Breaking News

Tolibon ikki yil ichida erishilgan "yutuqlar"ni ko'z-ko'z qildi


Tolibon so'zlovchisi Zabihulloh Mujohid
Tolibon so'zlovchisi Zabihulloh Mujohid

Tolibon matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid chorshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarga 40 daqiqalik hujjatli targ‘ibot videosini joylashtirdi. Unda Islom Amirligi deb nomlanuvchi faqat erkaklardan iborat Afg’oniston hukumatining o’tgan ikki yil ichida erishgan natijalari ko‘rsatilgan.

Biroq videoda afg‘on qizlarining oltinchi sinfdan keyin o‘qishga borishini taqiqlovchi va aksariyat ayollarning ish joylaridan bo’shatilgani, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa yordam guruhlarida ishlashini man qiluvchi Tolibon farmonlari muhokama qilinmagan.

"Umumiy amnistiya afg'onlarni birlashtirdi", deb yozdi Mujohid ilgari “Twitter” nomi bilan tanilgan “X” sahifasiga qo’yilgan video ostida. U bu gapi bilan 2021-yil avgustida AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hukumatdan hokimiyatni qaytarib olgan “Tolibon” rahbari Hibatulloh Oxunzoda chiqargan ilk farmonga ishora qildi.

Amnistiya ag'darilgan afg'on hukumatiga aloqador barcha xizmatchilar va siyosatchilarni hamda Afg'onistonda qariyb yigirma yil davomida AQSh boshchiligidagi G'arb qo'shinlari uchun ishlagan shaxslarni qamrab oladi.

Mujohid videoda amnistiya to‘g‘risidagi farmon butun mamlakat bo‘ylab Tolibon rasmiylari tomonidan “samarali va jiddiy” ijro etilayotganini aytib, “bir necha hollarda” uni buzganlikda aybdor deb topilganlar sudga tortilganini va qamoqqa tashlanganini ham qayd etadi.

Mujohidning ijtimoiy tarmoqdagi posti BMT yuqori martabali diplomati tomonidan Afg‘onistonda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat yomonlashganiga Tolibonning “repressiv siyosati va amaliyoti” sabab bo‘lgani haqidagi da’vo yangrashidan bir kun o‘tib chiqdi.

"Qamoqxonalarda qiynoqlar va g'ayriinsoniy muomalalar, shuningdek, sobiq hukumat amaldorlari va harbiy xizmatchilarga nisbatan inson huquqlarining poymol etilishi, va'da qilinganiga qaramay, jazosiz qolayotgani oddiy holga aylangan", - deydi Afg'onistondagi vaziyat bo'yicha BMT maxsus ma'ruzachi Richard Bennet Nyu-Yorkda o’tgan BMT yig'ilishida.

O‘tgan avgust oyida BMT Tolibonni jangarilari umumiy amnistiyaga qaramay, hokimiyatni qo‘lga kiritgandan keyin 200 dan ortiq sudsiz qotillikni sodir etganlikda ayblagan edi. Hisobotda, shuningdek, kamida 800 ga yaqin jinoyat, jumladan, sobiq afg‘on rasmiylari va xavfsizlik xodimlarining o‘zboshimchalik bilan hibsga olinishi, ularga shafqatsiz muomala, qiynoqlar va zo‘rlik ishlatilishi hujjatlashtirilgan.

O'sha paytda Tolibon BMT xulosalarini rad etib, ularni asossiz deb atagan edi.

Seshanba kuni BMT yig'ilishida nutq so'zlagan AQSh vakili Tolibon ayollar va qizlar, huquq himoyachilari, ayollar huquqlari faollari, jurnalistlar, sobiq hukumat amaldorlari va boshqa zaif afg'on guruhlari, jumladan, diniy ozchiliklarni nishonga oluvchi farmonlar chiqarishda davom etayotganini aytdi.

“Tolibon barcha afgʻonlarning inson huquqlarini hurmat qilish toʻgʻrisida oʻz soʻzini bajarmaguncha, xalqaro hamjamiyat Afgʻonistondagi vaziyatni hushyorlik bilan kuzatishi va Tolibonni javobgarlikka tortishi kerak”, - dedi AQShning Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha katta maslahatchisi Devid Jonson.

Tolibon rasmiylari o‘z siyosatlari afg‘on madaniyati va islom qonunlariga mos ekanini aytib, tanqidlarni qayta-qayta rad etib keladi.

Tolibon hujjatli filmida Oxunzodaning ayollar huquqlari to‘g‘risidagi farmonini olqishlab, unda ayollarni majburan nikohdan o‘tkazish taqiqlangani hamda ularning meros olish, mahr olish va boshqa huquqlar, shuningdek, Islom qonunlari yoki shariat doirasida adolatli munosabatga ega bo‘lish huquqi ta’minlangani aytilgan.

Videoda, shuningdek, dunyodagi eng yirik giyohvand moddalar ishlab chiqaruvchisi sifatida tanilgan Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirishni taqiqlovchi farmon ham ta’kidlangan.

"Endi biz Afg'onistonda ko'knori yetishtirishning bir foizi ham yo'qligiga ishonamiz. Xudo xohlasa, yaqin kunlarda giyohvand moddalar yetishtirish va kontrabandadan xoli Afg'onistonga ega bo'lamiz", - deydi Mujohid.

BMT va AQSh tomonidan tasdiqlangan soʻnggi ommaviy axborot vositalari xabarlari va sunʼiy yoʻldosh tasvirlari mamlakatda yillik koʻknori yetishtirish “sezilarli darajada” kamayganini ko’rsatadi. Biroq tanqidchilar yutuqlar qanchalik barqarorligiga shubha bilan qarashadi va hukumat qashshoq mamlakatdagi taqiqdan jabr ko'rgan fermerlar uchun muqobil hayot dasturini hali taqdim qilmaganini ta'kidlaydi.

BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatlar bo'yicha boshqarmasi o'tgan oy hisobotida Afg'oniston metamfetamin ishlab chiqarish eng tez o'sayotgan mamlakatlardan biriga aylangan.

Tolibon sharhlovchisi Oxunzodaning farmonlari “sogʻlom va islomiy jamiyat talablariga asoslangani hamda afgʻonlarning yaxshi kelajakka umidlarini uygʻotgani” haqidagi daʼvolarni takrorladi.

Hech bir xorijiy davlat Tolibon hukumatini rasman tan olmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG