Breaking News

Rossiya SNV-3 bitimini vaqtincha to'xtatishi yadro qurollari poygasiga turtki beradimi?


Kreml AQSh bilan imzolangan strategik hujumkor qurollarni qisqartirish va cheklashga qaratilgan bitim ijrosini to’xtatishi haqida e’lon qilishi ketidan payshanba kuni Prezident Vladimir Putin Rossiya yadro arsenalini kuchaytirish rejasi haqida ma’lum qildi.

Xalqaro hayot - 24-fevral, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:31 0:00

“Gipertovushli “Kinjal” va “Sirkon” raketa tizimlarini ommaviy ishlab chiqarishni davom ettiramiz”, - dedi u.

2021-yil fevralida besh yilga uzaytirilgan kelishuv AQSh va Rossiyaga yadro inshootlarini o’zaro ko’zdan kechirish imkonini beradi.

AQSh “Yangi START”, Rossiya esa “SNV-3” deb atovchi bitim 2010-yilda prezidentlar Barak Obama va Dmitriy Medvedev tomonidan imzolangan bo’lib, ikki mamlakat o’rtasidagi so’nggi yadroviy kelishuvdir.

Putinga ko’ra, NATO va xususan AQSh Ukrainaga Rossiyaga qarshi urushda harbiy yordam berayotgan bir paytda bitimga amal qilish mantiqsizlikdir.

Moskvaning bitimdagi ishtirokini to’xtatish qarori qisqa muddatda jiddiy oqibatlarga olib kelmaydi, deydi amerikalik siyosatshunos Ian Xyord.

“Bitim muddati tugar edi baribir. Bu esa ikki mamlakat o’rtasidagi harbiy aloqalarga sezilarli ta’sir qilmaydi”, - deydi Illinoysdagi Shimoli-g’arbiy universitet professori.

Dunyodagi barcha yadro qurollarining 90 foizidan oshig’i Rossiya va AQSh hissasiga to’g’ri keladi. Hozirgi bitimga ko’ra, bu ikki mamlakat yadro kallakchalari sonini 1550 donadan oshirmasligi kerak. Yadro inshootlarining o’zaro inspeksiyasi ham endi mumkin emas.

Usiz ham pandemiya sabab inspeksiyalar so’nggi uch yildan beri o’tkazilmayotgan edi. Vashington bunda Moskvani ayblaydi.

“Bu har ikki mamlakat manfaatlariga javob beradi, chunki yadroviy qurol poygasini cheklaydi. Agar istasa, AQSh buning uchun Rossiyadan ko’p pul sarflashi mumkin, axir iqtisodiyoti kattaroq. Nazarimda, Rossiya savdolashmoqchi va Bayden ma’muriyatiga “Ukrainaga yordamingiz qimmatga tushadi” demoqchidir”, - deydi “Yevropa liderlik tarmog’i” tashkilotidan Jeyn Kinninmont.

AQSh Prezidenti Jo Bayden Rossiyaning bitim ijrosini vaqtincha to’xtatish qarorini xato deb atadi. BMT bosh kotibi ham Moskvani fikridan qaytishga chaqirmoqda.

Ba’zi kuzatuvchilar yadro qurollari poygasiga Xitoy kabi boshqa yadroviy davlatlar ham kirishib ketishidan xavotirda.

“AQSh va Rossiya o’z yadro dasturlarini cheklashdan bosh tortayotgan bir paytda qanday qilib Xitoyni bunga ko’ndirish mumkin?”, - deydi Kinninmont.

Putin AQShning yadro qurollari eskirayotganiga ishora qilib, Vashington yadroviy sinovlarni jonlantirishga hozirlik ko’rayotganini aytarkan, shunday bo’lgan taqdirda Rossiya ham o’z sinovlarini o’tkazishi haqida bildirdi. AQSh, Rossiya, Fransiya, Britaniya va Xitoy 1990-yillardan beri yadro sinovlaridan o’zlarini tiyib kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG