Breaking News

Isroil G'azoni bosib olishga tayyorlanar ekan, sektorda gumanitar inqiroz

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning ta’kidlashicha, G’azo sektorida hukmron XAMAS guruhi yo’q qilinadi. Isroil G’azo bilan chegarada 300 ming sonli qo’shin jamlab, 2 milliondan oshiq aholi yashovchi anklavga kirishga hozirlanmoqda.

Yaqinda tuzilgan koalitsion hukumat ilk bor favqulodda majlisini o’tkazdi, unda muxolif qonunchi Benni Gantz ham qatnashgan. Barcha rahbarlar birdam bo’lib, bir yoqadan bosh chiqarib tunu-kun ishlamoqda, deydi Netanyaxu.

Yaqin Sharq bo’ylab safar qilayotgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken 16-oktabr kuni yana Isroilda to’xtab o’tadi. Bosh diplomat hafta davomida bir necha arab davlatlariga tashrif buyurib, mojaro kengayishining oldini olish haqida gaplashgan.

Isroil Livan janubida "Hizbulloh" pozitsiyalarini o'qqa tutmoqda
Isroil Livan janubida "Hizbulloh" pozitsiyalarini o'qqa tutmoqda

Isroil G’azo aholisini janubiy hududlarga ko’chib o'ting, deya undashda davom etmoqda. XAMAS esa bu chaqiriqni propaganda deya ta’riflab, odamlarni o’z uyida qolishga undayapti.

G’azo bir necha kundan beri qamalda. BMT sektorda gumanitar vaziyat nihoyatda og’ir deya bong urmoqda. Suv tozalash inshootlarida yoqilg’i tugagani bois ikki milliondan ziyod aholi iflos suv ichishga majbur, deydi tashkilot rasmiylari.

Ammo Oq uy rasmiysi Jeyk Sallivan “CNN” kanali bilan intervyuda Isroil G’azo janubida suv ta’minotini tiklaganini ma’lum qildi.

XAMASning Isroilga bir hafta oldingi hujumlarida 29 amerikalik halok bo’lgan, yana 15 nafaridan darak yo’q. XAMAS asirlikda saqlayotgan fuqarolarimizni qutqarish – ustuvor vazifa, dedi Sallivan.

Garovdagilar qayerda saqlanayotgani, ahvoli qanday ekani noma’lum. AQSh rasmiylari ularning ayrimlari o’ldirilgan bo’lishi mumkinligini tan oladi. Amerikaliklarni ozod etish bo’yicha uchinchi davlatlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

G'azo
G'azo

Vashington G’azodagi amerikaliklarni Rafah o’tish punkti orqali Misrga o’tkazishni so’ramoqda, ammo Qohira bunga ijozat bermagan. Misr evakuatsiya bo’yicha juda ko’p so’rovlar tushayotgani, bir mamlakatni boshqalaridan ustun qo’ya olmasligini bildirdi.

Qohira qo’yayotgan bir shart shuki, agar xorijiy fuqarolar G’azodan Misrga o’tadigan bo’lsa, Misrda to’planib qolgan gumanitar yordam yuklarini ham G’azoga olib kirish uchun imkoniyat yaratish kerak.

Davlat kotibi Entoni Blinken 15-oktabr kuni Qohirada Prezident Abdul Fattoh al-Sissi bilan masalani muhokama qilgan. Sissi fikricha, Isroilning XAMAS hujumiga javobi o’zini himoya qilishdan – G’azo aholisini ommaviy jazoga tortishga aylandi.

Blinken Saudiya Arabistonida ham muzokaralar olib bordi. Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon uchrashuvda urushniu to’xtatish va G’azo blokadasini bekor qilish zarurligini ta’kidlagan.

Bu orada, Isroilning kutilayotgan harbiy amaliyoti oldidan G’azoda gumanitar inqiroz kuchaymoqda. Minglab odam G’azo janubiga yo’l olgan. G’azo shahridagi “Shifo” kasalxonasida bemorlardan tashqari yana kamida 35 ming kishi jon saqlamoqda.

G'azo janubidagi Xon Yunis shahri
G'azo janubidagi Xon Yunis shahri

Isroil bosh vaziri bilan telefon suhbatda Prezident Jo Bayden AQSh Isroilni qo’llab-quvvatlashini aytgan. So’nggi kunarda AQShning bir necha kemalari O’rta dengizga yetib bordi.

“Hududda qo’shinlar soni ortishi AQSh Isroil xavfsizligiga sodiqligini, urushni avj oldirishga urinayotgan har qanday davlat yoki boshqa ishtirokchilarni to’xtatish qarorimizni ko’rsatadi”, - deydi AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin.

Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashida Isroil-XAMAS urushida sulh e’lon qilish, tinch aholiga qarshi zo’ravonlik va terrorchilik harakatlarini qoralaydigan rezolyutsiyani ovozga qo’yishni so’ramoqda.

15-oktabr holatiga ko’ra, Isroilning havo zarbalaridan G’azoda halok bo’lganlar 2450 ga yetdi. Isroilda 7-oktabr kungi XAMAS hujumida o’lganlar 1400 kishini tashkil etmoqda, shundan 289 nafari askarlar. Yana 126 kishini XAMAS garovga olgan.

Isroil-XAMAS: Urush dahshati

Isroil havo hujumlarida vayron bo'lgan bino ostida qolgan falastinlik, G'azo sektori
1/18 Isroil havo hujumlarida vayron bo'lgan bino ostida qolgan falastinlik, G'azo sektori
Portlashda yaralangan kishi, "Shifo" kasalxonasi, G'azo shahri
2/18 Portlashda yaralangan kishi, "Shifo" kasalxonasi, G'azo shahri
Isroil hujumlaridan yaralangan falastinliklar, G'azo shahri
3/18 Isroil hujumlaridan yaralangan falastinliklar, G'azo shahri
Isroilning evakuatsiya haqidagi tavsiyasi ketidan G'azo janubiga yo'l olayotgan odamlar
4/18 Isroilning evakuatsiya haqidagi tavsiyasi ketidan G'azo janubiga yo'l olayotgan odamlar
G'azo shimolida 1 milliondan ziyod aholi yashaydi
5/18 G'azo shimolida 1 milliondan ziyod aholi yashaydi
BMT yuritadigan maktabda panoh topgan ona-bola
6/18 BMT yuritadigan maktabda panoh topgan ona-bola
Isroil bombalaridan yaralangan chaqaloq, "Al-Najar" kasalxonasi. G'azo
7/18 Isroil bombalaridan yaralangan chaqaloq, "Al-Najar" kasalxonasi. G'azo
BMT tinchlikparvar kuchlari, Livan-Isroil chegarasi
8/18 BMT tinchlikparvar kuchlari, Livan-Isroil chegarasi
Isroilning "Temir gumbaz" tizimi G'azodan otilgan raketalarni urib tushirmoqda, Ashkelon
9/18 Isroilning "Temir gumbaz" tizimi G'azodan otilgan raketalarni urib tushirmoqda, Ashkelon
Falastinlik namoyishchilar, Nablus
10/18 Falastinlik namoyishchilar, Nablus
Isroil chegara politsiyasi, Sharqiy Quddus
11/18 Isroil chegara politsiyasi, Sharqiy Quddus
G'azodan otilgan raketalardan yonib ketgan mashinalar, Ashkelon, Isroil janubi
12/18 G'azodan otilgan raketalardan yonib ketgan mashinalar, Ashkelon, Isroil janubi
XAMAS Isroilga bostirib kirishi oqibatida halok bo'lgan fuqarolar, Ramla, Isroil
13/18 XAMAS Isroilga bostirib kirishi oqibatida halok bo'lgan fuqarolar, Ramla, Isroil
Raketalar haqida ogonlantiruvchi sirenalar yangradi... Rehovot, Isroil
14/18 Raketalar haqida ogonlantiruvchi sirenalar yangradi... Rehovot, Isroil
Isroil bombasidan jurnalistning mashinasi yonib ketdi, Alma al-Shaab qishlog'i, Livan janubi
15/18 Isroil bombasidan jurnalistning mashinasi yonib ketdi, Alma al-Shaab qishlog'i, Livan janubi
XAMAS hujum qilganida shu joyda musiqiy festival o'tayotgan bo'lgan, Isroil janubi
16/18 XAMAS hujum qilganida shu joyda musiqiy festival o'tayotgan bo'lgan, Isroil janubi
XAMAS hujumida o'lganlar xotirasiga yoqilgan shamlar, Tel-Aviv, Isroil
17/18 XAMAS hujumida o'lganlar xotirasiga yoqilgan shamlar, Tel-Aviv, Isroil
XAMAS hujum qilgan Kfar Azza qishlog'i, Isroil
18/18 XAMAS hujum qilgan Kfar Azza qishlog'i, Isroil
Previous slide
Next slide

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG