Breaking News

AQSh sobiq elchilari Turkiyadagi saylovlar haqida qanday fikrda?


Prezident Rajab Toyyib Erdog'an tarafdorlari o'tkazgan yig'in, Istanbul, Turkiya, 2023-yil, 7-may
Prezident Rajab Toyyib Erdog'an tarafdorlari o'tkazgan yig'in, Istanbul, Turkiya, 2023-yil, 7-may

Yakshanba kuni Turkiyada muhim tarixiy saylov bo’lishi kutilar ekan, AQShning Anqaradagi sobiq elchilari uzoqdan turib jarayonni kuzatmoqda.

Turli yillarda AQShning Turkiyadagi elchisi bo’lib ishlagan uch sobiq diplomat “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bir fikda yakdilligini aytdi: Prezident Rajab Toyyib Erdoʻgʻan yigirma yillik boshqaruvi davrida eng qiyin sinov bilan yuzlashmoqda. Turkiyaning kelajagi, NATO ittifoqchisi sifatidagi roli va xalqaro mavqei shu saylov natijasiga bog’liq, dedi suhbatdoshlar.

Turkiyadagi saylovlar inflyatsiya va iqtisodiy muammolar kuchaygan bir sharoitda o'tmoqda. Bu muammolarning aksariyati amaldagi hukumat siyosati natijasida yuz bergani hamda shu yil boshida yuz bergan halokatli zilzilalar ortidan odamlarga yetarli yordam berilmagani bilan bog’liq ekani aytiladi.

Erdo‘g‘an o‘z saylov kampaniyasi davomida zilzilalardan zarar ko’rgan hududlarni qayta tiklash, mudofaa sektorini kuchaytirish, jumladan, eng kam ish haqi va pensiyalarni oshirish, elektr energiyasi va tabiiy gaz haqi uchun yordam ko‘rsatish hamda ba’zilarga erta nafaqaga chiqishga ruxsat berish kabi choralarga e’tibor qaratdi.

2008-yildan 2010-yilgacha Anqarada xizmat qilgan elchi Jeyms Jeffri fikricha, turk xalqi uch narsaga qarab ovoz beradi: iqtisodiy siyosat, zilzilaga qarshi kurash va avtoritarizmga qarshilik.

Turkiyaning olti partiyadan iborat muxolifat ittifoqi referendum asosida tashkil etilgan ijroiya prezidentlik tizimini yo'q qilish va'dasi bilan harakat qilmoqda. Yangi tizim avtoritar rejimni paydo qildi, degan da’vo bilan muxolifat parlament tizimiga qaytishni va'da qilmoqda.

Jeffrining so'zlariga ko'ra, saylovlar prezidentlik tizimi bo'yicha "birinchi haqiqiy referendum" hisoblanadi.

"Bu turk jamoatchiligiga bu model yoqdimi yoki yo'qmi, degan savolga javob berish uchun birinchi imkoniyat", - dedi u "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Demokratiya, ommaviy axborot vositalari erkinligi muammolari

2019-2022-yillarda AQShning Turkiyadagi elchisi bo’lib ishlagan Devid Satterfild turklar gullab-yashnayotgan demokratiyada yashashga loyiq deb hisoblaydi.

AQSh hukumati bir necha bor demokratik orqaga chekinish, jumladan, Turkiyada ba'zi siyosiy arboblarning nohaq qamoqqa olinishi bilan bog’liq holatlar yuzasidan o'z xavotirlarini bildirgan.

O‘tgan hafta “Zoom” orqali “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Satterfild Turkiyadagi siyosiy ishtiyoq darajasini yuqori baholadi. Uning fikricha, saylovlar “turk xalqining fikrini chinakam aks ettiruvchi” natijani beradi.

AQSh Turkiyada fitna tayyorlayaptimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:47 0:00

Erdo‘g‘an davrida siyosat avtoritarlashganiga doir tanqidlarga qaramay, 2011-yildan 2014-yilgacha elchi vazifasida xizmat qilgan Frensis Rikkardonning aytishicha, Turkiya sezilarli darajada demokratiyaligicha qolmoqda.

2011-yil fevralida, matbuot cheklovlarining kuchayishi va so‘z erkinligining kamayib borayotganidan xavotir bildirganidan ko‘p o‘tmay, Rikkardonning tanqidi hukumat rasmiylari, jumladan, o‘sha paytdagi bosh vazir Erdo‘g‘anning g‘azabiga sabab bo‘ldi. Erdog’an uni “xom elchi” deb atadi.

Rikkardon Jahon matbuoti erkinligi kuni munosabati bilan “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Turkiyada ommaviy axborot vositalari xilma-xilligi va erkinligi yomonlashganini qayd etdi.

"Bosma va radioeshittirish ommaviy axborot vositalarida yoki ijtimoiy tarmoqlarda o'sha paytda turli siyosiy nuqtai nazarlar o'rtasida jonli suhbatlarni eshitish mumkin bo'lgan ko'p ovozlar bor edi", - dedi u.

Jeffrining aytishicha, Davlat departamentining yillik nazorat hisobotlarida davom etayotgan matbuot cheklovlari jiddiy qabul qilinishi kerak.

"Turklar yaxshi ma'lumotga ega va ular o'z mamlakatlari qaysi yo'ldan borishi kerakligi haqida o'ylab qaror qabul qiladi", - dedi u “Skype” orqali suhbat chog'ida. - O'ylaymanki, oxir-oqibat, bu yangi hukumatda aks etadi".

“Human Rights Watch” chorshanba kuni hukumat saylovlar oldidan ijtimoiy tarmoqlar va mustaqil axborot saytlari ustidan nazoratni kuchaytirganiga oid yangi ogohlantirish e’lon qildi.

Bahsli bayonotlar

Turkiya Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soyluning saylov kuni “G‘arb davlati to‘ntarish rejalayotgani” haqidagi izohiga javoban Rikkiardonning aytishicha, bunday gaplar saylovlar qizigan paytda uchrab turadi.

“Men buni xorijliklarga qarshi chiqish orqali siyosiy qoʻllab-quvvatlashni koʻtarish yoki saylovchilarni norozi qiladigan narsalarda boshqalarni ayblash usuli sifatida ko’rgan bo’lardim”, - dedi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

"Men davlat hali ham turk xalqining irodasiga mos keladigan darajada kuchli boshqaruv tuzilmalariga ega ekanligiga ishonaman", - deya qo’shimcha qildi u.

Jeffri ham shunday fikrda. Turk xalqining demokratiyaga sodiqligini ta’kidlar ekan, ular adolatli, demokratik natija talab qilishlarini kutaman, deydi u.

Tashqi siyosatga ta'siri

Saylov natijalari Vashington va Anqara munosabatlarida darhol o’zgarish paydo qilmasa-da, to'g'ridan-to'g'ri gaplashish uchun yangi imkoniyatlar ochishi mumkin.

Turkiyaning Rossiyadan “S-400” mudofaa tizimini sotib olishi AQShning sanksiyalariga va Anqaraning “F-35” qiruvchi samolyotlarini yig’ish dasturidan chiqarilishiga sabab bo’ldi. Muxolifat bu masalani hal qilish niyatida ekanini bildirgan.

AQShdan yangi “F-16” samolyotlari va modernizatsiya to'plamlarini sotib olish so'rovining taqdiri ham noaniq, chunki bu masalani Kongress ma'qullashi kerak.

Sobiq diplomatlar Turkiya Kurdiston Ishchilar partiyasining Suriyadagi sho‘basi deb biladigan va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Suriya Demokratik kuchlari yoki Anqara terrorchi tashkilot deb e’lon qilgan PKKga oid o’zaro ziddiyatlarda yumshash bo’lishi kutilmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG