Breaking News

Rossiyada prezidentlikka da'vogarlar Putinni tarixiy xatolarda ayblamoqda


Rossiyada prezidentlikka ko'z tikkan liberal Boris Nadejdin, Moskva, 11-yanvar, 2024
Rossiyada prezidentlikka ko'z tikkan liberal Boris Nadejdin, Moskva, 11-yanvar, 2024

Liberalizmni himoya qilib tanilgan Boris Nadejdin Rossiya prezidenti bo'lish niyatida. Uning nazarida Prezident Vladimir Putin Ukrainaga urush ochib, tarixiy xatoga yo'l qo'ygan.

Nadejdin bu borada urush qatnashchilarining oilalari bilan muloqotda aytgan.

Uning aytishicha, Rossiya farzandlari qo'shni davlat hududida bekorga qon to'kmoqda, jonlarini keraksiz mojaroga boy bermoqda.

Nadejdin askarlarni vatanga qaytarishni va'da qilayapti. Uning "Fuqaro tashabbusi" deb nomlangan harakati partiya emas va parlamentdan joy olmagan.

Nomzodlik uchun unga quvvatlovchilardan 100 ming imzo kerak. Uzoq yillik yakkahokimni yutish uchun maydonga chiqayotgan Nadejdinga ko'plar ishonqiramay qaramoqda, chunki ular fikricha, Putinning yutishi oydek ravshan.

Nadejdin Rossiya qanday rahbar qo'lida ekanini bila turib, o'zini o'tga otmoqda, deydi kuzatuvchilar.

Ukraina hukumatiga ko'ra, Rossiya harbiy amaliyotlarni kengaytirishni rejalamoqda.

Boltiqbo'yi davlatlariga safar qilgan Prezident Volodimir Zelenskiy deydiki, urushdagi tanaffus aslida Kremlning foydasiga ishlaydi, chunki kuch yig'ishi kerak.

Prezident Volodimir Zelenskiy Estoniyada, 11-yanavr, 2023
Prezident Volodimir Zelenskiy Estoniyada, 11-yanavr, 2023

Zelenskiy G'arbdan yordam kutmoqda. AQSh Kongressi yangi paketlarni hali ma'qullamagan. Oq uy yaqin orada masala hal bo'ladi, degan umidda.

Urush boshlanganiga ikki yil bo'layapti. Kiyev shu paytgacha chetdan yuzlab milliard dollar miqdorida harbiy va noharbiy madad oldi.

Endilikda mamlakat qurol-aslahani ishlab chiqarishni oshirmoqchi va bu borada ham G'arbdagi quvvatlovchilariga tayanmoqda.

Estoniya, Litva va Latviya Ukrainaga hamdard va madadkor, ammo o'zlari ham Rossiya agressiyasidan xavotirda.

Uchala respublika Ikkinchi jahon urushida SSSR tomonidan bosib olingan. Ular 2004-yilda NATOga kirgan va shu tariqa AQSh va uning ittifoqchilari himoyasi ostida.

Ukraina rahbari bu hafta Litva rahbariyati bilan ham muloqot qildi, Vilnyus, 10-yanvar, 2024
Ukraina rahbari bu hafta Litva rahbariyati bilan ham muloqot qildi, Vilnyus, 10-yanvar, 2024

"Demokratik davlatlar Ukraina tarafida va Ukraina bu urushda g'alaba qilishini xohlaydi", - deydi Estoniya rahbari Alar Karis.

"Bu mojaro Yevropadagi so'nggi urush bo'lishi kerak. Biror davlat qo'shnisiga buyruq bermasligi kerak. Biror davlat o'z maqsadiga erishish uchun boshqasiga raketa, dron va boshqa qurollarni ishga solib, uning xalqini o'ldirmasligi kerak".

Bayden ma'muriyati bu yil Ukrainaga ulkan harbiy ko'mak va'da qilgan.

Yevropa Ittifoqi ham katta miqdorda qurol-aslaha uzatishga so'z bergan, ammo hozircha uning bir qismi yetkazilgan xolos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG