Breaking News

Putindan NATOga ogohlantirish: Ukrainaga qo'shin jo'natmang


Rossiya Yevropaga yadroviy urush bilan tahdid qilmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:58 0:00

Prezident Vladimir Putin 29-fevral kungi murojaatida NATO Ukrainaga qo’shin jo’natgan taqdirda Rossiya yadroviy raketalar bilan javob berishi mumkinligini aytdi.

Putinga ko’ra, Ukrainada urush boshlanishiga G’arb aybdor; Rossiyaning Yevropaga bostirib kirishiga doir vahimalar bo’rttirilgan. Yaqindan boshlab esa NATO kontingentini Ukrainaga jo’natish haqida ham gapirila boshlandi.

“Yevropa davlatlari hududidagi nishonlarni yo’q qiluvchi qurollarga egaligimizni ular tushunishi kerak”, - dedi Putin 29-fevral kuni rossiyaliklarga murojaatida.

Avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron G'arb davlatlari Ukrainaga yordam berish uchun qo’shin jo’natishi ehtimoli borligini ta'kidlagan edi.

Garchand, Yevropa Ittifoqining aksariyat davlatlari Ukrainaga askar jo'natish g'oyasini rad etib chiqishgan, bunday qarorda emasliklarini ta’kidlashgan bo’lsa-da, Makronning bu bayonoti jiddiy munozaralar qo’zg’adi, Rossiya va NATO bevosita to’qnashishi ehtimolini kuchaytirdi.

AQSh, Germaniya, Italiya, Polsha kabi NATOning yirik a’zolari Ukrainaga qo’shin jo’natilishi ehtimolini rad etib chiqishgan. Makronning bu bayonoti asosan Boltiqbo’yi davlatlari tomonidan nisbatan qo’llandi, shunda ham agar alyans doirasida kollegial qarorga kelinsa.

NATO bosh kotibi alyans Ukrainaga qo’shin jo’natmasligi, ammo a’zo davlatlarning mustaqil qarorlari bundan istisno ekanligini bildirgan edi.

Prezident Volodimir Zelenskiy Makronning so’zlarini to’liq olqishlab chiqmagan bo’lsa-da, u buni Yevropa Ittifoqi tahdid miqyosini anglayotgani bilan izohladi.

Harbiy ekspertlar Fransiya prezidentining bayonotini turlicha talqin qilishmoqda. Ayrim qarashlarda bu bayonot Yevropa Ukraina himoyasida qat’iy ekanligining ifodasi sifatida talqin qilinayotgan bo’lsa, boshqa bir qarashlarga ko’ra, Ukraina frontidagi vaziyat Yevropani shunday tanlov bilan to’qnashtiradi, Rossiya va NATO o’rtasida urush boshlanishi ehtimoli yaqin. Bu to’qnashuv esa yadroviy qurollarsiz kechmaydi.

Buni Putinning murojaatidan ham anglash mumkin. Putin Rossiyaning yadroviy qurollari to’qnashuvga shayligi, gap dunyo taraqqiyotini yo’q qiluvchi yadroviy urush haqida borayotganini bildirdi.

Prezident Makronning chaqirig’i Yevropa davlatlarida keskin e’tiroz uyg’otgani hisobga olinsa, NATO qo’shinlari yoki mustaqil tarzda Yevropaning biror davlati o’z armiyasini Ukrainaga kiritishi ayni paytda haqiqatdan uzoq ko’rinadi.

Rus armiyasi front bo’ylab siljishlar qilayotgan bo’lsa-da, Ukraina armiyasi mudofaani ushlashning uddasidan chiqyapti. Avdeyevka shaharchasi boy berilishidan keyin front chizig’ida jiddiy siljishlar kuzatilgani yo’q.

Ammo vaziyat ukrain armiyasi uchun ancha og’ir baholanadi, qurol-aslaha yetishmasligi janglar taqdiriga, qurolli kuchlardagi umumiy vaziyatga ham o’z ta’sirini ko’rsatmoqda.

Prezident Zelenskiy urushga ikki yil to’lishi munosabati bilan katta matbuot anjumani o’tkazdi, frontdagi vaziyatga, urush istiqboliga baho berdi. U Ukraina 2024-yilda hujumga o’tishini ham ehtimol qildi.

Bu konferensiyada Zelenskiy urushdagi qurbonlar sonini tilga oldi. Ukraina ikki yildan buyon buni ochiqlamay kelayotgan edi. Zelenskiyga ko’ra, ikki yil davomida Ukraina qurolli kuchlaridan 31 ming kishi halok bo’lgan. Bu Rossiya armiyasi yo’qotishidan besh barobar kam.

Ammo Zelenskiyning bu ma’lumoti ukrain jamoatchiligi, jumladan harbiy ekspertlar tomonidan shubhali kutib olindi. Bu shubhalarga ko’ra, Ukraina qurolli kuchlaridan yo’qotishlar prezident aytayotganidan ancha ko’p.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG