Breaking News

AQShga Meksika orqali kirib kelayotgan xitoyliklar soni oshmoqda


AQShga kelayotgan xitoylik muhojirlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:49 0:00

Yanvar oyida Xitoy o'z chegaralarini qayta ochganidan beri minglab xitoyliklar AQShga yo’l oldi. Ular orasida AQShdan siyosiy boshpana so’rayotganlar oz emas.

Oxirzamon avliyolari Iso Masih cherkovida Amerikaga yangi kelgin xitoylik muhojirlar uchun ingliz tili darslari o’tkazilmoqda.

"AQShda o’z yo’llarini topish uchun ular ingliz tilini o’rganmoqchi", - deydi o’qituvchi Kaden Riz.

AQShdagi Xitoylar hamjamiyati yangi kelgan muhojirlarga yordam ko’rsatmoqda. Hamshira Shangming Chjan va oilasi Xitoydan AQShga yetib kelguncha ikki oy yo’l bosdi.

Ular Falungun diniy guruhi a'zolari sifatida ta’qibga uchragani uchun boshpana so'ramoqda. Xitoy hukumati Falungun amaliyotini yovuz kult deb atagan.

"Men bolamni, qanchalik qiyin bo'lmasin, erkin mamlakatga, AQShga olib ketmoqchiman", - deydi ona.

Ular Turkiya va Ekvador orqali Meksikaga, so’ng kontrabandachilar yordamida Texasga kirib kelishdi.

Xitoyda qolgan yaqinlarini himoya qilish uchun o'zini Li deb tanishtirgan yana bir migrant biznes egasi bo’lgan va Xitoy hukumatini tanqid qilgani uchun mamlakatini tark etgan. U xotini va to'rt yoshli o'g'li bilan Bagama orollaridan kichik baliqchi qayig'ida safarga chiqqan.

Florida qirg'oqlari yaqinida qayiq ag’darilib ketgan.

Sayohatdan qolgan yagona yodgorlik - ho'l qo’l telefonida olingan xira suratlar.

"Men bu mamlakatdan, bizni qutqarganlardan, bu ajoyib yigitlardan juda-juda minnatdorman", - deydi Li.

Yana bir boshpana izlovchi va dissident Gaofeng Chju AQShga quruqlik orqali kirib kelgan.

"AQShga kelganimdan so'ng, men bu yer juda erkin mamlakat ekanligini his qildim - bu yerda imkoniyatlar, kelajak bor; Xitoydagidek emas. U yerda ish va pul topish qiyin; hayotdan umid yo'qdek", - deydi u.

Faol Lijian Jining aytishicha, muhojirlarning aksariyati yaxshi hayot izlab kelgan.

"Tajribamga ko'ra, muhojirlarning 90 foizga yaqini iqtisodiy sabablarga ko'ra Xitoyni tark etadi", - deydi u.

Biroq boshpana olish uchun o'z mamlakatida ta'qibga uchragani haqida asosli sabab bo’lishi kerak.

Sabablari qanday bo'lishidan qat'i nazar, ular AQShdagi vatandoshlari tomonidan iliq kutib olinmoqda.

"Bu yerda o'zimni uydagidek his qildim", - deydi Chjan.

Chjan kabi dissidentlar uchun endi ortga yo’l yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG