Breaking News

Kaliforniyada yong'inga qarshi echkilar va sun'iy intellekt ishga solindi


Yong'inga qarshi kurashayotgan echkilar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:21 0:00

Jazirama yoz Kaliforniyada o‘rmon yong‘inlari xavfini oshirmoqda va shtat rasmiylari buning oldini olish uchun turli usullardan, jumladan, sun’iy intellekt va echkilardan foydalanmoqda.

Bu echkilar Kaliforniyada o’z missiyasiga ega.

Ular begona o'tlarni miriqib yer ekan, Kaliforniya tepaliklari va vodiylarida o'rmon yong'inlari xavfini kamaytirmoqda.

Maykl Choy “Fire Grazers” kompaniyasining egasi.

"Ayrim o'simliklar bor, eng tez tarqaladigani xantal. Los-Anjeles hududida yovvoyi xantal deyarli hamma joyda o'sadi. Bundan tashqari, bu yerda yulduz qushqo'nmasi, umumiy o't va butalar ham bor. Yong'in mavsumida ular alanga olishni kutib yotadi. Bu esa echkilarning jonu-dili”, - deydi Choy.

300 ga yaqin echkilar guruhi o'rmon yong'inlarining oldini olish vazifasi bilan mashg’ul. Ikkita it ularni chiyabo’rilardan himoya qiladi.

“Ular tuproqqa juda foydali. Yana bir foydasi – tejamkorlik. Benzin narxi oshgan paytda o’t o’rish mashinalarini ishlatish qimmatga tushadi, Ayniqsa, tepaliklarda va vodiyda. Echkilar tabiiy alpinist, ular Malibu, Palos, Verdes yoki Kalabasas kabi baland-past Kaliforniya tepaliklariga bemalol chiqib-tushadi. Issiqqa ham juda chidamli!” – deydi u.

Bitta tepalikni tozalash uchun echkilarga ikki kun kerak bo'ladi. Keyin ular yangi joyga o’tadi. Echkilar martdan oktabrgacha shunday ishlaydi, deydi Choy.

"Biz to’siqlar o'rnatib, ularga g'amxo'rlik qilamiz, suv va ozuqasisini ta’minlab beramiz”, - deydi Choy.

Yong'inga moyil Kaliforniyada quruq o'tlarni tozalash majburiy.

O'rmon yong'inlarini aniqlashda sun’iy intellekt ham ishlatilmoqda. San-Diegodagi Kaliforniya universiteti olimlari va o't o'chiruvchilar shtat bo'ylab o'rnatilgan minglab kameralarga tayangan holda yong’inning oldini olish dasturini yaratdi. Yong'in yuz bersa, darhol shtatning favqulodda xizmatlariga xabar yuboriladi.

"Kameralar mashqdan o’tkazilgan sun'iy intellekt yordamida ishlaydi. Minglab fayllarni ishga solganmiz. Biz sun'iy intellektni tutunni taniy olishga, uni g’uborlardan, bulut yoki changdan farqlay olishga o'rgatamiz", - deydi tadqiqotchi Nil Driskol.

Olimlar va o't o'chiruvchilar bunday natijaga erishish uchun bir necha yil va yuzlab million dollar sarfladi. Rasmiylarning aytishicha, dastur muvaffaqiyatli chiqqan.

Har yili o'rmon yong'inlari Kaliforniyaning keng hududlarini qamrab oladi. 2018-yilgi yong‘in shimoldagi Paradays shahrini vayron qilib, 85 kishining hayotiga zomin bo‘ldi.

Olimlarning ogohlantirishicha, iqlim o‘zgarishi tez-tez yangi va agressiv o‘rmon yong‘inlarini keltirib chiqarishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG