq tutishni" so'raganini aytdi.

Vey mart oyida nafaqaga chiqadi. Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy harbiy komissiyasining yangi a’zosi Li Shanfu XXRning navbatdagi Mudofaa vaziri bo’lishi kutilmoqda.

Li 2018-yilda Xitoy Rossiyaning ilg‘or qiruvchi samolyotlari va raketa tizimlarini sotib olgani uchun AQSh hukumati tomonidan sanksiyaga tortilgan edi. Ammo AQSh sanksiyalari Lining Amerika rasmiylari bilan rasmiy uchrashuvlar o‘tkazishiga to‘sqinlik qila olmaydi, deydi Davlat departamenti rasmiysi.

Seshanba kungi muzokaralar chog‘ida amerikalik mulozimning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Xitoy AQSh palatasi yangi Spikeri Kevin Makkartining Tayvanga ehtimoliy tashrifi haqida ham xavotir bildirgan. Makkarti o'tgan yili, agar u palata spikeri bo'lsa, Tayvanga tashrif buyurishini aytgan va bu Xitoyni g'azablantirgan edi.

Xitoy o'zini o'zi boshqaradigan demokratik orol ustidan egalikni da'vo qiladi. Tayvan esa bu da'voni rad etadi.

AQSh diplomatlari va harbiy amaldorlari Kongress Bayden ma'muriyatidan mustaqil ish olib borishini ta'kidlab, Xitoyni Tayvan bo'g'ozi yaqinida "ko'zda tutilmagan" harbiy halokatga olib kelishi mumkin bo'lgan harakatlardan tiyilish haqida ogohlantirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG