Breaking News

O’zbekiston Rossiya bilan energetik hamkorlikni kuchaytirmoqchi


Rossiya gaz quvuri
Rossiya gaz quvuri

O’zbekiston Afg’onistonga elektr eksportini tiklash, Rossiya bilan energetik hamkorlikni rivojlantirish qarorida.

Energetik inqiroz tufayli O’zbekiston Afg’onistonga yetkazayotgan elektr eksporti to’xtatilishi ortidan Tolibon hukumati O’zbekiston tomoniga bitim shartlari buzilayotganiga doir e’tirozlar bilan chiqqan edi.

Bu e’tiroz ortidan O’zbekiston Energetika vazirligi haqiqatdan 14-yanvardan boshlab Afg’onistonga elektr energiyasi yetkazib berish to’xtatilgani, bunga turli texnik nosozliklar sabab bo’lgani, eksport 25-yanvardan tiklanishini ma’lum qildi.

O’zbekiston hukumati Afg’onistonga uzatilayotgan elektr energiyasi ichki iste’molga ta’sir qilmasligini ta’kidlayapti.

“Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan va ichki iste’molga mo‘ljallangan elektr energiyasi eksportga yo‘naltirilmaydi”, - deyiladi Energetika vazirligi tarqatgan xabarda.

Afg’onistonga yetkazilayotgan elektr energiyasi qayerda ishlab chiqarilayotgani shunday izohlanadi:

“Hukumatlararo kelishuvga muvofiq amalga oshiriladigan elektr energiyasi import amaliyotining bir qismi Afg‘onistonga (imzolangan shartnomalarga muvofiq) eksport qilinadi”.

O'zbekiston energiya taqchilligini yenga oladimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:11 0:00

Afg’onistonga elektr uzatilishining to’xtagani sabablaridan biri issiqlik elektr stansiyalaridagi yoqilg’i tanqisligi deb ko’rsatilgan.

So’nggi vaziyatga ko’ra, mamlakat keskin energiya iste’molini tejash tizimiga o’tganiga qaramasdan, yoqilg’i, elektr tanqisligi yechilgani kuzatilmaydi.

23-yanvar kuni Bosh vazir Abdulla Aripov energetik vaziyatga doir videoselektor o’tkazgan. Yig’in prezident topshirig’iga ko’ra chaqirilgani, unda elektr energiyasi tizimini modernizatsiya qilish, tejamkorlik, ishlab chiqarish quvvatini oshirish masalasi muhokama qilingan.

Matbuotga ko’ra, Abdulla Aripov kamchiliklardan “to’g’ri xulosa” chiqarilganini ta’kidlagan:

“Bu yilgi qish mavsumida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda, keyingi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni mutlaqo yangicha yondashuvda bugundan boshlashimiz kerak”.

O’zbekistonda anomal sovuq boshlanar ekan, mamlakat energetik inqirozga tortildi. Poytaxt Toshkent doxil yirik shaharlar gazsiz, chiroqsiz qoldi; yoqilg’i tanqisligi nafaqat aholi turmushi va xavfsizligiga, shuningdek, ishlab chiqarish korxonalariga jiddiy ta'sir qildi.

Buning sababi nafaqat mamlakat energetik tizimidagi nosozliklar, balki Turkmaniston texnik nosozliklar bois gaz uzatishni to’xtatgani bilan ham izohlangan edi.

So’nggi vaziyatga ko’ra, Turkmaniston O’zbekistonga gaz uzatishni tiklagan. Diqqatlisi, bu xabarlar O’zbekiston va Rossiya o’rtasida gaz sohasidagi hamkorlikka oid “yo’l xaritasi” imzolanishi manzarasida ko’zga tashlanadi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning “uch tomonlama (Rossiya, Qozog’iston, O’zbekiston) gaz ittifoqi” ni tashkil etish tashabbusi jiddiy munozaralar bilan kutib olingan, O’zbekiston va Qozog’iston tomoni bu ittifoqni rad etib chiqqan edi.

Energetika vaziri Jo’rabek Mirzamahmudov O’zbekiston gazni faqat tijorat bitimiga muvofiq sotib olishi mumkinligi, har qanaqa ittifoqlarga hojat yo’qligini aytgan bo’lsa, Qozog’iston tomoni ittifoq Rossiyaga sanksiyalarni aylanib o’tishga imkon berishi mumkinligini ta’kidlagan edi.

Toshkentda Mirzamahmudov va “Gazprom” rahbari Aleksey Miller imzolagan “yo’l xaritasi” bitimida bu e’tirozlar qanchalik inobatga olingani hozircha noma’lum.

O’zbekiston Energetika vazirligi hozircha bu bitimga doir ma’lumotlarni taqdim etmagan, “Gazprom” tomoni gaz sohasidagi hamkorlikka oid “yo’l xaritasi” imzolangani haqidagi qisqa xabar bilan cheklangan.

Avvalroq Rossiya tomoni “gaz ittifoqi” doirasida mintaqa transport quvurlari ustidan nazoratni qo’lga olmoqchi ekanligi, O’zbekiston va Qozog’istonga transport tizimini “Gazprom”ga sotish taklifi bilan chiqqani, ammo bu rad etilgani ma’lum bo’lgan edi.

O’zbekiston va “Gazprom” o’rtasidagi “yo’l xaritasi” yakuniy bitim emas, tomonlarning hamkorlikka tayyorligini ifodalovchi kelishuvdir. “Gazprom” xuddi shunday kelishuvni “uch tomonlama ittifoq”ning yana bir a’zosi Qozog’iston bilan ham o’tgan hafta imzolagan.

Rossiya bu ittifoq doirasida o’z gazini, ayniqsa, Yevropa bozoridan mahrum bo’lishi ortidan, O’zbekiston va Qozog’istonga, asosiysi Xitoyga sotishni maqsad qilayotgani aytilmoqda. Mintaqa asosan transport hududi vazifasini o’taydi.

Ekspertlar hozirgi siyosiy vaziyatda Rossiya energiya manbalaridan umid qilishning o’zi xatarli ekani haqida ogohlantirib keladi.

“Rossiya bilan har qanday ittifoq, energetik sohadagi ittifoq ham siyosiy bosimga aylanishini dunyodagi hozirgi siyosiy vaziyat ko’rsatib berdi. Rossiya Yevropa ittifoqiga aynan energetik bosim bilan tahdid qilib keldi, natijasi nimalarga olib kelganini Ukraina misolida ko’rib turibmiz. Shunday ekan, Markaziy Osiyo bilan energetik hamkorlik bunday tahdiddan xoli bo’ladi deb o’ylash noto’g’ri. Buni O’zbekiston, Qozog’iston ham yaxshi bilishi kerak”, - deydi tahlilchi Alisher Ilhomov.

O’zbekistonning energetika sanoatida, xususan, gaz-neft qazib chiqarishda Rossiya kompaniyalari yetakchi o’rin tutadi. Bu kompaniyalar bilan tuzilgan bitimlar tafsiloti jamoatchilikka ochiq emas. So’nggi inqiroz ortidan bunday shartnomalarga nisbatan tanqidlar jiddiy kuchaydi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG