Breaking News

Arizonada Saudiya fermasi bilan ijara shartnomasi tugatiladi


Arizona Saudiya fermasini haydamoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:22 0:00

Saudiya Arabistoni Arizona shtatida kattagina maydonlarni ijaraga olib, o’z chorva mollari uchun beda yetishtiradi. Qurg’oqchilikni boshdan kechirayotgan shtatda xorijiy kompaniya yer osti suvlaridan foydalanayotgani norozilik uyg’otgan. Arizona rasmiylari ijara shartnomalarini bekor qilmoqda.

Batler vodiysida yetishtirilayotgan beda Saudiya Arabistonidagi sigirlar uchun. Ammo eksportga ruxsat berilmasligi mumkin, chunki shartnoma bekor qilinmoqda. Shtat rasmiylariga ko’ra, ijara shartlariga rioya qilinmagan.

Saudiya Arabistonining o’zida esa suvni tejash uchun hukumat beda o’stirishni cheklaydi.

Arizonaning Viksburg shahri yaqinidagi bu fermani qirollikka qarashli “Fondomonte” kompaniyasi boshqaradi. U yillardan buyon qayta tiklanmaydigan yer osti suvlaridan sug’orishda foydalanmoqda.

Arizona gubernatori Keti Xobbsning aytishicha, “Fondomonte” shuncha vaqtdan buyon cheklanmagan miqdorda suv ishlatgani qabul qilib bo’lmas holat. Kompaniya bilan ko’p yillik shartnomalar birma-bir bekor qilinmoqda.

Arizona Finiks kabi shaharlarda yer osti suvlaridan foydalanishga cheklov qo’ygan. Ammo shtatning 80 foizini tashkil etuvchi qishloq joylarda cheklov yo’q, deydi Sara Porter, Arizona universiteti olimasi.

“Arizonaning qishloq hududlarida, agar yerga egalik qilsangiz, quduq qazib, suvdan istagancha foydalanishingiz mumkin. Isrof qilmasangiz bo’lgani”, - deydi u.

Shtat rasmiylari deydiki, “Fondomonte” ijara shartlariga rioya qilmagan, jumadan xavfli materiallarni saqlash bo’yicha. “Amerika Ovozi”ga bergan bayonotida kompaniya gubernatorning qarori ustidan shikoyat qilishini, ijara talabariga muvofiq ravishda faoliyatini davom ettirishini ma’lum qildi.

Qishloq xo’jaligi - Arizonada 24 milliard dollarlik sanoat. Mohave okrugida, masalan, yer osti suvlarining 70 foizi ekinlar uchun ishlatiladi, deydi shtat rasmiysi Trevis Lingenfelter.

“Bizda avloddan avlodga chorva bilan shug’ullanib kelayotgan oilalar bor, katta sonda qoramollari bor. Lekin ular ushbu korporativ fermalar foydalanayotgan miqdorda suv ishlatmaydi”, - deydi rasmiy.

Saudiya kompaniyasi bilan shartnomani bekor qilish suvdan foydalanishni sezilarli darajada o’zgartirmaydi.

“Bu maydonlardan nima maqsadda foydalanish bo’yicha reja yo’q. Uni boshqa bir ferma olib, hozir xorijiy kompaniya qilayotgani kabi suvni ishlataveradi”, - deydi Porter.

Arizona Yer boshqarmasi “Fondomonte”ning ijarasi tugagach, maydondan qanday foydalanish bo’yicha izlanish o’tkazmoqda.

“Quduqlarida suv kamaygan odamlar uchun AQSh kompaniyasi bo’ladimi, Saudiya kompaniyasi bo’ladimi, ahamiyati yo’q. Chunki yer osti suvlaridan foydalanishni tartibga soladigan qonun yo’q, muammo shunda”, - deydi Porter.

“Fondomonte” o’z bayonotida shtatning cheklangan suv resurslaridan unumli foydalanishini bildirdi. Uning Kaliforniyada ham beda yetishtiruvchi fermasi bor. Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, xorijiy kompaniyalar AQShda qishloq xo’jaligi yerlarining 3 foiziga egalik qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG