Joriy yil boshida Oq uydagi tadbirga qo’yilmagan Nyu-Jersi meri va yana oʻnlab musulmon amerikaliklar AQSh hukumatini sudga berdi.
Nyu-Jersi shtatidagi Prospekt Park shahrini besh muddatdan beri boshqarayotgan Muhammad Xayrulloh may oyida Oq uyda bo‘lib o‘tgan hayit bayramiga boshqa musulmonlar qatori taklif qilingan, ammo tadbirdan biroz oldin unga kirishga ruxsat berilmasligi aytilgan.
Maxfiy xizmat uni nima uchun kiritmagani sababini tushuntirmagan, biroq Xayrulloh va yana 11 kishi tomonidan qo'zg'atilgan yangi da'voga ko'ra, uning ismi 2019 va 2022 -yillar orasida terrorchilar ro'yxatida bo'lgani uchun Oq uyga kiritilmagan.
“Taxminan 2022-yil avgustidan so‘ng, janob Xayrulloh kuzatuv ro‘yxatidan olib tashlaganlaridan so‘ng ham uning o‘tmishda kuzatuv ro‘yxatida bo’lganini vaj qilib,unga zarar yetkazish va uni qoralashda davom etishgan va hozirgacha davom ettirishyapti”, deyiladi da’vo arizasida.
Daʼvo Amerika-Islom munosabatlari kengashi tomonidan 29 ta federal agentlik, jumladan, Adliya vazirligi, Federal qidiruv byurosi, Maxfiy xizmat, bojxona va chegara himoyasi hamda Transport xavfsizligi boshqarmasiga qarshi qoʻzgʻatilgan.
Da’vo arizasida aytilishicha, da’vogarlar, jumladan, sakkiz nafar AQSh fuqarosi, uch nafar doimiy rezident va bir nafar boshpana oluvchi diniy e’tiqodi tufayli qora ro‘yxatga kiritilgan.
“Ularning barchasi federal kuzatuv roʻyxatiga kiritilgan, garchi ular hech qachon terrorizm bilan bogʻliq jinoyatda tergov qilinmagan yoki sudlanmagan boʻlsalar ham. Federal hukumat ularni, terrorchi deb gumon qilishga asos boʻlmasa ham, musulmon eʼtiqodi, musulmoncha ism-sharifi, kelib chiqishi musulmonlar koʻp boʻlgan mamlakatlardan ekanliklari tufayli ta’qib qilgan”, - dedi kengash huquqshunosi Xanna Mullen “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
AQSh rasmiylariga ko’ra, kuzatuv roʻyxati muhim xavfsizlik vositasi hisoblanadi va undan musulmonlarni nishonga olish uchun foydalanilmaydi. Ularning qayd etishicha, ro‘yxatdagi ismlarning faqat bir qismi musulmon amerikaliklarga tegishli.
Federal qidiruv byurosining aytishicha, roʻyxatga “terrorizm yoki terrorizmga aloqador faollar”ga aloqadorlikda gumon qilingan shaxslar kiritilgan va roʻyxatni boshqa idoralar bilan boʻlishish “Amerika xalqi xavfsizligini taʼminlaydi”.
Adliya departamenti va Federal qidiruv byurosi kutilayotgan sud jarayoni bo’yicha izoh berishdan bosh tortdi.
Ichki xavfsizlik departamenti izoh berish so'roviga darhol javob bermadi.
Da'vo arizasi bilan murojaat qilganlar da'vogarlarning ismlarini ro’yxatdan olib tashlashni va ro'yxat Konstitutsiya va qonunga muvofiqligini ta'minlash uchun o'zgartirishlar kiritilishini talab qilmoqda.
Xalq tilida kuzatuv ro’yxati deb ataladigan ma’lumotlar bazasi 2003-yilda prezident qarori bilan tashkil etilgan Terrorchilarni kuzatish markazi tomonidan yuritiladi. Ushbu dasturni FQB boshqaradi.
Kuzatuv roʻyxatiga “maʼlum yoki gumon qilingan terrorchilar” deb atalgan 1,5 milliondan ortiq odam ismi kiritilgan.
Ma’lumotlar bazasi "Uchish taqiqlanganlar ro'yxati" va "Tanlanganlar ro'yxati" deb nomlanuvchi ikkita guruhdan iborat.
“Uchish taqiqlangan roʻyxati”ga tushgan odam AQSi ichida, AQShga va AQShdan tashqariga havo qatnovi orqali uchishi mumkin emas. Ular soni 80 000 ga yaqin ekani aytiladi. Kichikroq tanlanganlar ro'yxatiga samolyotga chiqishga ruxsat berilgunga qadar aeroportlarda kuchaytirilgan tekshiruvdan o'tadigan odamlar kiradi.
Kuzatuv ro'yxatiga kiritilish oqibatlari aeroportdagi qiyinchiliklar bilan cheklanmaydi. Ular ishga kirish, xavfsizlikni rasmiylashtirish, AQSh fuqaroligi, vizalar va qurol uchun litsenziya olish hamda boshqa hukumat imtiyozlariga murojaat qilganda muammolarga yo’liqadi, deyiladi da'vo arizasida.
Bundan tashqari, Federal qidiruv byurosi, xuddi Xayrulloh bilan bo’lganidek, ro'yxatdan kimnidir olib tashlasa ham, agentlik bu shaxs haqidagi ma'lumotlarni o'z ma'lumotlar bazasida saqlaydi, deyiladi da'vo arizasida.
Keyinchalik bu ma'lumot turli idoralar tomonidan shaxsni federal binolarga, ish joylariga va dasturlarga kiritishda, shuningdek, da'voga ko'ra, ma'lumotlar va xavfsizlikni tekshirishda ishlatilishi mumkin.
Mullenning so'zlariga ko'ra, hukumat tomonidan endi tahdid deb topilmagan shaxs hali ham boshqa ro’yxatlarda qolishi tufayli zarar va stigmaga duch kelishi "g'ayrioddiy".
Xayrulloh "albatta, bu vaziyatda yagona odam emas va u o'tmishdagi kuzatuvlar ro'yxati holatidan zarar ko'rgan biz bilgan birinchi odam emas", - deydi Mullen.