Breaking News

Ukrainaning ozod etilgan hududlari minalarga to'la


Ukrainani minalardan tozalashga yillar kerak bo’ladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:00 0:00

Ukrainaning Rossiyadan qaytarib olingan hududlarida minalar sanoqsiz. Hukumat bergan raqamlarga ko’ra, minalar urush boshlanganidan beri mamlakat bo’ylab kamida 264 odamning hayotiga zomin bo’ldi, yana 830 dan ortiq odam jarohat oldi.

Xarkovdagi minalardan tozalash brigadasi Balakliyada dalalarni minalardan tozalashga otlanmoqda. 2022-yilning boshida Rossiya Xarkovning uchdan ikki qismini egallagan edi. Bir necha oydan so’ng chekindi. Lekin ruslar bu joylarni minalab ketgan.

Oqibatda ko’plab tinch aholi halok bo’ladi. Bunday minalar urush boshlanganidan beri Ukraina bo’ylab kamida 264 odamning hayotiga zomin bo’ldi, yana 830 dan ortiq odam jarohat oldi.

Anatoliy Vrublevskiy Xarkov viloyatining minalardan tozlash boshqarmasi boshlig’i. Boshqarmaning viloyatda 35 ta bo’linmasi bor.

“Eng katta muammo shundaki, deyarli har kuni odamlar halok bo'ladi yoki jarohat oladi. 30 foizi egallangan hudud haqida gapiryapmiz. Viloyat qarshi hujum operatsiyasidan so'ng ozod etildi, juda xavfli hududda ishlaymiz”, - deydi Vrublevskiy.

Uning aytishicha, xalqaro yordam ular uchun muhim. Xorijiy hukumatlar, xalqaro tashkilotlar minalardan tozalash asbob-uskunalari, himoya vositalari va transport mashinalari yetkazib bergan.

Minalar topilganda, nazorat ostida portlash amalga oshiriladi.

Kiyev bu boradagi gumanitar yordamni muvofiqlashtiradi. Iqtisodiyot vazirining o'rinbosari Igor Bezkaravayniy tashabbusga bosh-qosh. 2016-yilda mina tufayli o’zi ham bir oyog’idan ayrilgan.

“Hududning 80 foizini tozalab, foydalanishga topshirmoqchimiz”, - deydi u.

Mutaxassislar minalardan tozalangan hududlarning xaritasi va ma’lumotlar bazasini yaratadi. Bezkaravayniyning aytishicha, harbiy dunyoqarash bilan firklasa, ishlasa, minalar qayerda joylashganini topish mumkin. Lekin, deydi u, ruslar minalarni shunday qoldirganki, mantiqqa asoslanib topishning iloji yo’q.

"Shunday holatlar borki, qo’yilgan minalar joylashuvida mantiq yo’q. Bu muammo, chunki harbiy mantiqqa asoslanib qidirsangiz, keyingi qadamingizni bilasiz. Lekin umuman mantiqqa asoslanmagan vaziyat bilan ishlasangiz, keyingi qadamingizni bashorat qila olmaysiz”, - deydi u.

Bundan bir necha oy avval Jahon banki Ukrainani minalardan tozalash ishlari uchun 37,5 milliard dollar kerakligini bildirgan edi. Lekin urush davom etar ekan, muntazam qayta hisoblash lozim bo’ladi.

Yevropa Ittifoqi nomidan Ukrainani minalardan tozalash dasturini Litva yuritadi. Tomas Matulyavichyus Litvaning Ukrainadagi elchixonasi vakili. Xalqaro hamjamiyatni ko’proq yordam berishga chaqiradi.

“Yordam yetarli emas, lekin bu hali boshlanishi. Umid qilamizki, ko'proq vosita va mablag'lar bo’ladi va hukumatlar koalitsiyaga qo'shiladi”, - deydi rasmiy.

Uning aytishicha, Ukrainani minalardan tozalash uchun 10 yildan 100 yilgacha vaqt kerak bo’ladi.

“Qancha pul ajratilishiga, Ukrainada va xorijda qancha mutaxassis tayyorlanishiga bog'liq. Demak, bu bizga bog'liq. Buni birgalikda qilishimiz kerak", - deydi Matulyavichyus.

Ukraina yerlari minalashtirilgani ekotizimni buzmoqda. Ukraina va dunyoda oziq-ovqat xavfsizligiga raxna solmoqda, ochlik muammosini keskinlashtirmoqda. Minasizlantirish ishlariga yillar kerak bo'ladi. Barchasi resursga bog’liq. Yetarli resurs bo’lsa, ish samarali bo’ladi. Kiyev xalqaro hamjamiyat yordamiga umid qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG