Breaking News

Rossiya sanksiyalarni aylanib o'tishda vositachilardan foydalanishni kuchaytirmoqda


Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi Kremlga nisbatan misli ko‘rilmagan sanksiyalar to‘lqinini keltirib chiqardi.

O’tgan bir yil ichida AQSh Moliya vazirligi 2400 ga yaqin yuridik va jismoniy shaxslarga sanksiya qo'ydi; Savdo vazirligi esa Rossiya va uning ittifoqchisi Belarusga eksportni taqiqlovchi nazorat o'rnatdi.

Bayden ma'muriyati cheklovlar Rossiyaning harbiy-sanoat kompleksi va ta'minot zanjirlarini "sezilarli darajada yomonlashtirganini" aytsa-da, Moskva borgan sari sanksiyalarni chetlab o'tishga moslashib borayotgani xabar qilinmoqda.

Energetika sanoatiga nisbatan qo’llangan keng qamrovli sanksiyalarga qaramay, Rossiya kompaniyalari vositachilardan foydalangan holda dunyo bo'ylab neft tashishda davom etmoqda. Kreml, shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiya qo'llamagan mamlakatlar orqali AQSh va Yevropa texnologiyalarini import qilmoqda.

Bo'shliqni yopish uchun Bayden ma'muriyati sanksiyalardan qochishga yordam bergan 200 dan ortiq subyektni alohida ro’yxatga oldi. G'aznachilik departamentining o'tgan oy e’lon qilishicha, bu ro’yxatga Yevropa, Afrika, Yaqin Sharq, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi va Sharqiy Osiyodagi yuk tashish bilan shug’ullanuvchi kompaniyalar kiradi.

O'tgan hafta AQShning Adliya, G'aznachilik va Savdo departamentlari bir qator kompaniyalarni AQShning Rossiyaga nisbatan sanksiyalarini aylanib o’tishga yordamlashish oqibatlari haqida ogohlantirgan.

Ukraina urushidan Markaziy Osiyo qanday saboq chiqarishi kerak?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:38 0:00

Sanksiyalarni aylanib o’tishga xalqaro pul o'tkazmalarini amalga oshirish uchun qobiq kompaniyalaridan foydalanish, oxirgi foydalanuvchi haqida ma'lumot almashishni istamaslik va taqiqlangan narsalarni Rossiya yoki Belarusga noqonuniy yo'naltirish uchun ba'zi bir yuk tashish punktlaridan foydalanish kabi faoliyat turlari kiradi.

"Barcha sohadagi korxonalar tartibga qat'iy rioya qilish uchun mas'uliyat bilan harakat qilishlari kerak", deyiladi xabarnomada.

Vashingtondagi “Holland & Knight” yuridik firmasi hamkori Antoniya Tzinovaning aytishicha, ma'muriyatning sanksiyalarga rioya qilish haqidagi bildirishnomasida Rossiya subyektlari cheklovlarni aylanib o'tish yo'llarini topgani haqidagi xavotirlar aks etgan.

"Xavotir shundaki, Rossiya o'z urushini qo'llab-quvvatlash uchun embargo qilingan texnologiyalarni olishda va urushni moliyalashtirish uchun kerakli resurslarni topishda davom etmoqda", - dedi Tzinova.

Sanksiyalar maqsadli, yaqindan muvofiqlashtirilgan va ko'p tomonlama bo'lsa, ishlaydi, dedi u. Ammo ular vaqt o'tishi bilan kuchini yo'qotadi, chunki nishonga olinganlar ulardan qochishni o'rganadi.

"Bu moslashish jarayonining bir qismi, - dedi huquqshunos Rossiyaning sanksiyalar ta'siriga bardosh bera olish qobiliyati haqida. - Ular yo'llarini topadi, chunki ular uchun bu omon qolish masalasi".

“Integrity Risk International” tashkiloti bosh ijrochi direktori Jim Makvinining aytishicha, muvofiqlik eslatmasi Rossiyaga sanksiyalardan qochishga yordam berayotgan hukumatlar uchun ogohlantirish signalidir.

"Bular biz, odatda, dunyo bo'ylab ko'radigan oddiy yomon o’yinchilar emas", - dedi Makvini.

Xabarnomada Xitoy, Armaniston, Turkiya va Oʻzbekiston Rossiya va Belarusga “oʻtkazish punktlari” sifatida keng qoʻllaniladigan davlatlar qatorida qayd etilgan.

Yanvar oyida "Silverado Policy Accelerator" notijorat tashkiloti ba'zi sobiq Sovet davlatlari "mahsulotni Rossiyaga to'g'ridan-to'g'ri eksport qilmaydigan transmilliy firmalar tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlarni ko'paytirgani" haqida xabar bergan edi.

Rossiya va Belarusga yuk tashishning yana bir punkti Birlashgan Arab Amirliklari hisoblanadi.

AQSh Moliya vazirining terrorizmni moliyalashtirish bo‘yicha yordamchisi Elizabet Rozenbergga ko’ra, ma’muriyat BAAda joylashgan kompaniyalar 2022-yil iyul-noyabr oylari orasida AQSh tomonidan sanksiyaga tortilgan Rossiya korxonalariga 18 million dollardan ortiq mahsulot eksport qilganidan “xavotirda”.

Bundan tashqari, uning so'zlariga ko'ra, BAA firmalari Rossiyaga 5 million dollardan ortiq AQShda ishlab chiqarilgan, eksport nazorati ostidagi tovarlarni, shu jumladan yarimo'tkazgichli qurilmalarni jo'natgan.

Rozenberg o'tgan hafta Xalqaro savdodagi ayollar assotsiatsiyasidagi chiqishida "Rossiya bilan jang maydonida foydalanish mumkin bo'lgan tovarlar turi va Rossiyaning cheklov ostidagi subyektlariga yordam beradigan savdo hajmi oshganidan xavotirdamiz" dedi.

"Biz ushbu turdagi yordamni individual, firma va sektor darajasida tekshirmoqdamiz", - deya qo’shimcha qildi u.

Xitoy, Armaniston, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonalari “Amerika Ovozi”ning izoh so’rab jo’natgan soʻrovlariga javob bermadi.

“Integrity Risk” vakili Makvinining aytishicha, Bayden ma'muriyati Rossiyaning xalqaro sanksiyalarni chetlab o'tish harakatlaridan "xavotirda".

"Ular sanksiyalardan qanchalik ko'p qochsa, Rossiya bu urushni shunchalik uzoq davom ettirishi mumkin, - dedi Makvini. - Sanksiyalar qanchalik ko'p amalga oshirilsa, Rossiya uchun urushni moliyalashtirish, urushni davom ettirish shunchalik qiyin bo'ladi".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG