Breaking News

"Kompromat.uzb" hamon tergovda


Xurshid Daliyev O'zbekiston media makonida uzoq yillik tajribaga ega. Davlat teleradiosida, shuningdek, "Kun.uz" axborot portalida ishlagan; xalqaro dasturlar orqali chet elda treninglarda bo'lib qaytgan
Xurshid Daliyev O'zbekiston media makonida uzoq yillik tajribaga ega. Davlat teleradiosida, shuningdek, "Kun.uz" axborot portalida ishlagan; xalqaro dasturlar orqali chet elda treninglarda bo'lib qaytgan

O'zbekistonda 27-yanvardan beri hibsda saqlanayotgan jurnalist, "Human.uz" axborot portali asoschisi va direktori Xurshid Daliyev 14-fevral kuni uni ko'rishga borgan hamkasblari va rasmiylarga ahvoli yaxshi ekanini aytgan.

Tashrif Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) tomonidan uyushtirilgan. "Amerika Ovozi"ning aniqlashicha, Daliyev hamon Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) qo'lida. Mahbusning uchrashuvda tasdiqlashicha, tergov hali tugamagan.

DXX jurnalistni "fuqaro I.A.dan kelib tushgan murojaatga asosan" va "Telegram"dagi "Kompromat.uzb" va boshqa kanallar orqali amalga oshirilgan jinoyatlarda ayblab ushlab turgani aytiladi. "Kompromat.uzb", xususan, O'zbekiston hukumatidagi qora ishlarni ochib berayotganini da'vo qilib kelayotgan edi.

Biroq bu ish bilan tanish mutasaddilarning "Amerika Ovozi"ga bildirishicha, ayblovlar "oshkoralikka qarshilik bilan emas", balki "Kompromat.uzb" kanalida "chiqqan va chiqarilmagan materiallar uchun talab qilingan pul, shantaj" bilan bog'liq. Bu borada esa ayblanuvchilardan so'rashning imkoni yo'q. Ya'ni, mutassadilar aytayotgan gaplar hozircha gumon va ayblov.

Daliyev va yana bir necha kishiga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi "v", ya'ni tovlamachilik aybi qo'yilgan. Sudda aybdor deb topilsa, 5-10 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Hibsdagilardan biri Mavjuda Mirzayeva bo'lib, u hozirda Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga aylangan organning matbuot kotibi edi. AOKA Mirzayeva taqdiri haqida lom-mim demayapti.

Daliyev davlat va xususiy advokatlar bilan ta'minlangani ma'lum. Kechagi muloqotda u hamkasblardan surat va videoga olmaslikni so'ragan.

U qamoqdagi sharoitdan shikoyati yo'qligini aytgan. Jurnalistning tasvirlashicha, unga nisbatan biror jihatdan salbiy munosabatda bo'lishmayapti.

Daliyev O'zbekiston media makonida uzoq yillik tajribaga ega. Davlat teleradiosida, shuningdek, Kun.uz axborot portalida ishlagan; xalqaro dasturlar orqali chet elda treninglarda bo'lib qaytgan

DXX 27-yanvardagi bayonotida hibsdagilarning "qonun bilan belgilangan huquq va erkinliklari ta’minlanishi kafolatlanadi" deya qayd etgan.

AOKA ham inson huquqlari buzilmasligiga chaqirgan. Idoraga ko'ra, tergov jarayonlari adolatli va qonunchilik prinsiplari asosida o‘tishi kafolatlangan.

Bu orada "Human.uz" jamoasi bir necha kunlik tanaffusdan keyin ishga qaytgan. Daliyev qatori 27-yanvarda olib ketilgan Muslim Mirzajonov, "Human.uz" bosh muharriri, bir kun o'tib qo'yib yuborilgan.

O'sha kuni organlar Human.uz tahririyatini reyd qilgan, bir necha odamni so'roq qilish uchun ancha payt ushlab turgan. Mirzajonov singari ular ham keyin uyga va ishga qaytgan.

Voqea O'zbekiston media makonida kuchli xavotir va qo'rquv bilan qarshilangan. Matbuotga reydlar nisbiy erkinlik zamonida "dahshatli hol", deya munosabat bildirmoqda faol jurnalist va blogerlar.

O'zbekiston xalqaro reytinglarda jurnalistika va erkinlik borasida eng past o'rinlarda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG