Breaking News

Dunyo

Kengroq xaritani ko’rish uchun pastga tushing

Tog’li Qorabog’

Uzoq yillar davomida dunyoning muzlatilgan mojarolardan biri deb hisoblangan Tog'li Qorabog' mintaqasi so'nggi bir necha yil ichida ikki marta keng ko'lamli harbiy to'qnashuvlarga guvoh bo’ldi.

2023-yil sentabridagi so‘nggi janglar oldidan 120 000 ga yaqin aholi istiqomat qilgan tog‘li hudud geosiyosiy xaritani o‘zgartirib yuborgan xalqaro ittifoq va raqobatlarning murakkab chigaliga tushib qolgan.

Armaniston-Ozarbayjon

Bu ikki xalq oʻrtasidagi toʻqnashuv Birinchi jahon urushi oxirida, armanlar va ozarbayjonlar Usmonlilar va Rossiya imperiyalarining qulashi davrida mustaqil davlatlarga aylangan paytdayoq boshlangan.

Har ikki davlat Sovet Ittifoqi tarkibiga qo’shilgunga qadar va bahsli hudud Ozarbayjonning avtonom viloyatiga aylangungacha turli shiddatli janglar orqali tinch aholini qirg'in qilgan va Tog'li Qorabog' anklavini o'ziniki deb da'vo qilgan.

1980-yillar oxirida SSSR parchalana boshlagach, millatlararo zo'ravonlik nafaqat Tog'li Qorabog'da, balki butun Armaniston va Ozarbayjonda sodir bo'ldi. Bu har ikki tomonda qochqinlar to'lqinlarini keltirib chiqardi va 1994-yilgi sulhga qadar davom etan qurolli to'qnashuvlarga sabab bo'ldi.

SSSR parchalanishi bilan Togʻli Qorabogʻning koʻpchilikni tashkil etuvchi armanlari Artsax Respublikasi sifatida o’z mustaqilligini e’lon qildi. Armaniston qoʻshinlari oʻz pozitsiyalarini himoya qilish uchun Ozarbayjonga qoʻshni boʻlgan bir qancha viloyatlarni ham egallab, ozarbayjonlarni quvib chiqardi.

Bu hudud xalqaro miqyosda Ozarbayjonning bir qismi deb hisoblanadi va BMT Xavfsizlik kengashining bir qancha rezolyutsiyalarida Armanistondan ishg‘olchi kuchlarni olib chiqib ketish talab qilingan. Armaniston Artsaxni rasman tan olmagan boʻlsa-da, unga muhim iqtisodiy, siyosiy va harbiy yordam koʻrsatib keldi. Shuningdek, Ozarbayjonning Naxichevan anklavining bir qismini blokada qildi va toʻgʻridan-toʻgʻri bosib oldi.

Ayni paytda Yerevan Ozarbayjonni genotsid siyosatini yoqlashda, jumladan, armanlarning madaniy merosini yo‘q qilish, armanlarga qarshi sodir etilgan jinoyatlarni jazolashdan bosh tortish va jamiyat orasida keng tarqalgan aksilarman kayfiyatini qo’llab-quvvatlashda ayblaydi.

2020-yilda Tog‘li Qorabog‘da jangovar harakatlar qayta boshlanganidan so‘ng Ozarbayjon Armaniston hududining bir qancha chegaradosh rayonlarini bosib olgan.

Armaniston va Ozarbayjon o'rtasida hozirda rasmiy diplomatik aloqalar mavjud emas. 2023-yil sentabr oyida Ozarbayjon harbiylari Tog‘li Qorabog‘ni egallab olishi bilan hududdagi armanlarning deyarli barchasi Armanistonga qochib o’tdi.

Armaniston-Turkiya

Usmonli imperiyasi davridagi turk qoʻshinlari Birinchi jahon urushi paytida bir millionga yaqin armanlarni ommaviy oʻldirish va deportatsiya qilishda aybalanadi. Xalqaro hamjamiyatning ko’plab vakillari tomonidan bu ish genotsid sifatida tan olingan.

Usmonlilar parchalanganidan so'ng, yangi Armaniston davlatiga berilgan hududning yarmidan ko'pi keyinchalik yangi Turkiya hukumati tomonidan qayta bosib olindi va bu jarayonda yana minglab armanlar halok bo'ldi.

Armanistonning ba'zi siyosiy partiyalari va tashkilotlari hanuzgacha G'arbiy Armaniston deb ataydigan bu hududga da'vo qiladi; shuningdek, genotsid uchun rasmiy tovon puli talab qiladi.

Turkiya hukumati voqealar genotsid ekanligini inkor etadi va bu boradagi xalqaro harakatlarga to’sqinlik qiladi.

Shuningdek, Turkiyaning Ozarbayjonni yaqindan harbiy va iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashi va Armanistonning davom etayotgan blokadasi, jumladan, Armaniston hududini ataylab chetlab o‘tgan bir qancha mintaqaviy infratuzilma va energetika loyihalari ham taranglikni kuchaytirmoqda.

Hozirda ikki davlat oʻrtasida rasmiy diplomatik aloqalar yoʻq, ularning quruqlikdagi chegaralari 1993-yildan beri yopilgan. Biroq 2021-yildan boshlab har ikki davlat normallashuv jarayoniga jalb qilingan, ikki tomonlama uchrashuvlar davom etishi rejalashtirilgan.

Armaniston-Rossiya

Rossiya an'anaviy ravishda Armanistonning asosiy ittifoqchisi hisoblanib, Usmonli imperiyasidagi nasroniylarning himoyachisi rolini bajargan.

1990-yillar boshidagi Birinchi Togʻli Qorabogʻ urushida Rossiyaning texnika va koʻngillilar shaklidagi norasmiy koʻmagi, jumladan, armanlarga hududni egallab olishga yordam bergan.

O‘shandan beri Rossiya tinchlik muzokaralarida asosiy vositachi hisoblanib, o‘t ochishni to‘xtatish rejimini saqlash uchun Rossiya tinchlikparvar kuchlari safarbar etilgan.

Armaniston va Rossiya Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti doirasida rasmiy harbiy ittifoqqa, shuningdek, Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi orqali iqtisodiy integratsiyaga ega. Rossiya, shuningdek, Gyumrida harbiy bazaga va Yerevan janubida harbiy aeroportga ega.

Biroq 2018-yilgi baxmal inqilob Nikol Pashinyanni fuqarolik noroziliklari orqali prezidentlikka olib kelganidan beri Armaniston Rossiya ta’sir doirasidan uzoqlashib, g‘arbparastlik yo‘nalishiga o‘tayotgani ko‘rinmoqda.

Pashinyan avvalroq Armanistonning Rossiyaga tobeligini tanqid qilgan va Armanistonning Tog‘li Qorabog‘dan quvg‘in qilinishi ortidan Rossiya endi mamlakati xavfsizligini kafolatlashga qodir emasligini bildirgan edi.

Armaniston-Gruziya

Armanlar va gruzinlar Kavkazning nasroniy xalqalari sifatida uzoq aloqalar tarixiga ega va 1918-yilda ikki davlat mustaqilligini e’lon qilishi ortidan yuz bergan qisqa chegara urushiga qaramay, do’stona aloqalar saqlanib qolgan.

Hozirda Gruziya Armanistonning Rossiya bilan quruqlikdagi yagona aloqasini, shuningdek, Qora dengiz portlari orqali Yevropa bilan savdo aloqasini taʼminlaydi. Biroq, ikki davlatning boshqa qo‘shnilar bilan aralashib ketishi ularning munosabatlariga bilvosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Gruziya Artsax rasmiylarining Rossiya tomonidan qoʻllab-quvvatlangan separatistik Abxaziya va Janubiy Osetiya hududlarini diplomatik tan olishi bilan ogʻirlashdi; Armaniston esa Gruziyaning Ozarbayjon bilan yaqin aloqalaridan xavotirda.

Gruziyaning Javaxetiya viloyatining koʻpchilikni tashkil etuvchi arman aholisi orasida ham muxtoriyat talablari boʻlgan, biroq Armanistonning oʻzi u yerda separatizmni ragʻbatlantirmagan.

Armaniston-Eron

Armaniston uzoq vaqtlar sobiq Eron imperiyasining bir qismi bo'lgan va Eronda hanuzgacha dunyodagi eng yirik arman jamoalaridan biri, shuningdek, ko'plab arman cherkovlari va monastirlari joylashgan.

Turli dinlar va siyosiy tizimlarga qaramay, ikki davlat SSSR parchalanganidan keyin yana o’zaro ittifoqchilik aloqalarini tikladi.

Eron uchun Armaniston mintaqaviy raqiblar Turkiya va Ozarbayjondan bufer zona bo'lib, muhim energiya eksport bozori sifatida ham xizmat qiladi.

Armaniston uchun Eron quruqlikdagi yagona eksport yo'llaridan biri hamda u tabiiy gazining 23 foizini Eron-Armaniston gaz quvuri orqali oladi.

Ozarbayjon-Gruziya

Ozarbayjon va Gruziya SSSR tarkibiga kirishidan oldin ittifoqchi bo'lgan.

Bugungi kunda ikki davlat asosiy savdo hamkorlari, shuningdek, Demokratiya va iqtisodiy taraqqiyot uchun GUAM tashkilotining taʼsischi aʼzolari boʻlib, yirik quvur va temir yoʻl orqali bogʻlangan.

Gruziya Abxaziya va Janubiy Osetiyaning separatistik anklavlari bilan bog'liq muammolari tufayli Tog'li Qorabog' mojarosida Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini qo'llab-quvvatlab keladi; shu bilan birga Armaniston bilan yaxshi munosabatlarni saqlab kelmoqda.

Ozarbayjonlar ham Gruziya aholisining 6 foizdan ortig'ini tashkil qiladi va ba'zi chegara hududlari va madaniy obyektlar bahsli bo'lib qolsa-da, ikki hukumat bu masalani tinch yo'l bilan hal qilishga kelishib olgan.

Ozarbayjon-Turkiya

Turkiyada sunniylar, Ozarbayjonda esa shialar koʻpchilikni tashkil etsa-da, ikki davlat asosan dunyoviy va yaqin til va madaniy aloqalarga ega – bu aloqani Ozarbayjonning sobiq prezidenti Haydar Aliyev “bir millat, ikki davlat” deb taʼriflagan.

Uning oʻgʻli, 2003-yildan beri Ozarbayjonning avtoritar prezidenti boʻlgan Ilhom Aliev Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon bilan yaqin doʻstlik aloqalariga ega va ikkalasi tez-tez birgalikda ommaviy chiqishlar qiladi.

Ikki hukumat xavfsizlik va harbiy tayyorgarlik, shuningdek, mudofaa sanoati sohasida qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qiladi. Turkiya, shuningdek, Ozarbayjon nefti va tabiiy gazining asosiy iste'molchisi bo'lgan va ko’plab infratuzilma loyihalarini moliyalashtirgan. Turkiya, shuningdek, Ozarbayjondan Yevropaga energiya eksporti uchun tranzit markazi bo'lib xizmat qilgan.

Tog‘li Qorabog‘ mojarosida Turkiya Ozarbayjonning asosiy yordamchisi bo‘ldi va harbiy yordam ko‘rsatib, Armanistonga blokada e’lon qildi.

Ozarbayjon-Rossiya

Ozarbayjon birinchi marta 19-asrda Rossiya imperiyasi tarkibiga kirgan va keyinchalik SSSR tashkil topganidan keyin unga qo’shib olingan.

Tog‘li Qorabog‘ mojarosining dastlabki bosqichlarida hamon faoliyat yuritayotgan Sovet hukumati mintaqadagi minglab armanlarni qurolsizlantirish va deportatsiya qilishda Ozarbayjon qo‘shinlari bilan hamkorlik qilgan.

Boshqa tomondan, Sovet qo'shinlari 1990-yildagi mustaqillik noroziliklarini bostirish paytida 150 ga yaqin ozarbayjonlikni ham o’ldirgan. Bu hodisa "Qora yanvar" voqealari deb ataladi.

SSSR parchalanganidan keyin Rossiyaning yordami Armaniston tomon o'tdi. Shunga qaramay, Rossiya-Ozarbayjon munosabatlari qisman Vladimir Putin va Haydar Aliyevning o'xshash boshqaruv uslublari tufayli mustahkamligicha qoldi.

Rossiyaning Armaniston bilan rasmiy ittifoqi uning Ozarbayjon bilan harbiy, energetika va madaniyat sohalarida integratsiyalashuviga to‘sqinlik qilmadi. Rossiya Ozarbayjonning asosiy qurol yetkazib beruvchilaridan biri va uning eng yirik yagona import manbai hisoblanadi.

Yevropa Ittifoqi Ozarbayjonning energiya eksportini Rossiya nefti va gazi oʻrnini bosadigan manba sifatida ko’rishga harakat qilgan boʻlsa, Ozarbayjon oʻzining Rossiya uglevodorodlari importini koʻpaytirdi. Bu esa Rossiyaga sanksiyalardan qochishga yordam berayotgani haqidagi tanqidlarga sabab boʻldi.

Ozarbayjon-Eron

Ozarbayjon 19-asrda Chor Rossiyasi tomonidan zabt etilishidan oldin Eron imperiyasining bir qismi bo'lgan va bugungi kunda bu ikki davlat shia musulmonlar ko'pchilikni tashkil etuvchi davlatlar hisoblanadi.

Biroq SSSRdan mustaqil bo'lganidan beri, asosan, dunyoviy va turkiyzabon Ozarbayjon Eron teokratik hukumatidan uzoqlashdi.

Eron, o'z navbatida, Ozarbayjon rahbarlarining "Katta Ozarbayjon" haqidagi so'zlaridan va 18 million etnik ozarbayjonlar yashaydigan Eronning shimoli-g'arbiy Eron Ozarbayjon viloyatiga muxtoriyat berish talablaridan norozi.

Eron qisman Armanistonni qo'llab-quvvatlagani tufayli Ozarbayjon Eronning mintaqadagi asosiy raqibi, Tog'li Qorabog' mojarosida ilg'or harbiy texnologiyalarning bosh yetkazib beruvchisiga aylangan Isroil bilan yaqin aloqalarni davom ettirdi.

Eron savdo va xavfsizlik sohasidagi yaqin hamkorlik orqali Isroil Ozarbayjon bilan chegaradosh hududdan Islom Respublikasiga hujumlar uyushtirish uchun maydoncha sifatida foydalanishidan xavotirda.

Ozarbayjon 2012-yilda Eron nomidan mamlakat ichidagi AQSh va Isroil nishonlariga hujum uyushtirganlikda ayblab, 22 kishini hibsga olib, qamoqqa tashlagan edi.

Eron, shuningdek, Ozarbayjonni oʻzining Naxichevan anklaviga bogʻlovchi “Zangezur yoʻlagi” qurilishiga toʻsqinlik qilmoqda, chunki bu Eronning Armaniston bilan chegara aloqasini uzib qoʻyadi.

Eron-Turkiya

Sunniy Usmonli imperiyasi va Shia Fors imperiyasi asrlar davomida raqib bo'lib kelgan va Kavkaz mintaqasi asosan bu ikki kuch o'rtasidagi to'qnashuvlar tufayli shakllangan.

Birinchi jahon urushi natijasida zamonaviy turk va Eron davlatlarining paydo bo'lishi 20-asrning ko'p qismida o'zaro hamkorlik davriga to'g'ri keldi.

Bu 1979-yilgi Eron inqilobi bilan o'zgardi, shundan so'ng Eron Turkiya yetakchi a'zosi bo'lgan AQSh va NATOning dushmaniga aylandi.

Eron Turkiyada NATOning raketaga qarshi mudofaa tizimi joylashtirilishiga keskin norozilik bildirdi. Eron bu tizimni Isroilning kelajakdagi hujumidan o’zini himoya qilish imkoniyatlarini cheklaydi, deb hisoblaydi.

Ikki hukumat Suriya kabi mintaqaviy mojarolarda tez-tez qarama-qarshi tomonlarni egallab keladi. Eron Bashar al-Assad hukumatini, Turkiya esa Ozod Suriya armiyasi va boshqa isyonchi guruhlarni qo'llab-quvvatlagan.

Eronga ko’ra, Turkiyaning Suriya shimolidagi harbiy hujumlari suveren davlat hududini buzishdir. U, shuningdek, Turkiya hukumatining panturkizm va Eron Ozarbayjoniga nisbatan daʼvolarni ilgari surayotganini keskin qoralaydi.

Shunga qaramay, ikki davlat ba'zi xavfsizlik masalalari bo'yicha hamkorlik qilgan. Masalan, har ikki davlatda katta miqdorda kurd jamoalari yashaydi va ular tomonidan separatistik harakatlar tahdidi mavjud.

Qo'shnilar o’zaro savdoni ham davom ettirmoqda. Turkiya o'z tabiiy gazining deyarli uchdan bir qismini Erondan import qiladi.

Turkiya Eron neftini xarid qilishni to‘xtatib, AQSh sanksiyalariga rioya qilgan bo‘lsa-da, uning hukumati ochiqchasiga sanksiyalarga qarshi chiqdi va ularni bekor qilishga chaqirdi.

Eron-Rossiya

Rossiya imperiyasi 19-asrdan boshlab Erondan Kavkaz mintaqasining katta qismini tortib oldi.

Ikkala jahon urushi paytida ham neytral Eron ham Rossiya, ham Angliya tomonidan bosib olingan va Ikkinchi jahon urushidan keyin SSSR Shimoliy Erondagi kurd va ozarbayjon separatistik davlatlariga, diplomatik bosim ularni chekinishga majbur qilgunga qadar, homiylik qilishga uringan.

Sovuq urush davrida Eron shohi AQShning antikommunistik ittifoqchisi edi.

1989-yilgi inqilobdan keyin islomiy hukumat ham sovet mafkurasiga dushmanligini e’lon qildi va SSSR Eron va Iroq o’rtasidagi sakkiz yillik urush davomida Bag’dodga homiylik qildi va uni qurollantirdi.

Biroq kommunizm qulagandan keyin munosabatlar sezilarli darajada yaxshilandi. G‘arb sanksiyalari sabab paydo bo‘lgan bo‘shliq tufayli Rossiya Eronning asosiy qurol yetkazib beruvchisiga aylandi va ikki davlat Xitoy bilan birga qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.

Eron va Rossiya Suriyadagi Bashar al-Assad hukumatini qattiq qo‘llab-quvvatlagan va Eron Ukrainaga bostirib kirishi chog‘ida Rossiyaga raketa va uchuvchisiz samolyotlar yetkazib bergan.

Har ikki davlat Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a'zo va Eron Rossiya boshchiligidagi Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqi bilan erkin savdo shartnomasiga ega.

Eron-Gruziya

Gruziya va Eron uzoq va murakkab tarixga ega. Gruziyaning bir qismi ba'zida Fors hukmronligi ostida bo'lgan.

Biroq Eronning Rossiya bilan ittifoqi tufayli ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar nozik tus oldi.

2008-yilgi Rossiya-Gruziya urushi paytida Eron Rossiyaning harakatlarini himoya qildi, lekin Abxaziya va Janubiy Osetiyaning separatistik hududlarini tan olishda Rossiyaga qo'shilmadi.

O‘shandan beri Gruziya va Eron energiya va savdo sohasida hamkorlikni chuqurlashtirdi. Eron Yevropaga tranzit yo‘li sifatida Gruziyadan manfaatdor.

Gruziyada bir necha ming eronlik, jumladan, islomiy rejimdan qochgan dissidentlar ham yashaydi.

Gruziya-Turkiya

Gruziya Turkiya va Ozarbayjon bilan strategik mintaqaviy sheriklikning bir qismi boʻlib, qoʻshma infratuzilma loyihalarida oʻrta boʻgʻin boʻlib xizmat qiladi.

Turkiya oʻzining boʻlginchi hududlariga qarshi Gruziyaning hududiy yaxlitligini qoʻllab-quvvatladi va Gruziya NATOga integratsiyaga intilishi doirasida Turkiya bilan aloqalarini chuqurlashtirdi.

Hozirda Turkiya Gruziyaning eng yirik savdo sherigi va Batumi kabi Gruziya shaharlari uchun turizm va sarmoyaning asosiy manbai hisoblanadi. Shu bilan birga, Turkiyaning Usmonlilar davrini ulug'lashi va uning Gruziyadagi ta'siri kuchayishi ba'zan mahalliy aholining noroziligiga sabab bo'ldi.

Turkiyada gruzinlar jamoasi ham yashaydi.

Gruziya-Rossiya

Rossiya va Gruziya 1801-yilda Gruziyaning bir tomonlama anneksiya qilinishidan oldin ikkita pravoslav nasroniy xalqi sifatida ittifoqchi bo'lgan.

1917-yilda Rossiya imperiyasi parchalanganidan so‘ng, bolsheviklar Gruziya suverenitetini tan olgan shartnoma tuzdi va rasman mamlakat uch yil mustaqil bo’ldi. Ammo Rossiyaning yangi bolsheviklar hukumati uni qayta bosib oldi.

SSSR parchalana boshlagach, Gruziyaning milliy mustaqillikni tiklashga urinishlari kuchaydi. Ayni paytda uning Abxaziya va Janubiy Osetiya mintaqalaridagi separatistik harakatlar mamalakat yaxlitligiga raxna soldi. Bu hududlarning har ikkisida gruzin bo'lmagan aholi yashaydi.

Rossiya oʻzini betaraf vositachi sifatida koʻrsatgan boʻlsa-da, uning harbiylari boʻlginchilar foydasiga aralashdi va shundan beri tinchlikparvar amaliyot niqobi ostida Gruziyada harbiy kuchlarini saqlab kelmoqda.

Rossiya avvalroq Gruziyani Chechenistondagi bo‘lginchilarni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan edi.

2003-yilda Gruziyadagi atirgullar inqilobi yuz berishi ortidan aloqalar yanada yomonlashdi.

Ommaviy norozilik namoyishlari orqali avtokratik rahbarning lavozimidan chetlatilishi, yangi prezident Mixail Saakashvilining g'arbparast qarashlari va NATOga a'zolikni ta'minlashga intilishi Rossiya hukumatini g’azablantirdi.

Harbiy taranglik ortidan Gruziya 2008-yilda o'z hududlari ustidan nazoratni tiklash harakatini boshladi. Bu esa Moskva kuchlarining bostirib kirishi va Rossiyaning bo'lginchi davlatlarni rasman tan olishi bilan yakunlandi. Shu bilan birga, ikki mamlakat o’rtasida diplomatik aloqalar to’xtatildi.

Oxirgi yillarda savdo va turizmda biroz normallashuv kuzatildi va hukmron "Gruziya orzusi" koalitsiyasi Rossiya bilan to'g'ridan-to'g'ri qarama-qarshilikdan qochib, Yevropa integratsiyasi tomon mo’tadil yo'nalishni boshqarishga harakat qildi.

Gruziya Ukraina bosqinini qoralagan bo'lsa-da, uning hukumati Rossiyaga qarshi ikki tomonlama sanksiyalar qo'llash chaqiriqlariga qarshilik ko'rsatdi.

Gruziya urushdan qochgan ruslar va ukrainaliklar uchun asosiy manzillardan biri.

Rossiya-Turkiya

Rossiya va Usmonli imperiyalari Birinchi jahon urushigacha ko'plab o’zaro urush olib borgan.

Yangi millatchi Turkiya hukumati oʻzining dastlabki yillarida Sovet Ittifoqi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan boʻlsa, keyinchalik Turkiyaning Dardanel va Bosfor boʻgʻozlarini nazorat qilish borasidagi kelishmovchiliklar uni Gʻarbiy lagerga olib kirdi va 1952-yilda NATO a’zosiga aylantirdi.

SSSR parchalanganidan beri Rossiya va Turkiya o'rtasida murakkab munosabatlar mavjud.

Turkiya NATO aʼzosi boʻlib qolmoqda va koʻpchilik musulmon va turkiyzabon boʻlgan sobiq Sovet davlatlarida Rossiya taʼsiriga muqobil kuch hisoblanadi.

Turkiya va Rossiya Suriyadagi fuqarolar urushidagi qarama-qarshi tomonlarni qo‘llab-quvvatladi, natijada rus bombardimonchi samolyoti turk kuchlari tomonidan urib tushirildi va Rossiya elchisi Anqarada xizmatdan tashqari politsiyachi tomonidan o‘ldirildi.

Keskinlik kuchayishi va sovuq munosabatlar ortidan prezidentlar Putin va Erdo‘g‘on aloqalarni normallashtirish va hatto yaxshilash uchun qadamlar tashladi.

Turkiyaning Rossiyada ishlab chiqarilgan “S-400” havo mudofaa tizimini sotib olishi NATO ittifoqchilari tomonidan keskin tanqid qilindi va natijada AQSh Turkiya mudofaa sanoatiga qisman sanksiyalar kiritdi.

Turkiya, shuningdek, Rossiya-Ukraina urushida vositachi bo'lib, Qora dengiz don tashabbusi bo'yicha muzokaralarda yordam berdi. Biroq Rossiyaning energiya importiga qaramligini bahona qilib, sanksiyalarni qo‘llashga qarshilik ko‘rsatdi.

Tamom

Mualliflar

Matn muallifi: Alex Gendler

XS
SM
MD
LG