Breaking News

Imron Xon hibsga olinishi ortidan Pokiston bo'ylab namoyishlar boshlandi


Sobiq bosh vazir Imron Xon hibsga olinishi ortidan butun Pokiston bo'ylab norozilik namoyishlari boshlandi.
Sobiq bosh vazir Imron Xon hibsga olinishi ortidan butun Pokiston bo'ylab norozilik namoyishlari boshlandi.

Pokiston hukumati seshanba kuni sobiq bosh vazir, eng yirik siyosiy partiya rahbari Imron Xonni poytaxt Islomoboddagi sud binosi oldida hibsga oldi.

70 yoshli siyosatchi terrorizm va korrupsiyadan tortib, davlatga xiyonat hamda boshqa jinoyatlarni o’z ichiga oluvchi o‘nlab ayblovlar bo‘yicha sud majlisida ishtirok etishga tayyorlanayotgan paytda hibsga olingan.

Xon advokatlarining ta'kidlashicha, yarim harbiy kuchlar uni qamoqqa olish paytida jismoniy tajovuz qilgan.

Xonning partiyasi rahbarining hibsga olinishini qoraladi.

“Davlat terrorizmi bu – Islomobod Oliy sudi binosiga Imron Xonni sud binosidan o‘g‘irlash uchun bostirib kirishdi. O'rmon qonuni amal qilmoqda. Harbiylar advokatlarni kaltakladi, Imron Xonga zo‘ravonlik qo‘llab, uni o‘g‘irlab ketishdi”, - deb yozdi “Tvitter”da muxolifat yetakchisining yaqin yordamchisi Shirin Mazoriy.

Pokiston Ichki ishlar vaziri Rana Sanaulloh Xonning korrupsiya ishi bo’yicha hibsga olinganini tasdiqladi, lekin jismoniy tajovuz ayblovlarini rad etdi.

Butun mamlakat bo’ylab norozilik namoyishlari

Imron Xon tarafdorlari norozilik bildirish uchun darhol Islomobod va mamlakatning boshqa hududlarida ko‘chalarga chiqdi. Islomobod politsiyasi namoyishchilarni tarqatib, ularning o‘nlab faollarini hibsga oldi.

Guvohlarning xabar berishicha, xavfsizlik kuchlari bir necha shaharda armiya va razvedka inshootlari tashqarisida to’plangan erkaklar va ayollarga qarata o‘q uzgan va ko‘plab namoyishchilar yaralangan.

Ko‘p sonli Xon tarafdorlari Ravalpindidagi harbiy qarorgoh oldida to‘planib, armiyaga qarshi shiorlar qo’llagan. Bu narsa Pokistonning yaqin tarixida kuzatilmagan.

Ayni paytda Lahordagi provinsiya hukumati politsiyaga vaziyatni nazorat qilishda yordam berish uchun harbiylashtirilgan kuchlarni joylashtirgan.

Gʻazabga to’la norozilik namoyishlari Afgʻonistonga tutash Xayber-Paxtunxva viloyati boʻylab ham avj oldi.

Hukumat yirik shaharlarda barcha turdagi yig'ilishlarni darhol taqiqlash haqida qaror chiqardi.

Vashingtondagi Kvinsi instituti tadqiqotchisi Adam Vaynshteynning aytishicha, Imron Xonning hibsga olinishi allaqachon kuchayib borayotgan siyosiy bo'ronni avj oldirib, mamlakat iqtisodiy jarlikdan uzoqlashayotgan bir paytda uni benzin bilan to'ldiradi.

Hibsga olish Xon Pokiston harbiy josuslik agentligining yuqori martabali generali uni o'ldirishni rejalashtirayotgani haqidagi da'vosiga yangi tafsilotlarni qo'shganidan bir necha soat o'tib sodir bo'ldi.

Muxolifat yetakchisining ogohlantirishicha, bunday hodisa 220 millionga yaqin aholiga ega Janubiy Osiyo davlatini Shri-Lankada o‘tgan yili yuz bergan siyosiy tartibsizliklardan ham og’irroq notinchlikka olib kelishi mumkin.

Xon o‘tgan yilning noyabr oyida Pokistonning eng ko‘p aholi yashaydigan Panjob viloyati poytaxti Lahor yaqinida hukumatga qarshi norozilik namoyishini boshqarayotganda suiqasdga uchrab, yaralangan edi. Hujum natijasida bir kishi halok bo'ldi; Imron Xon esa oyog’idan o’q yedi.

Xon harbiy razvedka general-mayori Faysal Nosirni suiqasdni rejalashtirganlardan biri bo‘lganlikda aybladi.

Hukumat rasmiylari esa suiqasd hozir hibsda bo'lgan va ommaviy axborot vositalariga tarqalib ketgan videoda o'z aybiga iqror bo'lgan yolg'iz qurolli odamning ishi ekanini aytdi.

Sobiq bosh vazir Xon 2022-yil aprel oyida parlamentning ishonchsizlik votumi orqali lavozimidan chetlashtirilgan. U qonunchilarning bu harakatini noqonuniy deb ataydi. Unga ko’ra, bu ish Pokiston armiyasining iste'fodagi boshlig'i general Qamar Javed Bajva tomonidan uyushtirilgan.

Pokiston iqtisodiy va siyosiy inqiroz botqog'ida ekan, Xon partiyasi Sharifning koalitsion hukumatiga erta saylovlar o'tkazish uchun bosim o'tkazmoqda.

Pokistonda harbiylar uzoq vaqtdan beri to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita siyosiy ishlarga aralashib kelgan. Siyosiy partiyalar va mustaqil tahlilchilar buni mamlakat demokratiyasining zaifligi sabablaridan biri deb biladi.

Armiya generallari bir necha marta davlat toʻntarishlari uyushtirgan va siyosiy jihatdan mashhur boʻlgan bosh vazirlarni soxta xiyonat va boshqa ayblar bilan hibsga olgan hamda mamlakatni qariyb 75 yil davomida boshqargan.

Pokistonning Qo'shma Shtatlardagi sobiq elchisi Maliha Lodi Xonning hibsga olinishiga javob qaytarar ekan, mamlakat duch kelayotgan hozirgi inqirozni misli ko'rilmagan deb ta'rifladi.

"To'liq siyosiy betartiblik va iqtisodiy tanazzul bu. Buni inkor etib bo'lmaydi va mamlakat aholisi bunga loyiq emas. Bu o'zgarishi kerak", - deb yozdi Lodi “Tvitter” sahifasida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG