Breaking News

Nega michiganliklar Xitoy kompaniyasi qurayotgan zavoddan norozi?


Xitoy Michiganda qurayotgan zavod noroziliklarga sabab bo'lmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:50 0:00

Akkumulyator ishlab chiqaruvchi Xitoy kompaniyasining AQShdagi filiali Michigan shtatidagi qishloq xo'jaligi yerlarida zavod qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mahalliy aholi fikri ikkiga bo'lingan.

Xitoy kompaniyalari Michigan shtatida o'nlab yillardan beri avtomobil sanoatiga aloqador zavodlarga ega. Michigan Iqtisodiy rivojlanish korporatsiyasiga ko'ra, iqtisodiy munosabatlar milliardlab dollar va minglab ish o'rinlarni o’z ichiga oladi.

Xitoyning “Gotion High Tech Co” firmasiga qarashli “Gotion” kompaniyasi Michigan shtatida elektromobil batareyalari uchun ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi zavod qurmoqchi. Bu minglab yangi ish o’rinlari demakdir.

Ammo AQSh va Pekin o’rtasida ziddiyatlar kuchaygan bir paytda bu zavod qurilishini to’xtatishga urinayotganlar bor. Mahalliy fuqaro Jeyson Kruzning aytishicha, u xitoylarning yaqin atrofdagi harbiylar ustidan josuslik qilishi mumkinligidan xavotirda.

“Bu yerdan 160 km. narida Tayvan askarlari tayyorgarlikdan o’tayotgan harbiy baza bor. U yerga borish juda oson", - deydi u.

Pekin Xitoy yaqinida o’zini mustaqil boshqaruvchi orol davlat – Tayvanni o’z hududi deb biladi. Bu shahar vakili Kelli Kushvey xavotiri uchun yagona asos emas.

“Atrof-muhit muammolari, Xitoy Kommunistik partiyasi bilan aloqaga oid xavotirlar ham bor”, - deydi u.

“Gotion”ning Shimoliy Amerika bo'yicha vitse-prezidenti Chak Telenga ko’ra, zavodda xitoyliklar ishlamaydi va uning atrof-muhitga ta'siri kam yoki umuman bo’lmaydi. Ammo bu Kori Ribou kabi fuqarolarni tinchlantirish uchun yetarli emas.

“Amerika kompaniyasi bo'lsa ham, men zavod yaqinida yashashni xohlamasdim", - deydi u.

Kompaniya “Amerika Ovozi” soʻrovlariga javob bermadi.

Shahar noziri Jim Chapmanga ko'ra, qishloq xo'jaligi yerlarida qurilayotgan zavod bo’yicha odamlar xavotirini tushunish mumkin, lekin ikki milliard dollardan ortiq kiritilayotgan sarmoya foydasini ham esdan chiqarmaslik kerak.

"Ular 2,34 millard dollar va 2350 ta ish o'rni va'da qilishdi,", - deydi u.

Michigan shtati loyiha uchun 175 million dollarlik subsidiya berdi; shahar kengashi shu oy boshida uni tasdiqladi.

“Yana 20 yil o'tib, bizning jamoamizga yana kimdir shunday loyiha bilan keladimi? Nega kelsin? Axir shuncha pulni, shuncha vaqtni sarflab, oxirida rad javobini olganlar haqida eshitishsa, ular kelmaydi", - deydi Chapman.

Agar ekologik ekspertiza tasdiqlansa, “Gotion” zavod qurilishini kelgusi yilda boshlashi va ikki yildan keyin uni foydalanishga topshirishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG